Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Fevral, 2026   |   11 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:00
Peshin
12:41
Asr
16:28
Shom
18:16
Xufton
19:28
Bismillah
28 Fevral, 2026, 11 Ramazon, 1447

Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (3-qism)

06.01.2021   2877   12 min.
Muftiy hazrat hayotiga chizgilar (3-qism)

(Davomi, 1-qism, 2-qism) 

Ko'p tahlil va mushohadalarim asosida aytishim mumkinki, sovetning dinsiz mafkurasi davrida islom dini, e'tiqod masalalarining bardavomligida eshonbobolar, sanoqli ahli ilmlarning sa'y-harakatlari alohida o'rin tutib kelgan. Qaysi birlari bu yo'lda jonini tikkan, yana qay birlari sog'ligini garovga qo'yib din uchun xizmat qilib o'tishgan. Ilohiy ilmni tarqatish, ommani axloqiy tarbiyasini ta'minlashga kamarbasta bo'lganlar va bunga erishganlar ham. Tasavvur qiling, butun bir mamlakat xudosiz,  mansabga o'tirishining asosiy imtihoni “din – afyun, xudo yo'q” degan so'zlarni takrorlashdan ibrat bo'lgan. Mamlakatning bosh mafkurasi, matbuoti, ta'lim-tarbiya  kontseptsiyasida shu ta'limot hukmron edi. KGB, ichki ishlar, prokuratura organlari ham zo'r berib xudosizlikni targ'ib qilardi. Mabodo, qayerdandir dinga targ'ibot bo'layotganini bilishsa, o'sha dindorlar qattiq jazolangan. Qamoqqa yoki  surgun azobiga duchor bo'lganlar. Bu ishlari uchun xalq orasidan xufyalar, quloqlar yollangan: ular etkazgan ma'lumotlari evaziga mukofotlar va imtiyozlarga ega bo'lishgan. Shu qaltis davrda ham imonli, taqvodor, asl eshonbobo va ahli ilmlar boshlarini kundaga qo'yib bo'lsa-da,  Alloh  oldidagi mas'uliyatini,  yo'lini topib bajarganlar. Ular tom ma'nodagi mazlumlar edi. Mazlumning duosi ijobat degan hadis bor. Yaqindagina qaysidir badbaxt, Rasulimiz sollalohu alayhi vasallam haqlarida yomon fikr bildirdi. Olamda musulmon borki, u qaysidir makonda yashamasin, bu iflosning iddaosiga tili bilan ham dili bilan ham qarshilik qildi. U paytlar esa din afyun desa ham xudo yo'q desa ham Rasulullohga xohlagan tuhmatini qilsa ham musulmonlar jim edi. Oliy o'quv yurtlarda, maktablarda  ateistik tashviqot ochiqchasiga, davlat himoyasi ostida qilinardi. Ramazon oyi boshlanish arafasida butun matbuot ro'zaga qarshi faoliyatini boshlar, minglab vrachlar ro'zaning inson sog'ligiga “zarar” ekani haqida ma'ruzalar o'qirdi. Alloh taolo, dinimiz, uning ahkomlariga va Payg'ambar alayhissalomga ko'r-ko'rona tosh otib, malomatlar qilishardi. Kim bu nokaslarni bu razil ishdan qaytarardi? Hech kim! O'sha payt ma'lum ma'noda ularning tashviqotlariga yurganlar, aldanganlar, diniga musulmonliligiga beparvo bo'lganlar talaygina bo'lgan. Qama-qamalar, jismoniy va ma'naviy ta'sir o'tkazish tajribasini o'z tanasida sinab ko'rgan,  kaltaklanib, sog'ligidan ajralgan yurtdoshlarimizni sanab sanog'iga etish mushkul. Mana shu mushkulotlar qarshisida iymon va e'tiqod borasida bardam turib bergan qat'iyatli insonlar bois Alloh bizga dinimizning mohiyatini to'la-tukis beradigan ilm va e'tiqodni nasib qilgan bo'lsa ne ajab. Shuning uchun   xalqimiz ularni qoridodalar, maxdumlar, to'ralar,  maxsumlar, xo'jalar, sayyidlar, eshonbobolar deb e'zozlab, har doim izzat-ikromda, kerak paytda himoyasiga olib yurishdi. Hammalaridan Allohim rozi bo'lgin!

