(Davomi, 1-qism, 2-qism, 3-qism)
Shavkat Mirziyoev prezidentlik lavozimida ish boshlaganlaridan keyin mo'min-musulmonlarning iymon e'tiqodlariga kattagina e'tibor va erkinlik berildi. Yurtboshimizning Samarqand viloyatiga qilgan tashriflari chog'i “Madaniyat va ma'rifat” telekanali orqali diniy-ma'rif yo'nalishda bir qator ko'rsatuvlar tayyorlash haqida topshiriq bergan ekanlar. Shu yig'ilishda qatnashgan muftiy hazrat ertasi kuni meni chaqirib: “Prezidentimiz shunaqa topshiriq berdilar, ijrosini ta'minlashimiz kerak”, – dedilar. Zudlik bilan ko'rsatuvlar loyihasini tayyorlashni buyurdilar. O'sha paytda idora kotibiyati boshlig'i Ulug'bek Sultonov edi. Mubashshir Ahmad domla esa matbuot bo'limida ishlardi. Loyiha ularga ma'qul keldi. To'rtta ko'rsatuv loyihasi tayyor bo'ldi: "Oltin silsila", "Qur'oni karimni o'rganamiz", "Bitiklar mutolaasi" va "So'ragan edingiz".
Loyiha hujjatlari bilan hazratning huzuriga kirdik. Loyihalarni tushuntirib, asosiy ish televideniye rahbariyatidan rozilik olish va dekoratsiya masalasida ko'mak so'rash lozimligini aytdik. Hazrat xursand bo'lib, shu kabi xayrli ishlar uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishlarini bildirdi. Ulug'bekka TV rahbariyatiga xat tayyorlash topshirig'ini berdilar. Unda ko'rsatuvlarni tasvirga olish uchun maxsus pavil'onlar qurish va boshqa barcha tashkiliy ishlar sarf-xarajati diniy idora tomonidan qoplanishi ko'rsatib o'tilishi lozimligini ta'kidladilar. Ish boshqaruvchi Rustamga esa hozirdan dekoratsiya ishlarini boshlash kerakligini uqdirdilar. Mubashshir domlaga har bir ko'rsatuvning ishtirokchilari va boshlovchiligiga nomzodlar ro'yxatini tuzish va tasdiq uchun taqdim qilish vazifasini yukladilar. Mubashshir domla hazratning huzuridan chiqqanlaridan so'ng, xursand bo'lib: “Hazrat naqadar xolis odam-a?” – deb mamnun bo'lgan edi.
Diniy idora tomonidan barcha ishlar bajarildi. Kompaniya rahbariyati bu ishga rozilik berdi. To'rttala ko'rsatuv bir muddat efir yuzini ko'rdi. U yurtimiz aholisiga qanchalik ma'rifat tarqatgani, bilim bisotlarini boyitgani ayni haqiqat.
***
Prezidentimizning tashabbusi bilan diniy idora mamlakat miqyosida, Qur'oni karimni o'qish musobaqasini tashkillashtirdi. Tuman bosqichi g'olibi viloyat bosqichiga, viloyat bosqichi g'oliblari respublika final bosqichida o'z mahoratlarini sinovdan o'tkazishlari rejalashtirildi. Tashkiliy qo'mita, hakamlar hay'ati tashkil etildi. Barcha musobaqa bo'ladigan joylar aniqlanib, dizayn asosida dekoratsiyalar qurildi. Qorilarning ovozlarini sifatli yozish uchun barcha qulayliklar muhayyo qilindi. Ba'zi joylarda muxlislar uchun musobaqani bevosita onlayn tarzida kuzatish imkoniyati yaratildi.
Hullas, musobaqa ko'tarinki va chiroyli o'tishi uchun barcha zaruriyatlar qilinib, boshlash sanasi ham belgilandi. Shu asno kaminada bir fikr – musobaqani televideniye orqali namoyish qilish g'oyasi tug'ildi. Zotan, shu yo'l bilan biz bir talay maqsadga erishamiz. Birinchidan, Qur'on tilovatidan millionlab muxlislar bahramand bo'ladilar. Ikkinchidan, televideniyening reytingi oshadi. Uchinchidan, konstitutsiyamizda vijdon erkinligi haqidagi erkinliklarimiz amalda ekanini namoyish etamiz.
