Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Fevral, 2026   |   11 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:00
Peshin
12:41
Asr
16:28
Shom
18:16
Xufton
19:28
Bismillah
28 Fevral, 2026, 11 Ramazon, 1447

Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (5-qism)

09.01.2021   2195   8 min.
Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (5-qism)

(Davomi, 1-qism2-qism3-qism, 4-qism) 

Sokinlik – sirli xilqat. Ummonlarga xos bir umumiyat bor: suv havzasining tubi qancha chuqur bo'lsa, sathi shunchalik tinch, osoyishta bo'ladi. Vaholanki, u bag'ridagi mislsiz tug'yonlar, to'fonlarni yashirib yashaydi. Muftiy hazratning xizmatlarida bo'lganimda, u kishining tabiatida ham ana shunday manzarani kuzatganman. Hazrat xokisor, kamtar, g'azabi uncha-munchaga chiqmaydigan, kechirimlik va gina-kuduratdan anchagina xoli fazilatlarga ega inson ekanliklariga hayotiy misollar asnosida amin bo'lganman. 

Men hazratni ulkan bir mevali daraxtga o'xshataman. Ba'zida daydi shamolar bukmoqchi bo'lib shovullaganini, to'fonlar tag-tomiri bilan qo'pormoqchi bo'lib, dovul qoqqanining guvohiman. Har xil qushlar og'ushida in qo'yib, qo'nalg'a qurganlarini so'ng mevalarini cho'qib, shoxlariga ozor berganlariga shohid bo'lganman. Hazrat bir silkib barisini egnilaridan to'kib tashlasalar bo'lardi, biroq bunday qilmasdilar. “Chin taqvo botqoqdagi nilufar gulga qiyos: atrofing balchiq bo'lsa-da, o'zingni pok saqlay bilmog'ing darkor”, der edilar. U kishining sha'niga qanchadan-qancha tuhmatlar, asossiz bo'htonlar to'qimadilar deysiz. Mish-mishlar tarqatishdi. G'arazlarini g'aram qilib uyushdi. 

Taajjub, hazrat shundoqqina tegrasida kechayotgan mana shu nohaqliklarga aslo e'tiborsiz yurar edilar. Mening sabrim chidamas, buning ziddiga biror-bir chora ko'raylik, deb qabullariga bir necha bor kirganman. Ammo u kishi menga dalda berib, shoshqaloq turgan hislarimni sokinlikka undar: “Dilmurodjon, hammasidan xabarim bor, qo'ying, qizishmang, Alloh kifoya qilsin!” deb qo'yar edilar. O'q otganga o'q otish, yo'qotmoqchi bo'lgan kaslarni yo'qotish fikrida yiroq edilar. Alloh o'z hifzu himoyatida tutsin sizni, hazrat!

Rahmatli Anvar qori hazratni benihoya hurmat qilar, u kishining zohirida har kim ham ilg'amaydigan bir shu'la, nur taratib turadi, deb gapirib yurardilar. Hazrat jamoat joylarida sokin, mulohaza va tafakkur og'ushida o'tirardilar. Atroflarida kazo-kazolar, turli darajadagi rahbar xodimlar eshonbobo yoki hazrat, deb qo'l berib ko'rishganlarida, iddaolari bo'lsa,  xizmatlariga shay ekanliklarini bildirib, iltifot ko'rsatib, mulozamat qilgan vaqtlarida ham hazrat markazdagi mavqeidan g'ururlangan emaslar. Nim tabassum bilan, bosh irg'ab qo'yardilar, xolos.  Bu holatni ta'riflab Anvar qori bir mashvaratda: “Dilmurod, hazratdagi bu sokinlik, salobat, ruhiy xotirjamlik – ilohiy, u har kimga ham berilmaydi” deganlari hamon yodimda. Misrda o'qigan paytimda o'sha paytdagi Azhar shayxi Jodul Haq Ali shunday ehtiromga muyassar bo'lganlarini ko'rganman. Basharti, ulug'larimizdan ulug'lanish ulgusini olaylik, azizlar.  Odamiylik sifatlarini o'rganaylik – buning uchun esa ularni o'zimizdan uzoqlashtirish yo'lini emas, o'zimiz ularga yaqin bo'lish yo'lini tutishimiz darkor. Mana shu haqiqatni unutmaylik.