***

Eshon va murid, murid kimu muxlis kim, degan mavzuda otam bot-bot o'zlarining xotiralarini so'zlab berardilar. Yodimda aytganlari: “Yil oralatib, qishlog'imizga eshonbobolar kelardi. Sobiq sho'ro siyosatiga some bo'lgan kishilar buni "murid ovlash" deb kinoya bilan tilga olishgan. Eshakka ortilgan xurjunda tasbeh, islomning besh arkoni sodda va ravon tarzda bayon etilgan risolalar va yana qandaydir hadyalar bo'lardi. Bir kun bir kishinikida, ikkinchi kun unisinikida, xullas bir hafta turardi. Yengil ziyofat, o'n-yigirma kishi yig'ilib hozirgi tilda aytilganda amri ma'ruf eshitar, o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olardi.  Qishloq ahlining qarg'ishidan qo'rqibmi, xufyalar ham xabar berishmagan yo foydasi yo'q deyishganmi, ishqilib tinchlikda o'tardi. Majlis oxirida arzimas pulga kitob yo tasbeh olardik”.

O'ylab qolasan kishi, butun mamlakat dinga qarshi bo'lgan zamonda, ular bu risolalarni qanday yo'l bilan nashr qilgan? Uni qo'rqmasdan olib yurgan va tarqatgan?. Amri ma'ruf qilishgani-chi?  O'sha davrda otalarimiz juma namozini o'qish uchun viloyat markaziga borishgan. Sanoqli masjid, sanoqli odamlar... Ma'ruza eshitishgan, ma'lum ma'noda o'zlari uchun ilm olishgan. Ammo aksar, 99 foiz musulmon bo'lgan qishloq aholisi-chi?  Shuning uchun eshonbobolar, qoridodalar, maxdumlar, to'ralar, maxsumlar, xo'ja-sayyidlar, ahli ilmlar buni idrok qilishgan va o'zlari uchun xatarnok bo'lsa-da Alloh oldidagi majburiyatlarini bajarishgan. Gohida fikr qilasan kishi, hozirda internetda qaysidir o'tgan olimning so'zini yoki o'zimiz o'qigan nimalardandir qo'yib savob umidida laykni kutamiz. Layk soni ko'paysa  savobga erishayapman, deb xursand bo'lamiz. O'sha paytdagi holat bilan hozirgisini bir taqqoslaylik-chi? Ularning bu xatti-harakatlari boshlariga to'qmoq bo'lib yog'ilish ehtimoli bo'lgan, shuni bilamizmi? O'sha ulug'larimizning sa'y-harakatlari, duolari samarasi o'laroq jamiyatimizda minglab qorilar, olimlar, millionlab namozxonlar, dinini, Allohni va uning Rasulini sevadigan avlod paydo bo'lganini-chi, shularni his qilamizmi?! 

Barcha-barchalaringizdan rozimiz va Allohni rahmatini so'raymiz. Sizlardan minnatdormiz va sizlar qilayotgan duolarimizdan bahramand bo'layapsizlar deb umid qilamiz. Shular qatori hazratning otalari Temirxon eshon boboning ham sa'y-harakatlaridan qanchalab kishilar bahramand bo'lib, iymon va e'tiqod, hidoyat topib to'g'ri yulni tanlashgan. Buning samarasi esa dinga, xalqqa, vatanga xizmat qiluvchi avlodlarni Alloh ko'paytirib berdi.

***

O'sha paytlari kattaroq lavozimda ishlagan bir ukamizga hazratga bo'lgan hurmat va ehtiromim erish tuyulgan shekilli: “Dilmurod aka, nima muncha eshonbobo, hazrat-hazrat deyaverasiz, – deb qoldi. “Bizga shunday deyish buyurilgan”, deb qo'ya qoldim. Unga ortiqcha izohning hojati yo'q edi. 

Alloh rahmat qilsin, otam umri davomida ahli ilmlarni, eshon bobolarning hurmat ehtiromini qilib o'tdi. Sababini u kishi, dinimizga tazyiqlar, dindorlarga ta'qiblar bo'lgan kezlari ham ular xalqqa shariat qoidalarini o'rgatishdan chekinmadilar, deb izohlar edilar. O'shalar yoygan ilmlarning barokatidan bizlar, farzandlarimiz, nevaralarimiz to qiyomatga qadar  islomda inshaalloh sobitmiz, derdilar. 

