Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

Luqmangga ham ajr bor

24.11.2020   2086   3 min.
Luqmangga ham ajr bor

Hajjatul vado' yilida Sa'd ibn Abi Vaqqos roziyollohu anhu qattiq betob bo'ldi. Hatto shu kasallik bilan o'lsam kerak, deb o'yladi. Nabiy sallollohu alayhi va sallam uni ko'rgani keldilar. Sa'd dedi:
-Ey Allohning Rasuli! Ko'rib turibsiz, menga kasallik etdi. Mening molim bor. Menda faqatgina bittagina merosxo'r qizim bor. Molimning uchdan ikkisini sadaqa qilsam bo'ladimi?
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam:
-Yo'q, dedilar.
-Yarmini sadaqa qilsam bo'ladimi?
-Yo'q.
-Uchdan birini sadaqa qilsam bo'ladimi?
-Uchdan biri ham ko'p ey Sa'd! Sen farzandlaringni birovlardan tilanib yuradigan faqir qilib qoldirganingdan, ularni boy qilib qoldirganing afzaldir. Allohning rizosi uchun qilgan har-bir nafaqangga savob olasan. Hattoki, xotining og'ziga solgan luqmangga ham!

Kishining o'z merosxo'rlari haqida ham qayg'urishi Nabiy sallollohu alayhi va sallamnning ko'rsatmalaridir. Ularga qiyinchilik paytida foydalanadigan mol qoldirishi mashru'dir.
Dunyo o'zgarib turadi. Uning kulfatlaridan hech kim qochib qutula olmaydi. Bu degani, inson faqat mol yig'sin, degani emas. U o'zini ham unutmasligi lozim. Yaxshilik qilish, munosib joylarga sadaqa ehsonlar qilish lozim. Joni halqumga kelganda merosxo'rlariga “buni mening nomimdan falon joyga sadaqa qilinglar, mana buni mening nomimdan sadaqayi joriya qilinglar” deyishi yaxshi emas. Bu ishlarni ko'zi ochiqligida, sog'-salomat yurganida o'z qo'llari bilan qilishi matlubdir.
Sahifangni o'zing to'ldir. O'zing sadaqa qil. Alloh tomon U senga bergan narsalar bilan musobaqa qil. Mol jamlab, uni bolalarga qoldirib, so'ngra uning hisobini yolg'iz o'zing berma.
Niyat odatlarni ibodatga aylantiradi. Niyatlaringni doimo Alloh uchun qilgin. Oilang uchun sotib oladigan oziq-ovqatingni kundalik zarurat deb emas, bunda ajr bor deb qilgin. Har bir ho'l jigarda ajr bordir. Ota-onangga sarflaydigan molingni kishilarning gapidan qo'rqib burch tushunchasi bilan bog'lama. Unda yaxshilik his qil. U bilan Allohga yaqinlash. “Ota-onanggizga yaxshilik qiling!”, degan oyatni xotirjam bo'lib tilovat qil.
Yangi farzand ko'rgan singling ziyoratini urf-odatga, ijtimoiy munosabatlarga bog'lama. Bundagi silai-rahmni his qil. Silai-rahm Arshga bog'langanini, uni kim bog'lasa Alloh uni bog'lashini, uni kim uzsa Alloh uni ham uzishini esla.
Qo'shni bilan almashadigan bir tovoq ovqatingni qadimgi odatlarimizga bog'lama. Bu ishda Jabroil alayhis salomning Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga qo'shni haqida ko'p gapirganlarini, Rasululloh salollollohu alayhi va sallam bundan hatto qo'shni meros ham olsa kerak, deb o'ylab qolganlarini esla.
Insonlarning amallari bir-biriga o'xshaydi. Ammo ularning niyatlari farqlidir. Niyatingda doimo Alloh bo'lsin!

Abdulqodir Polvonov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazrat: imtihonda shaffoflik va xolislikni ta’minlash zarur!

09.07.2025   4128   2 min.
Muftiy hazrat: imtihonda shaffoflik va xolislikni ta’minlash zarur!

7 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari uchun 2025-2026 o‘quv yili qabul imtihonlariga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor  Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov diniy ta’lim muassasalari uchun yangi o‘quv yili kirish imtihonlarini tartibli o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Muftiy hazratlari imtihonlarni adolatli va xolisona o‘tkazish, tartib-qoidalarga rioya etish, jarayonlar shaffof bo‘lishiga erishish hamda tegishli xonalar xavfsizligini ta’minlash, videokuzatuv kameralari bilan jihozlash kabi muhim jihatlarga diqqat qaratdilar. Shuningdek, imtihondan oldin abituriyentlar bilan o‘tkaziladigan suhbatlar ham belgilangan tartibda bo‘lishiga urg‘u berdilar.  
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari imtihonlarni ochiq-oshkora va adolatli o‘tkazish orqali yosh avlod haq-huquqlarini ta’minlash, iqtidorli yoshlarga bilimlarini namoyon etishga imkoniyat berishni qayd etdilar. Shuningdek, imtihon olishga mas’ul ustoz va mutaxassislar Alloh taolo huzurida ham, xalqimiz oldida ham ulkan mas’uliyatni chuqur his etishi hamda nomaqbul illatlardan saqlanishlariga katta diqqat qaratdilar. 

Madrasalarga kirish imtihon savollari umumta’lim maktab dasturlari asosida, Oliy diniy ta’lim muassasalari uchun kirish imtihon savollari esa madrasa ta’lim dasturlari asosida bo‘lishi ham alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida quyidagi muhim vazifalar belgilab olindi:
– Qabul jarayonlarini namunali tashkil etish;
– Yuqori darajada xavfsizligi ta’minlangan elektron dasturlardan foydalanish;
– Abituriyentlar uchun munosib sharoitlarni yaratish;
– Abituriyentlarga test sinovlaridagi huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
– Imtihon jarayonini videokuzatuv qurilmalari orqali nazorat qilish;
– Ota-onalar uchun kutish joylarini tayyorlash;
– Imtihon jarayonlarini namoyish etish uchun ekranlar o‘rnatish.

Qabul imtihonlari muvaffaqiyatli o‘tishini tilab duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Muftiy hazrat: imtihonda shaffoflik va xolislikni ta’minlash zarur! Muftiy hazrat: imtihonda shaffoflik va xolislikni ta’minlash zarur! Muftiy hazrat: imtihonda shaffoflik va xolislikni ta’minlash zarur! Muftiy hazrat: imtihonda shaffoflik va xolislikni ta’minlash zarur! Muftiy hazrat: imtihonda shaffoflik va xolislikni ta’minlash zarur!
O'zbekiston yangiliklari