Shu kabi takliflarimni muftiy hazratga aytganimda, xursand bo'lib, qilinishi kerak bo'lgan ishlar kimlarga bog'liqligini va qaysi telekanalda uzatsak, yaxshi bo'lishini so'radilar. "Madaniyat va ma'rifat" telekanalining ruhiyati musobaqaga tushishi va bu sohani tushungan malakali kadrlar borligini aytdim. Ertasi kuni tegishli joylardan ruxsat bo'lganini va ishni hozirdan boshlayverishim mumkinligini aytib, duo berdilar. Televideniye rahbariyati "Madaniyat va ma'rifat" telekanalida har kuni yigirma besh daqiqalik efir ajratdi va uni to'ldirish, sifati bo'yicha javobgarlikni bo'ynimga qo'ydi. Sharafli, savobli ayni paytda mas'uliyatli ish edi bu. Shuning uchun shaxsiy montaj stolimni ham TVga ko'chirdim, harna-da! Ibrohim degan namozxon, Qur'oni karimning tilovat qilinishini xush ko'radigan ukamiz bilan qorilarimiz tomonidan o'qilgan tilovatlarni efirga berishni boshladik.
Har kuni 6–7 soatlik material olardik. Uni eshitib, efirga loyiqlarni yana bir bor ko'rib, hakamlar tuzatgan joylarini to'g'rilab, Qur'oni karimga qarab, to'g'riligiga ishonch bo'lgandan so'ng efirga berardik. Tushunarsiz hollarda mashhurroq qorilardan so'rardik. Chunki bu jarayonni ahli ilmlar, ko'plab hofizi Qur'onlar kuzatib borayotgani bor gap edi. Qolaversa, Qur'oni karimga muhabbat hammasidan ustun edi. Tilovatlar ajoyib tarzda efirga uzatildi. Jarayon musobaqaning respublika bosqichi yakunlanguncha davom etdi. Olti oy teleekranda uzluksiz tilovat berildi. Tabriklar, tashakkurlar bo'ldi.
Bir kuni efirga mas'ullardan biri – Muqaddas singlimiz kaminaga minnatdorchilik bildirgan bo'lib, Qur'on tilovatini juda ko'p muxlislar tomosha qilayotganini, telekanal mutasaddilari va xodimlariga rosa savob yog'ilayotganini to'lqinlanib-to'lqinlanib gapirdi. Shunda men: “Muqaddas, buni biz tayyorlab efirga berayapmiz, xolos. Ammo bir narsani anglangki, kimdir shu ish ustida himoya bo'lib turmasa, bu narsa umuman efirga ketmasligi aniq. Qarshiliklar bo'lishi tabiiy, avvalo, Prezidentimiz tashabbusi, qolaversa, muftiy hazratlarining qat'iyatligi tufayli shu martabaga erishib turibmiz, dedim. Keyin duoga qo'l ochib, butun O'zbekiston xalqiga, mo'min-musulmon qavmiga rahnamo bo'lib turgan insonlar haqiga duoi xayrlar qildik.
Alloh ularning xizmatlaridan rozi bo'lsin!
***
Qur'oni karim oyatlarini to'liq yod olgan kishilarni elda qori, hofizi Qur'on, deb e'zozlashadi. Muborak hadislarda esa mana shu vazifani to'la ado etgan farzandning ota-onasiga ajr-mukofot borligi, bir qorini dunyoga keltirgan ota-ona boshiga ziyosi quyoshnikidan ham charog'on toj kiydirilishi marhamat qilingan.
Yuqorida nomini zikr etganim Ibrohim: “Dilmurod aka, qorilarning ota-onalari Allohning nazdida yuksak martaba tutar ekanlar-a, axir jannatda toj kiyishdek mukofotning bahosi bo'lmasa kerak, – deb qoldi. U bu gapni chin yurakdan, havas bilan so'zladi. Chunki Ibrohim namozga, ro'zaga haris yigit. Taqvosi takabburlikdan yiroq, ibodati namoyishkorlik g'arazidan xoli, o'zi kamsuqum, vijdonli inson ekanidan rahbarlar ham uning bu ishiga monelik qilmasdi. Ibrohimdagi mas'uliyat, ahloq-odob mo'minlik odati bo'lganidan televideniye ishlarini ham maromiga etkazib bajarardi. Uning yurishi, turishi boshqalar uchun ibrat edi.
– Ibrohim, – dedim uning savoliga javoban, – men ham diniy ta'lim olganman. Azhardek nufuzli universitetda o'qiganman. Qur'oni karimni yodlashga ko'p harakat qildim, biroq uddalay olmadim. Farzandlarimdan hofizi Qur'on chiqishini Allohdan duolar qilib so'rayman, so'rayapman. Umidim albatta bor. Bu iztirob va umidlar men va men kabi minglab ahli ilmlarning, mo'min-musulmonlarning qalbidagi eng buyuk orzu aslida. Orzular ro'yobini farzandlaring kamolida ko'rish – bundan ortiq baxt bo'lmasa kerak!