Aytingchi ibodat, e'tiqod o'laroq yaxshilik mukofoti nima bo'ladi?. Axir hazratning  dinimizga, mo'min musulmonlarga qilayotgan xizmatlarini ko'rib turib ham hurmatlarini joyiga qo'ymasam, e'zozlamasam, kimman? Takabburlik yomon illat, bu narsa hozirda aksar yoshlarimizning hatti-harakatlarida, gap-so'zlarida, biror-bir kishi  yoki narsalarga bo'lgan munosabatida bo'rtib, ko'rinib qolmoqda. Bugun ahli ilmlar, ulamolarni tan olmagan avlod, ertaga otasini mensimasligi mumkin. Sababi, u zombiga aylanib boradi. 

Otam rahmatlikning ahli ilmlar, dinimiz, ulamolarimizga bildirgan ehtiromini men ham munosib davom ettirib kelyapman, bu – masalaning bir jihati. Yana bir jihati: buni farzandlarim, nabiralarim ham bardavom etishlariga mas'ulman.   

***

Hazrat, har bir ishda yangilik qilish va uning  davomiy  bo'lishini istar, yo'l va imkon axtarar edilar. U kishi muftiy lavozimiga tayinlanmaslaridan oldin, Qur'on musobaqasi islom bilim yurtlari talabalari o'rtasida, madrasa xonalaridan birida o'tardi. Va bu hisobot ko'rinishiga o'xshardi. Bir  kuni hazrat meni chaqirib, Qur'on musobaqasi  kattaroq va muhtashamroq, musobaqa bo'ladigan joy esa chiroyli dizayn  va mukammal  stsenariy  asosida bo'lishini va malakali tasvirchilar, montaj  ustalari kerak bo'lsa rassomlarni jalb qilish lozimligini ta'kidlab, topshiriq berdilar. Bu ishni a'lo darajada qilish mumkin, ammo moddiy tomondan muammolar bo'lishini aytganimda, hazrat bu yog'idan xotirjam bo'lishimni uqtirib, ish  boshlashimizga fotiha berdilar.

Jarayon boshlandi, shu asno bildimki u kishi avvalboshdayoq bu tadbir uchun ketadigan xarajat masalalarini tegishli mas'ullarga tayinlab qo'ygan ekanlar. Birinchi Qur'on musobaqasi Toshkentdagi “Sobitxon hoji” masjidida bo'lib o'tdi. Tadbir bejirim dizayn asosida jilo berilgan masjid xonaqohida, muxlis tomoshabinlar ishtirokida chiroyli tarzda o'tdi. Tasvirga olish guruhi esa malakali mutaxassislardan iborat edi. Ijodiy guruhning ishidan xursand bo'lgan hazrat, asrdan keyin oldilariga kirishimni so'radilar. Kirdim. Anchagina pul berib,  “bu o'zimning jamg'armamdan,  ishlaganlarga mukofot tariqasida tarqating va mening tashakkurimni etkazing, dedilar. Bir narsani eslatishim kerak, u paytlarda diniy tadbirlarda qilinayotgan har qanday yangilik qattiq tsenzuradan o'tardi. Masalan, internetda idora saytiga biror yangilik yoki xabar qo'ymoqchi bo'lsak, ikki-uch joy ko'rigidan o'tkazib, so'ng e'lon qilardik. “Axborotning tezkorligi qayerda qolardi, idoraning imidji, nufuzi” degan masalalar ularni zig'irchalik qiziqtirmasdi. Qur'on musobaqasini chiroyli tarzda o'tkazishda ham ba'zi insonlar, tashkilotlar xufyalari yo ukaxonlari tomonidan  ogohlantirilganini men ham, hazrat ham bilardik. Ish manfiy tomonga o'zgarishi ham mumkin edi. Ammo hazrat tap tortmasdan o'tkazdi. Nima qildilar, kimga nima dedilar, to'g'risi menga qorong'u. Faqat, O'zbekistonning yuz yillik tarixida misli ko'rilmagan mana shu tadbir amalga oshdi. Shu-shu Qur'on musobaqasi dabdaba, o'ziga xos, chet eldagi musobaqalar ko'rinishida davom etaverdi

***

Hazrat, bir kuni meni huzurlariga chorlab: “Dilmurod, media markaz ochamiz. Idora uchun zarur.  Imomlarimizni ma'ruzalarini, o'tgan ulamolarimiz haqida fil'mlar, "Muslim.uz" saytimiz uchun video rolik, materiallar tayyorlaysizlar. Sarf-xarajatlarini Rustam bilan hisoblab chiqinglar; xonalar ajratsin; malakali telejurnalistlar, shu sohaning bilimdonlarini topib, shartnoma tuzib, menga hisobotini beringlar, – deb tayinladilar.