Gohida ba'zi mo'minlar, ahli ilmlar  haqida noloyiq gaplarni gapirib yuborishadi. Bu illat qon-qonimizga singib ketgan qusur ekanini, unga qarshi har bir kishi o'zi bilan o'zi kurashmog'i lozimligini avvalboshda gapirib o'tgan edim. Illatni o'zimizdan itarishning eng maqbul yo'li Qur'oni karimga yondoshuvdir. Dinimiz talablariga iloji boricha amal qilish, xoh iqtisodiy, xoh ijtimoiy sohada bo'lsin, savdo-sotiq, madaniyat yoki ma'rifat yo'nalishida bo'lsin, halollik, parhezkorlikni saqlashga, namoyishkorlikdan tiyilishimiz lozim. Har qancha yaqin va ravon bo'lmasin, hasad ko'chasidan yurmaganimiz ma'qul. Burungi paytlarda buning imkoni yo'q edi. Muqaddas bu kitobga oshno bo'lish, avaxtadagi mahkumga qo'shni bo'lish bilan teng tushuncha hisoblanardi.

Bugun esa ahvol tamoman boshqacha. Qahratonning qahri yumshadi. Bir asrdan ortiqroq vaqt mobaynida dinimiz uchun bugungiday erkinlik zamoni bo'lmagan. Qur'oni karim, tarix, tafsir, hadis, fiqh – bularni o'rganamiz desak, shundoqqina kaftimizda turibdi, monelik yo'q. Bir paytlari biror-bir murakkab masalaga duch kelsalar yo'l yurib, uzoq masofa bosib ulamolarni axtarishgan. Sahobalar diniy ta'limotni yoyish uchun jonlarini jabborga berib, ter to'kkanlar. Hozir-chi, er yuzasining istalgan joyida o'qib-o'rganish, amallarga rioya etish, ibodat amallarini to'la-to'kis ado etish imkoniyati mavjud. Illo, dinimizning mag'zi ham ibodat emasmi? Alloh taolo ibodatni hammasidan afzal qo'ygani haqiqat–ku? Axir eslaylik: Payg'ambar alayhissalomning hayotlaridagi oxirgi vasiyat “namoz, namoz” so'zlari emasmidi? Qaysidir yurtdoshimiz,  namoz o'qishni idrok etib, bomdod vaqtidan istalgan masjidga kirsa-yu va xufton namozigacha ibodatini qilsa, biror kishi bormikin, masjiddan chiqib ket, degan? Baralla aytish mumkin, yo'q! Shunday kunda o'zini o'ylash, ibodat va ilmni ko'chaytirib, Allohga qurbat qilish kerak emasmi? Qaysidir ahli ilmni gapirib yurish yoki bir-birlari bilan tortishish, munozara gohida janjallar bilan erishmoqchi bo'lgan "xizmat"imizga Allohning ehtiyoji bormi? Rag'bati-chi? O'y-fikrlaringni aytmoqchi, tushuntirmoqchi bo'lsang, qo'pollik  bilan “jim”,  "bas" deyishib, hatto adashganga chiqarib janjal boshlashadi. Vaholanki, oddiy bir sukutda qancha hikmat bor!