Mana shu so'zlarimning tasdig'i sifatida bundan o'n–o'n besh yillar avval sodir bo'lgan bir voqea yodimga tushdi. Ramazon oyi tarovih namozida Qur'oni karimning xatmi bo'ladigan kun. Hazrati Imom masjidida namozxonlar tumonat. Hatmni to'liq tasvirga olish uchun tasvirchi Fayzulloxon bilan ishni boshladik. Hatm tugagandan keyin duolar boshlandi. Masjid imomi, ustoz Karimulloh domla qorilar va ularning ota-onalari haqiga duolar qildi. Namozxonlar joyi kelgan vaqtida baralla “omin” deb turishardi. Fayzulloxon meni oldiga chaqirib, kamera ob'ektividan safning birinchi qatoriga e'tibor bilan qarashimni so'radi. Qaradim. Muftiy hazratning ko'zlarida yosh ko'rdim, yig'idan elkalari silkinib-silkinib ketayotganini ilg'ash qiyin kechmadi. Hazratni to'lqinlantirgan narsa nima ekanini darrov angladim. Ko'zlaridan sizib chiqayotgan yosh nimaning hosilasi ekanini his etdim. Bu – orzular ro'yobi edi. Axir, bugungi xatmi Qur'onni u kishining hofizi Qur'on farzandi – Ahmadxon ado etdi-da!
Bir hadis mazmunida Alloh rizosi uchun yig'lagan ko'z jahannam olovida yonmaydi, deb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xitobi bor edi.
Biz barcha qorilar va ota-onalariga bu martabalar muborak bo'lsin, deya bizlarga ham nasib bo'lishini Allohdan so'rab qolamiz.
(davomi bor)
Dilmurod Qo'shoqov
Inson o‘zini eng bexavotir, emin-erkin sezadigan maskani uning uyidir. U o‘z uyida boshqaning nazari tushishidan, gaplari eshitilib qolishidan xavfsiramay, aziyat chekmay yashashi kerak. Aks holda, uning uyidagi rohat-farog‘ati ketadi, halovati yo‘qoladi. Donishmandlarning: «Uying sig‘dirsin», ‒ deb qilgan duo qilishlarida ajib hikmat yashiringan. Hattoki, zamonaviy qonunlarda uy-joy daxlsizligi haqida alohida moddalar mavjud. Axloqimizda esa birovning xonadoniga, huzuriga iznsiz nazar solgan, ruxsat so‘ramay kirgan kishi qattiq qoralanadi va odamlar bu yomon ishdan hamisha qaytarib kelingan.
Maskan ‒ har kim uchun muqaddas. “Maskan” so‘zi “yashash, sokinlik topish joyi” degan ma’noni anglatadi. Chunki u “sukun” so‘zi bilan o‘zakdosh. Bizda insonning o‘z oilasi bilan birga yashaydigan joyi “maskan” deyiladi. Inson hayotida xavfu xatardan omonlik topish, issiq-sovuqdan pana bo‘lish, molu mulkini daxlsiz saqlash, ahli ayoli bilan farog‘atda yashash, hayotdagi mashaqqatlar va charchashlardan dam olib, rohat topish uchun, qisqa qilib aytganda, barcha narsalardan sokinlik topish uchun bir maskanga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun ham Rasululloh (s. a. v.) keng maskan musulmon kishining saodati omillaridan biri ekanini o‘z hadislarida bayon etganlar.
Nofe’ ibn Abdulhorisdan shunday rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (a. s.): «Keng maskan, solih qo‘shni va yaxshi ulov (markab) musulmon kishining saodatidandir», dedilar».
Albatta, maskan – turar joy odam bolasi umrining ko‘p qismini o‘tkazadigan yer. Umrning eng nozik va mas’uliyatli qismi odamning shaxsiy maskanida o‘tadi.
Maskanning keng bo‘lishi yashash sharoitining qulayligi ma’nosidadir. Kishi o‘z uyida yashash uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lsa, saodatli bo‘lishi turgan gap. Umrining ko‘p qismi o‘tadigan maskanda o‘zi uchun kerak bo‘lgan barcha qulayliklar mavjud bo‘lsa, albatta, bu narsa ham saodat omillaridan biri bo‘ladi.
