Bizda bir juda yomon odat bor: bir kishi bir salbiy xislat haqida gapirsa (ba'zan undan uzoqlashishga chaqirsa), xayolimizga avval boshqa birov keladi. Ayrimlarimiz hatto aytib ham yuboramiz (bunga tez-tez duch kelyapmiz afsuski). Nega "o'zimda yo'qmikan", deb xavotirga tushmaymiz har birimiz? Shunchalik farishtasifat bo'lib ketganmizmi? Darajamiz o'zlaridan xavotir oluvchi salaflarimizdan ham yuqori bo'lib ketganmi?
Afsuski, bunday holat keyingi yillarda ko'payib ketmoqda. Holbuki, ilm tarqalishi, kengayishi bu illatning ozayishiga sabab bo'lishi lozim edi, agar chindan haqiqiy ilm olinayotgan bo'lganida. Zotan, bir necha yil oldingiga qaraganda hozir internetda ancha ma'lumot to'plangan. Deyarli hamma savolga javob topasiz. Ma'lumotlar g'ij-g'ij. Shar'iy masalalarga ko'pchilikning tili biyron. Taqdim etilayotgan, ulashilayotgan masalalar ko'pligidan boshlar aylanadi. Ammo ahvol o'nglanish o'rniga ortga qarab ketayotgandekmiz.
Demak, bu degani - olayotgan bilimlarimiz faqat ma'lumot to'plashdan nariga o'tmayotganidan dalolat. Amalimizga, sulukimizga ta'sir qilmayapti degani bu. Ayni payg'ambarimiz alayhissalom panoh tilagan ilmga ega bo'lib borayapmiz degani.
Alloh holimizga rahm qilsin, O'zi o'nglasin.
Sayfulloh Nosir
Sog‘ tanda – sog‘lom aql
Inson tetik, bardam va baquvvat bo‘lishi uchun muntazam ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi kerak. Ayniqsa, bugungi farovon hayotda – har bir oilada jon boshiga bittadan avtoulov to‘g‘ri kelayotgan davrda bu juda muhim.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida «Sog‘ tanda – sog‘lom aql» shiori ostida sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tyapti.
Bugun, 28 yanvar kuni poytaxtimiz imom-xatiblari va imom noiblari o‘rtasida sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka musobaqalarining Toshkent shahar bosiqchi juda ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Musobaqani Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov va hamkor tashkilotlar mutasaddilari ochib berdilar.
Tabiiyki, musobaqalarda tez qaror qabul qila oladigan, abjir, chaqqon va epchillarga omad kulib boqadi.
Voleybol bo‘yicha
1-o‘rin Yunusobod tumani
2-o‘rin Uchtepa tumani
3-o‘rin Sergeli tumani diniy soha xodimlariga nasib etdi.
Stol tennisi musobaqasida
1-o‘rin Yunusobod tumani «Masjidul Xayr» masjidi imom noibi Adhamxo‘ja domla Hikmatullayev;
2-o‘rin Mirzo Ulug‘bek tumani «Oltintepa» masjidi imom noibi Rahmatulloh domla Hikmatullayev;
3-o‘rin Mirobod tumani «al-Badr» masjidi imom noibi Jamshid domla Nazarov loyiq ko‘rildi.
Shashka yo‘nalishida
1-o‘rin Shayxontohur tumani «Obidxon Maxdum» masjidi imom noibi Adham domla Latipov;
2-o‘rin Uchtepa tumani «Aziz ota» masjidi imom noibi Abdurahmon domla Kamolov;
3-o‘rin Yunusobod tumani «Omina» masjidi imom noibi Abdurahim domla To‘raqulov munosib ko‘rildi.
Shaxmat bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi:
1-o‘rin Bektemir tumani «Bektemir» jome masjidi imom-xatibi Ziyovuddin domla Aymuhamedovga;
2-o‘rin Sergeli tumani «Ma’ruf ota» masjidi imomi Sarvar domla Muhammadiyevga;
3-o‘rin Mirzo Ulug‘bek tumani «To‘ra buva» masjidi imom noibi Muhammadamin domla Abdullajonovga nasib etdi.
G‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlar topshirildi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati