NAZM
Ikinchi mu'man bihning
sharhi
Yana xayli farishtadur, bilingiz,
Har birisi bir ishtadur, bilingiz.
Biri roki'durur biri sojid,
Biri qoyimdurur, biri qo'id.
Biri Haq yodi birla mustag'raq,
Bilmayin Haqdin o'zgani mutlaq.
Kelsa gar qatra yomg'ure erga,
Bor aning birla bir malak birga.
Borsa gar zarra tufrog'i ko'kka,
Ul borishni sog'inma o'zlukka.
Har yog'in yog'sa, har ele elsa,
Har nima borsa, har nima kelsa,
Har bir ishga muakkal o'ldi malak,
Gar er ahlidurur, gar ahli falak.
Bilingizkim, farishta xayli bari
Narlig'u modalig'din o'ldi bariy.
NASRIY BAYoN
Iymon keltirish shart bo'lgan ikkinchi
narsaning sharhi
(Iymonning ikkinchi sharti)
Yana bilingizki, farishtalar toifasiga iymon keltirish shartdir, ularning har biri (Alloh amr etgan) bir ishga mashg'uldir. Biri ruku' qiluvchidir – Alloh ta'ologa ta'zimdadir, biri sajda qiluvchidir, biri (ibodatda) qoim – tik turuvchidir, biri o'tiruvchidir (hammalari ham shu yo'sin itoat va ibodatdadir.) Biri, Haqdan o'zgani bilmay, Haq ta'loning yodi bilan mustag'raq – fayzi Ilohiyga cho'mgan, g'arq bo'lgandir. Osmondan erga bir qatra yomg'ir tushsa, u bilan birga (u tomchini olib tushuvchi) bir farishta bordir.
Agar tuproqning bir zarra changi osmonga ko'tarilsa, uni o'z holicha ko'tarilib bordi, deb o'ylama (balki, Allohning amri bilan bir farishta olib chiqqandir).
Har qanday bir yog'in (qormi, yomg'irmi, do'lmi, shudringmi) yog'sa, har qanday bir el, bir shamol essa, har nima borsa, har nima kelsa, har biriga xoh er ahlidan, xoh osmon ahlidan bo'lgan bir farishta muakkal, ya'ni Alloh tarafidan vakil qilingan bo'ladi.
Bilingizki, farishtalar guruhining barchasi erkaklik va ayollik (kabi jinsiy) xususiyatlaridan xoli va pokdir.
IZOH. (Farishtalar haqida bilish, so'zlash, fikr va tasavvur qilish mumkish bo'lgan narsalar:) Hamisha Allohga itoat holida bo'lmoq, erkak va ayol (jinsiy xususiyatda) bo'lmaslik, eb-ichmaslik, kichik va katta qazoi hojat qilmaslik, burun qoqmoq va el chiqarmoqdan pok bo'lish, bemor va ko'taram bo'lmaslik, zaiflik va qarilikka uchramaslik, ofatlardan va yomon fe'llardan nari bo'lmoq, a'zolardan va boshqa birikmalardan vujudga kelgan bo'lmaslik farishtalar haqida vojibdir.
Farishtalar nuroniy bir borliqdir, va albatta, yuqorida zikr qilingan hollardan uzoqdir («Jomi' ul-mutun»).
(Farishtalar mavzuyining davomi bor)
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK
Qashqadaryo viloyatida muborak Ramazon oyini yuqori saviyada kutib olish va mo‘min-musulmonlar uchun masjidlarda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining tegishli buyrug‘i asosida hududlardagi ibodat maskanlari mavsumga shay holatga keltirilmoqda.
Amalga oshirilgan asosiy ishlar:
Masjid binolari va atrofi obodonlashtirilib, sanitariya holati yaxshilandi;
Tahoratxonalar, isitish va yoritish tizimlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi;
Taroveh namozlarini xavfsiz va tartibli o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilandi.
Joriy yilning 28 yanvar kuni viloyat hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov Koson tumanidagi masjidlar faoliyati bilan tanishdilar. O‘rganish davomida namozxonlar uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi o‘rganish ishlari viloyatning barcha tumanlarida davom ettiriladi. Maqsad — muqaddas oyni yuksak ruhiy kayfiyatda, tinchlik va osoyishtalikda o‘tkazishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Axborot xizmati