90-yillarda Toshkentga kelganman. O'sha paytda mashhur imomning bir ma'ruzasini eshitganman. Juda notiq, olim inson edi. To'qson daqiqalik kassetaning eng ta'sirli joyi hali ham yodimdan ko'tarilmagan, hozirgacha qulog'im ostida jaranglaydi. Bir sahobiy jang payti "La ilaha illalloh" degan odamni o'ldirib qo'yadi. Rasululoh sollallohu  alayhi  vasallam unga: "La ilaha illoloh", desa ham o'ldirdingmi?”  deganlarida, u sahobiy: "Bu kalimani u qo'rqqanidan, o'limdan qutulib qolish uchun aytdi" deydi.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunda: "Sen uning qalbini yorib ko'rdingmi?" deb qattiq tanbih beradilar. Notiq inson bo'lganidan shunchalik tushuntirgan ediki, o'shani eshitganimdan beri musulmonning zohiri tugul, botiniga biron-bir yomon narsani aytmayman. Bu axir sir – Allohdan boshqa zot bilmaydigan jarayon. Shunday ekan, bilmagan narsalarimiz haqida munosabat bildirishdan tiyilganimiz ma'qul. Zotan, shunday insonlar borki juda ko'p ezgu amallarini xufyona tarzda bajaradilar. Olamga jar solmaydilar. Alloh bilsa bas, deydilar! Mana shu tarzdagi amallarga savob bisyor, aslida. Ba'zilari esa boshqalarga ibrat bo'lsin, deb qilgan ishlarini oshkor qilishadi. Bundan ko'zlangan asl maqsad oxiratda Allohning huzuriga yorug' yuz, haqiqiy banda bo'lib borish. Va hech kim Alloh kimning amalini olqishlashini bilmaydi, bu uning o'zigagina ayon! Mag'firatidan va mukofotidan mosuvo qilmasin ilohim, omin!
***
Hayrulla Hamidovni tanimaydiganlar yurtda kam bo'lsa kerak. E'tiqodi mustahkam, qanchalab insonlarni hidoyatiga sabab bo'lgan, dinimiz ahkomlarini ta'sirli so'z va notiqlik mahorati bilan sodda va ravon, ta'sirchan alfozda tushuntirish qobiliyatiga ega u. Gap-gashtaklarda birga o'tirib qolsak, uni ko'proq tinglashga harakat qilaman. Gaplari ifodali, tashbih va istioraga boy. Suhbat qursak, muloqoti fasohat va did bilan ziynatlangan bo'ladi. Bir kuni TV da "Shedevr" nomli ko'rsatuvini tomosha qilib qoldim. Italiyalik mashhur futbolchi Roberto Badjo haqida gapirdi. U Yevropada yashaydi. Dini boshqa, mentaliteti o'zga, urf-odati, axloqiy qarashlari va odob mezonlari biznikidan tamoman farq qiladi. Biroq u mana shu insonning odamiy va jismoniy sifatlarini shunchalar ta'rifladiki: “Hayrulla hozir Badjoni masjiddan olib chiqadi”, degan xayolga bordim. Qarang, ifoda imkoniyatini: bir g'ayridinga mo'minlarni do'st, muxlis qilib qo'ydi.

Yuqorida imkon darajasida jonli misollar keltirib, hayoti va faoliyati bilan ko'pga ibrat bo'lib kelayotgan ustoz inson, hazrat Usmonxon Alimov haqida hikoya so'zladim. Maqsad, o'sib kelayotgan avlod bundan ibrat olsa, to'g'ri xulosa chiqarsa – iymonli, e'tiqodli, yaxshiliklar ortidan quvadigan avlod bo'lib ulg'ayishiga mittigina hissa qo'shish edi – niyatlarimizga etkazgay, inshaallloh!
 


Dilmurod Qo'shoqov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Istig‘forning 72 ta xislati

26.02.2026   10107   4 min.
Istig‘forning 72 ta xislati

 ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

Kalomulloh – Qur’oni karimning muborak oyati karimalaridan va

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan

       ISTIG‘FOR ning 72 ta XISLATI:

 