Bu ajoyib taklif va imkoniyat edi. Mana-man, degan vazirliklar byudjetida xohlaganicha moddiy ta'minoti mavjud, ammo bu kabi na rejasi va na loyihasi bor. Tashakkur sizga hazrat!  Alloh sizdan rozi bo'lsin! Din tashvishidagi bu ishlaringiz maqbul  bo'lsin!  

Hazrat tayinlagan hamma ishlar tez va  qisqa muddatda  bajarildi. Ijodiy guruh uchun xonalar,  telemahsulotlarning oldi bo'lgan kameralar, chiroqlar, montaj  xonalar – barcha-barchasi mukammal qo'yildi. Fayzuloxon boshchiligidagi tasvirchi, rejissyor va montaj ustalari jam bo'lishgan bo'lsa,  Ilhom  Jumanov atrofida mohir jurnalistlar yig'ilishgan edi. Bu ijodiy guruh bilan anchagina ishlar qilindi. Ammo yana eski o'yin: qaysidir idoraning qaysidir amaldoriga bu ishlar xush yoqmadi. Nimasi yoqmadi, bizga noma'lum, ehtimol hademay maxsus telekanal ochishimizdan cho'chishgandir, qaydam. Har nima bo'lganda ham ishlagani qo'yishmadi. Bu safar hazratning aralashuvlari ham yordam bermadi. Teparoqdan aks-sado bo'lgan bo'lsa  kerak. Anchagina o'zimga kelolmay yurdim. Hazrat xonalariga chaqirib: “Hafa bo'lmang, harakat va amallarni qildik. Alloh taolo bilib turibdi. Ular bilan tortishish, bahslashish umuman befoyda. Kezi kelganida o'zlari javob berishadi, deya meni yupatgan bo'ldilar-u, biroq  o'zlari ham taraqqiyot yo'liga g'ov bo'lganlardan nihoyatda zada bo'lganliklarini, ozorlanganliklarini yuz va ko'zlaridagi ma'yus holat ifoda etib turardi. 

(davomi bor)

Dilmurod Qo'shoqov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qalb qanday ro‘za tutadi?

27.02.2026   2341   5 min.
Qalb qanday ro‘za tutadi?

Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga iymon keltirsa, U zot uning qalbini hidoyatga solur…” (Tag‘obun surasi, 11-oyat).

Qalb har bir amalning asli va barcha harakatlarning negizidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ogoh bo‘linglar, jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar u to‘g‘ri bo‘lsa jasadning barchasi to‘g‘ri bo‘ladi, agar u fasod bo‘lsa jasadning barchasi fasod bo‘ladi. Ogoh bo‘linglar, u qalbdir”.

Qalbning to‘g‘ri bo‘lishi dunyo va oxiratdagi saodat, uning buzuq bo‘lishi esa halokatdir. Alloh taolo aytadi: “Albatta, bunda qalbi borlarga va zehn bilan quloq osganlarga eslatma bordir” (Qof surasi, 37-oyat).

Har bir yaratilgan jonzotda qalb bo‘ladi. Ammo bu qalblar ikki xil: biri iymon ila munavvar, taqvo ila obod bo‘lgan tirik qalb; ikkinchisi xarob bo‘lib so‘ngan, kasal va o‘lik qalbdir. Alloh taolo aytadi: “Ularning qalblarida kasal bor. Alloh kasallarini ziyoda qildi. Va ularga yolg‘on gapirganlari uchun alamli azob bor” (Baqara surasi, 10-oyat). Alloh taolo boshqa oyatda esa bunday marhamat qiladi: «Va ular: “Qalbimiz g‘iloflangan”, deyishadi. Yo‘q, unday emas, kufrlari sababli Alloh ularni la’natlagan. Bas, ozginagina iymon keltiradilar» (Baqara surasi, 88-oyat).

