Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Oktabr, 2025   |   30 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:43
Peshin
12:12
Asr
15:49
Shom
17:36
Xufton
18:48
Bismillah
22 Oktabr, 2025, 30 Rabi`us soni, 1447

Samarqand ziyorat turizmi bo'yicha dunyoning eng yaxshi o'ntaligiga kirish niyatida

30.12.2020   3305   2 min.
Samarqand ziyorat turizmi bo'yicha dunyoning eng yaxshi o'ntaligiga kirish niyatida

Samarqandda turizmning asosiy yo'nalishlaridan biri – ziyorat turizmini rivojlantirish borasidagi ishlar kelgusi yilda ham davom ettiriladi.
Bu haqda Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish bo'yicha departament boshlig'i Dilshod Narziqulov O'zA bilan suhbatda aytib o'tdi.
Unga ko'ra, Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasi atrofida "halol" standartiga to'liq javob beradigan umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxonalar va savdo markazi tashkil etish rejalashtirilgan.
"Bugungi kunga kelib xalqaro standartlarga to'la javob beradigan ettita uch-to'rt yulduzli mehmonxona qurilmoqda. Ushbu ob'ektlarning ishga tushirilishi bilan viloyatning ziyorat turizmidagi salohiyati sezilarli darajada oshadi va mehmonlarning uzoqroq yashashi uchun sharoit yaratiladi. Nurobod tumani Oqsoy qishlog'idagi "Hazrati Dovud" majmuasiga tutash hududda "Oqsoy HD" MChJ dor yo'li tortish uchun 5 million AQSh dollari qiymatidagi loyihani amalga oshirmoqda. Viloyatning tog'li hududlarida sanatoriy-sog'lomlashtirish maydonlarini qurish bo'yicha ham amaliy ishlar boshlandi. Hozirgi kunda 30 dan ortiq dam olish joylari mavjud bo'lib, ular kuniga 4 700 nafar mehmonni qabul qilishi mumkin", - deydi Narziqulov.
U, shuningdek, 2019 yilning oxirida, taxminan 150 million sayyohlar ziyorat turizmi doirasida butun dunyo bo'ylab sayohat qilishganini ma'lum qildi.
"Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan turoperatorlar tomonidan viloyatning ziyorat turizmi sohasidagi salohiyatini keng targ'ib etish, ushbu yo'nalishni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Samarqandning kelasi besh yilda ziyorat turizmi uchun dunyodagi eng yaxshi o'n yo'nalishdan biriga aylanishiga zamin yaratadi. Bundan tashqari, Samarqand viloyatida turistik infratuzilmani rivojlantirish maqsadida Samarqandda piyodalar yo'llarini ta'mirlash, shahar atrofi va ichkarisida velosiped yo'llarini yaratish, 30 ta yangi madaniy meros ob'ektini sayyohlik yo'nalishlariga kiritish kabi vazifalar belgilab olindi", - deb xulosa qildi Samarqand viloyat turizmni rivojlantirish departamenti boshlig'i.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ixcham to‘y saodat va barqarorlik poydevori

22.10.2025   1127   2 min.
Ixcham to‘y saodat va barqarorlik poydevori

Dinimiz inson hayotining barcha jabhalarida muvozanatni ta’minlab, yuksak madaniyat va ezgu qadriyatlar asosida yashashni ustuvor vazifa sifatida targ‘ib qiladi. To‘y va boshqa marosimlar ham shunday me’yorlar doirasida bo‘lishi lozim. Ayniqsa, hozirgi kunda ortiqcha dabdababozlik va isrofgarchilik keng tarqalganligi sababli, insonlarning burch va axloqiy talablariga zid holatlar ko‘payayotgani kuzatilmoqda.

Islom dinida to‘y ma’naviy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan birlashtiruvchi tadbir sanaladi. Undagi eng asosiy maqsad ayol va erkakni nikoh orqali oila qurishi va jamoat oldida bu rishtaning tasdiqlanishidir. Shunday ekan, to‘y ziyofatlari ortiqcha xarajatlar va dabdababozlikka aylanib ketsa, asosiy maqsaddan chetlanish vujudga keladi.

Isrof va dabdababozlik nafaqat moliyaviy zarar keltiradi, balki diniy-axloqiy nuqtayi nazardan ham qoralanadi. Qur’oni Karimda bu haqda shunday deyilgan:

“U zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof, 31).

To‘ylarda ixchamlik va oddiylikni saqlash, isrofga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ortiqcha isrof va dabdababozlikning zararlari quyidagilar:

  1. Moliyaviy qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Ortiqcha xarajatlar oilaning kelajagi uchun mashaqqat tug‘diradi.
  2. Jamiyatda noo‘rin raqobat yuzaga keladi. To‘y-hashamlar orqali kim o‘zarga harakat qilishga urinish, nafsning yo‘rig‘iga yurish holatlari ko‘payadi.
  3. Gunohkor bo‘lishi mumkin. Chunki, isrof qilish Alloh taolo yoqtirmaydigan ishdir.
  4. To‘yning ma’naviy jihatdan qadri tushadi. Asosiy maqsad nikoh va yaqinlarning diydorlashuvi ekan, dabdababozlik uning ahamiyatini kamaytiradi.

Yaqin qarindoshlar, do‘stu qadrdonlar va qo‘shnilarni taklif qilish, kamtarona dasturxon tuzatish, bir necha turli taomlarni o‘rniga oddiy taomlarni tayyorlash, qo‘sha-qo‘sha mashinalar va qator-qator san’atkorlarsiz marosimlarni o‘tkazish, to‘yxona, uylarni ortiqcha bezamaslik, sarpo qilishda keraksiz va qimmat buyumlardan voz kechish, to‘y uchun sarf-xarajatlarni oldindan rejalashtirish, boshqa xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik, dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilish to‘ylarda dabdaba va isrofni oldini oladi.

Isrof va dabdababozlikdan chetlashish, oddiylik va ixchamlikka e’tibor berish har bir musulmonning burchi va mas’uliyatidir. To‘y hamjihatlik va oila qurish uchun muhim marosim ekanligini e’tiborga olsak, uning mazmunini yo‘qotib, ortiqcha sarf-xarajatlarga aylantirishdan saqlanish lozim.

To‘ylarni ixcham qilishga harakat qilsak, nafaqat o‘zimiz, balki jamiyatimiz ham barqaror va isloh bo‘ladi.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome

masjidi imom-xatibi

Maqolalar