  1. Alloh taologa itoatgo‘y banda istig‘for aytadi.
  2. Istig‘for aytgan banda payg‘ambarlar, solihlar yo‘lidan yuradi.
  3. Istig‘for aytuvchi odam imon halovatiga erishadi.
  4. Istig‘for bandani gunohlardan poklaydi.
  5. Istig‘for aytuvchining gunohlari savobli ishlarga almashtiriladi.
  6. Istig‘for aytuvchiga ne’matlar ko‘paytirib beriladi.
  7. Istig‘for bandaning ikki dunyoda ham martabasini ko‘taradi.
  8. Istig‘for baxt-saodat olib keladi.
  9. Istig‘for tufayli istig‘for aytuvchi ham, atrofdagi odamlar ham buzuqliklardan poklanadi.
  10. Istig‘for yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘ladi.
  11. Istig‘for mol-dunyoga baraka kiritadi.
  12. Istig‘for aytuvchi inson farzand ne’mati bilan siylanadi.
  13. Dehqonchilik, chorvachilikdagi unumdorlik ham istig‘for aytish bilan uzviy bog‘liq.
  14. Istig‘for aytuvchi jahannamdan najot topadi.
  15. Istig‘for bandaning jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.
  16. Istig‘for Alloh taoloning rahmati tushishiga sabab bo‘ladi.
  17. Istig‘for tanani baquvvat qiladi.
  18. Istig‘for aytuvchi odamning hayoti farovon bo‘ladi.
  19. Istig‘for aytuvchiga yaxshiliklar ko‘paytirilib beriladi.
  20. Istig‘for inson ko‘nglini xotirjam qiladi.
  21. Istig‘for boshga tushgan balolarni daf etadi.
  22. Istig‘for bandani Alloh taologa yaqinlashtiradi.
  23. Istig‘for aytuvchi odam Alloh taoloning rahmat-marhamatiga sazovor bo‘ladi.
  24. Istig‘for banda holatini ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
  25. Istig‘for g‘iybatga kafforat bo‘ladi.
  26. Istig‘for shayton vasvasasini qaytaradi.
  27. Alloh taolo istig‘for aytgan bandani yaxshi ko‘radi.
  28. Istig‘for aytish Alloh taoloni xursand qiladi.
  29. Istig‘for g‘am-tashvishlarni ketkazadi.
  30. Istig‘for aytuvchi muammolaridan qutuladi.
  31. Istig‘for aytuvchi odam gunohlardan forig‘ bo‘ladi.
  32. Istig‘for aytuvchi muvaffaqiyat qozonadi.
  33. Istig‘for tashvishlarni aritadi.
  34. Ko‘p istig‘for aytuvchi odam kasallikdan to‘liq tuzalib ketadi.
  35. Istig‘for aytuvchi odam qiyinchilikdan farovonlikka chiqadi.
  36. Alloh taolo istig‘for aytuvchining mushkullarini oson qiladi.
  37. Yetib bo‘lmas marralarni istig‘for ila zabt etadi.
  38. Istig‘for ila dildagi vasvasalar yo‘qoladi.
  39. Istig‘for bilan qo‘rquvlar ariydi.
  40. Istig‘for bilan dilga quvonch kiradi.
  41. Istig‘for qalbga taskin beradi.
  42. Istig‘for ko‘ngilni xotirjam qiladi.
  43. Istig‘for tinchlik-xotirjamlik olib keladi.
  44. Istig‘for insonni sog‘lom qiladi.
  45. Istig‘for kasalliklarni aritadi.
  46. Istig‘for aytuvchi odam yorug‘ kunlarga erishadi.
  47. Istig‘for bilan inson orzusiga yetadi.
  48. Istig‘for aytuvchining dili yayraydi, ko‘ngli yoziladi.
  49. Istig‘for xursandchilik olib keladi.
  50. Istig‘for qalbni charog‘on, ruhni tetik qiladi.
  51. Istig‘for aytuvchining xotirasi kuchayadi.
  52. Istig‘for yuzni nurli qiladi.
  53. Istig‘for rizq kelishini osonlashtiradi.
  54. Istig‘for aytuvchining duosi qabul bo‘ladi.
  55. Alloh taolo istig‘for aytuvchining og‘irini yengil qiladi.
  56. Ko‘p istig‘for aytgan odam Qiyomat kuni nomai a’molini ko‘rib xursand bo‘ladi.
  57. Olamdan o‘tib ketgan ota-onalar farzandlari aytgan istig‘forlari tufayli jannatda eng yuqori martabalarga ko‘tarilishadi.
  58. Istig‘for odamni tushkunlikdan xalos etadi.
  59. Istig‘for hasrat-nadomatni, pushaymonni ketkazadi.
  60. Istig‘for qalbni tiniqlashtiradi.
  61. Istig‘for aytib yuruvchi odamga Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini ko‘rsatadi.
  62. Istig‘for aytib yuruvchi odamning Alloh taolo musibatlarini ko‘taradi.
  63. Istig‘for aytib yurgan bandaning Alloh taolo har qanday qiyinchiliklarini yengillashtiradi.
  64. Istig‘for aytib yuruvchi inson qashshoqlikka yo‘liqmaydi.
  65. Istig‘for aytuvchining ishlari yurishadi.
  66. Istig‘for er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilikni daf etadi.
  67. Istig‘for farzandlarni itoatli qiladi.
  68. Alloh taolo istig‘for aytib yurgan odamga kutmagan tarafidan ne’mat, rizq jo‘natadi.
  69. Istig‘for aytuvchi odamning rizqi ulug‘ bo‘ladi.
  70. Istig‘for aytuvchi odamning kasb-koriga Alloh taolo xayr-baraka beradi.
  71. Kim mo‘minlar haqqiga istig‘for aytsa, Alloh unga har bir mo‘min muqobilida bittadan hasanot yozib qo‘yadi.
  72. Istig‘for aytilgan xonadonga ilohiy fayzu xayr-baraka kiradi.

 

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalom tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon domla Inomov

 

Maqolalar