Alloh taolo o‘lik qalblilar haqida yana bunday deydi: «Ular: “Qalblarimiz sen da’vat qilayotgan narsadan g‘iloflardadir, quloqlarimizda og‘irlik bor, sen bilan bizning oramizda esa, parda bor. Bas, sen amalingni qilaver, biz ham, albatta, o‘z amalimizni qilguvchilarmiz”, dedilar» (Fussilat surasi, 5-oyat).

Allohning dushmanlarida ham qalb bo‘ladi, lekin u hech narsani anglamaydi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday duo qilar edilar: “Ey, qalblarni boshqaruvchi! Mening qalbimni diningda sobit qil!”.

Mo‘minning qalbi doimo ro‘za tutadi. Uning ro‘za tutishi halokatga olib boruvchi shirk, botil e’tiqod, yomon vasvasa va niyatlardan forig‘ qilish bilan bo‘ladi. Mo‘minning qalbi Allohning muhabbati ila oboddir.

Mo‘minning qalbida unga zulmat aralasha olmaydigan yorqin nur bor. Bu abadiy risolat, samoviy ta’limotlar va rabboniy shariat nuridir. Ushbu nurga Alloh taolo bandaga tabiiy fitrat qilib bergan nur qo‘shiladi va ikki ulkan nur jamlanadi. Alloh taolo aytadi: (Bu) nur ustiga nurdir. Alloh xohlagan odamni O‘z nuriga hidoyat qilur. Alloh odamlarga misollarni keltirur. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir” (Nur surasi, 35-oyat).

Mo‘minning qalbi chiroq kabi porlaydi, Quyosh kabi nur sochadi va subh kabi yaltiraydi. U oyati karimalarni tinglaganda, ularning ma’nolarini tafakkur qilganda qalbidagi ishonchi yanada ziyoda bo‘ladi.

Mo‘minning qalbi kibrdan ro‘za tutadi, chunki u qalb ro‘zasini buzib yuboradi. Kibr uning qalbiga o‘rnashmaydi, zero, u harom amaldir. Kibrning asl o‘rni qalbda bo‘ladi, agar kibr qalbga o‘rnashsa o‘z sohibini halok qiladi. Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Kibriyo Mening ridoyimdir, ulug‘lik Mening izorimdir. Kim ikkisida Men bilan talashsa uni azoblayman”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Allohga takabburlik qilsa uni xorlaydi. Kim Alloh uchun tavoze’li bo‘lsa uni yuksaltiradi”.

Mo‘minning qalbi ujbdan ham ro‘za tutadi. Ujb – insonning o‘zini mukammal, boshqalardan afzal va unda boshqalarda yo‘q narsa bor deb tasavvur qilishidir. Bu esa ayni halokatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa halok qiluvchidir: kishi o‘z nafsidan ajablanishi, qattiq xasislik va ergashiladiga havo (havoyi nafs)”, deganlar.

Ujbning davosi inson o‘z ayblari, xatolarining ko‘pligini hamda minglab qilgan, so‘ngra ularni esdan chiqargan gunoh va yomonliklarini yodidan ko‘tarmasligidir. Binobarin, ularning hisobi Robbimiz huzurida, U adashmaydi va unutmaydi.

Mo‘minning qalbi hasaddan ro‘za tutadi. Chunki hasad yaxshi amallarni olov kabi kuydiradi, qalbning nurini o‘chiradi va bandani Alloh tomon yurishini to‘xtatib qo‘yadi. Alloh taolo aytadi: “Yoki Alloh odamlarga O‘z fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi?” (Niso surasi, 54-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan nafratlanmanglar, o‘zaro urushmanglar va o‘zaro najsh (insonla o‘zaro kelishib bir narsaning narxini oshirishi) savdosini qilmanglar. Ba’zingiz ba’zingizning savdosi ustiga savdo qilmasin”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta sahobalaridan bir kishining jannat ahlidan ekanining xabarini berdilar. U kishi nima evaziga jannatga kirgani haqida so‘ralganida: “Qalbimda biror mo‘minga hasad, nafrat yoki muttahamlik bor holida hech uyquga yotmadim”, deya javob berdi. Oriflarning ro‘zasi bo‘lmish qalb ro‘zasini tutuvchilar bormi? Shoir aytadi:

Oriflar ro‘zasi ichra olamlar Robbi rizosin istash bordir,
Har zamon ular qalbi soim, sahar vaqti hollari istig‘fordir.

Allohim, qalblarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin, ularni iymonda sobit ayla!


Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan

Maqolalar