Inson dunyo hayotida yashar ekan, turli holatlarga duch keladi. Charchaydi, asabiylashadi, dam olgisi keladi, uxlaydi va hokazolar. Shunday paytlarda uning o‘z uyi o‘lan to‘shagiga aylanadi. Jamoatchilik joylari, safarda, mehmonxona yoki ijaraga turgan yerida kerakli sokinlikni topa olmaydi. O‘z uyiga esa bemalol kirib boradi, yechinadi, orom topadi, hordiq chiqaradi. Shuning uchun ham islomda keng maskan kishi saodati omillaridan biriga qiyoslangan.
Maskanning inson hayotidagi ulkan ahamiyati va zarurati e’tiboridan shariat musulmon insonlarga bu borada o‘ziga xos odoblarni joriy qilgan. Mazkur odoblar insonning o‘z maskanida baxt-saodat, huzur-halovat ila yashashini to‘la ta’minlaydi.
Inson yashaydigan maskanda, xususan, qshloq yerlarda ariq va zovurlar ko‘p bo‘ladi. Suv o‘tgan joy haddan tashqari toza bo‘lishi kerak. Agar agar ariq va zovurlarga qaralmasa, ular vaqti-vaqti bilan qazib, tozalanib turmasa, buning ustiga, har kim suvga har narsa oqizsa, axlat tashlasa, o‘t-o‘lanlardan tozalanmasa, aynan ana shu eng toza narsa amalda eng ko‘p mikrob tarqatadigan va bakteriya to‘playdigan joyga aylanishi hech gap emas. Hatto, shaharlar ichidan oqib o‘tgan ariqlar ham ba’zan juda qarovsiz holga tushib qolishiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Qarasangiz, uning chetidagi o‘t-o‘lanlarga nimalar ilakishib yotmaydi, eski ichki kiyimlar deysizmi, mushuk yo itning o‘ligi deysizmi, polietilen idishlar deysizmi... ‒ eh-he yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Bunday suv inshootlari atrofida pashsha bilan chivin, chigirtka va bilan qutsrbaqa ham ko‘paygandan ko‘payadi.
Mana bu hadislarning ma’no-mazmuniga e’tibor beraylik:
Abu Barza Aslamiydan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Ey Allohning Rasuli! Meni jannatga kiritadigan amalga yo‘llab qo‘ying", dedim. “Odamlarning yo‘lidagi ozor beruvchi narsani olib tashla” , – dedilar”.
Abu Hurayradan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: “Bir odam yo‘lda yotgan tikanning oldidan o‘tib qoldi. “Albatta, mana shu tikanni olib tashlayman, birorta musulmon odamga zarar yetkazmasin”, dedi. Shu bois uning gunohlari mag‘firat qilinadi”,– dedilar”.
Abu Zarrdan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Menga ummatimning amallari namoyish qilindi – yaxshisi ham, yomoni ham. Ummatimning eng yaxshi ishlaridan biri yo‘lda yotgan ozor beruvchi narsalarni olib tashlash ekanini ko‘rdim. Ularning eng yomon ishlaridan biri masjidda ko‘milmay qolgan balg‘am ekanini ham ko‘rdim”, – dedilar.
Ozodalik eng oliy darajada targ‘ib qilingan muqaddas islom dini ariq va zovurlarni ham toza tutishni talab qiladi. Dinimizda suvga tuflash qanchalar katta gunoh sanaladi.
Rasululloh (s. a. v.): «Albatta, Alloh xushholdir – xushhollikni yaxshi ko‘radi, pokdir – pokliklikni sevadi, saxovatlidir – saxovatni yaxshi ko‘radi, saxiydir – saxiylikni sevadi. Bas, hovlilaringizni ozoda tuting!..” ‒ deganlar. Bu hadis bandalardan hovli-joylar, ko‘cha-ko‘ylar, demakki, ariq-zovurlarni ham toza- ozoda tutishga chaqiradi.
Keyingi yillarda yurtimizda anhor va ariqlar atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Yillar mobaynida ayrim fuqarolar o‘zboshimchalik bilan ana shunday oqar suvlar qirg‘oqlariga noqonuniy inshootlar qurib olib, bulardan o‘z manfaatlari uchun foydalanib kelishgan. Bu masalalar qonun doirasida hal qilindi.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda suv va uni qadrlash bilan bog‘liq ko‘p-ko‘p ma’lumotlar bor. Ularning bari bizdan ariq va zovurlarni toza-ozoda saqlashimizni talab qiladi.
Abdulg‘afur Razzoqov,
Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi