Mendan qanday qilib Allohga etishish mumkin deb so'raysan. Men aytamanki, agar Allohga etishgan zotlarning siyratiga boqsang, ularni faqatgina mutloq taslim bo'libgina etishganini ko'rasan.
Alloh taolo Nuh alayhis salomni kema yasashga amr qilganida Nuh alayhis salom: “Sahroda kema yasash nega kerak, ey Robbim?!”, demasdan buyruq berilishi bilan yasashga kirishib ketdilar.
Ibrohim alayhissalomga Alloh o'g'illarini qurbonlik qilishni amr qilganida u zot: “Otaning o'z o'g'lini so'yishida nima hikmat bor?!”, demasdan buyruq berilishi bilan ishga kirishdilar.
Alloh taolo Muso alayhissalomning onalarini chaqaloqni daryoga tashlashga amr qilganida u kishi: “Bundan boshqa bexavotirroq yo'l yo'qmi?!, demasdan birdaniga buyruqni bajarishga kirishganlar.
Ibrohim alayhis salom Hojar va uning go'dak o'g'lini quruq sahroga bir xalta xurmo va bir mesh suv bilan tashlab ketayotganlarida Hojar: “Bu ishga sizni Alloh amr qildimi?”, deya so'radilar. Ibrohim alayhis salom: “Ha!”, dedilar. Shunda Hojar: “Unday bo'lsa ketavering. Alloh bizni zoye qilmaydi”, dedilar.
So'ngra zamon aylandi. Alloh taolo Nuh alayhissalom kemani yasab bitirishlari bilan to'fon jo'natdi. Ibrohim alayhissalomga qurbonlik qilayotgan o'g'illari o'rniga jannatdan qo'chqor jo'natdi. Maqsad bolani so'yish emas edi. Allohdan o'zgaga bog'lanib qolishni so'yish edi. Daryo esa Fir'avnni o'ldiradigan chaqaloqni Fir'avnning xonadonida voyaga etishi uchun etkazib beruvchi xodim vazifasini bajargan edi xolos. Hojar va uning bolasi tashlab ketilgan joy bugun qariyb ikki milliard musulmon talpinadigan Makka shahridir. U er toki qiyomatga qadar musulmonlar qiblasiga aylandi.
Do'stim! Agar etishmoqchi bo'lsang tafsilotlarga kirishmasdan Unga itoat qilaver. Alloh istagan narsada Unga taslim bo'l, ana shunda U senga sen istaganni beradi!
Salomlar bo'lsin qalbingga!
Abdulqodir Polvonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Men padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman: «Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir o‘g‘illari bor edi. Uni hazrat qayergadir ilm tahsil qilish uchun yubordilar. U olim bo‘lib qaytdi. Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir majlislari bo‘lar edi. Majlisga hazratga yaqin kishilar kelardi. Hazrat ularga nasihat qilib turardilar. O‘g‘illari kelganida, hazrat unga: «Birodar, sen butkul yangi ilm hosil qilib kelgansan, bugun ularga sen va’z qil», dedilar. U judayam tetik edi.
Hazratning taklifini bajonudil qabul qildi. Majlis hali jam edi. U va’z aytdi. Odamlar tinglayverdilar, tinglayverdilar. Lekin ta’sirlanmadilar. Oddiy bir olimning gapini eshitdilar. Shundan keyin hazrat tashrif buyurdilar va o‘tirib, bor-yo‘g‘i shunday bir jumla aytdilar: «Birodar, biz bugun ro‘za tutishni iroda qilgan edik. Kechasi saharlikda ichamiz deb sut saqlab qo‘ygan edik. Lekin taqdirni qarangki, mushuk sutni ichib ketdi va biz ro‘za tuta olmadik».
Bor-yo‘g‘i shu gapni aytdilar. Gaplari qattiq ta’sir qildi. Keyin hazrat o‘g‘illariga bunday dedilar: «Qara, sen soatlab va’z qilding. Ularga hech narsa qilmadi. Men bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapirdim, odamlarning qalblariga ta’sir etdi. Sen ilm o‘rganib kelding. Lekin endi qalb dardini paydo qil, qalbingni Allohga qaytarishga, ya’ni bog‘lashga harakat qil. Keyin sening bir so‘zing, u fasohatli-balog‘atli bo‘lsa-bo‘lmasin farqi yo‘q, odamlarning qalblariga, ruhiyatlariga ta’sir qiladi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan