Yoki ilmli bo'l, yoki ilmga tayanib ish tutadigan bo'l, loaqal ilmni tinglab eshitadigan bo'l, biroq to'rtinchisi bo'lma, chunki kasodga uchrab halok bo'lasan (juvonmarg bo'lasan).
Pastkash kimsaning o'z nasl-nasabini maqtab, u bilan faxrlanishi, chanqoq kishining suv shu'lasi (sarobi) ni ko'rib aldangani kabidir.
Mahmud az Zamaxshariy
Shariat va dinning poydevori sabr va ishonch.
Shayx Najmiddin Kubro
Hammasi qalbingga bog'liq: qalbingni o'zgartir, dunyoing ham o'zgarsin.
Shams Tabriziy
Bir marta “mana buni ol” deyish, ikki marta “men beraman” degandan afzaldir.
Tarix muhrlagan so'zlar
Ko'nglingni poklamabsan-ku, tinmay tahorat olganing nimasi?!
Tilingdan oldin qalbingni tarbiya qil. Chunki so'z qalbdan kelib, tildan chiqadi.
Jaloliddin Rumiy
Men hali ham faqir faqirligidan uyalmaydigan, balki boy boyligi bilan faxrlanishdan uyaladigan jamiyatni orzu qilaman.
Jubron Halil Jubron
Kimki botil yo'l bilan izzat talab qilsa, Alloh uni haq yo'l bilan xor qilib qo'yadi.
Abulhusayn Sirvoniyi Sag'ir
Har bir narsaning zangi bo'ladi, qalb nurining zangi esa to'yib ovqatlanishdir.
Abu Sulaymon Doroniy
Odamlar bilan olovga muomala qilganingdek muomala qil: foydalaridan bahramand bo'lginu, kuydirishlaridan ehtiyot bo'l!
Shaqiq Ibrohim Balxiy
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. O‘zini Ahmad deb tanishtirib, qo‘limga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli o‘tsin. Mening vazifam – sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi – halol xizmat ila yetkazish”.
Yo‘lda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.
— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:
— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin ko‘pchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolg‘on gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.
— Keyin nima bo‘ldi?
— Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi ko‘p narsa tanlovimga bog‘liq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim ko‘p, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. Oson yo‘lni tanlasam — pul bo‘lishi mumkin, lekin baraka bo‘lmaydi. Shunda o‘zimga so‘z berdim: endi ishimni halol qilaman. Yo‘lni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni o‘g‘irlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman.
Natijasini Alloh ko‘rsatdi. Birinchi yilning o‘zida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa to‘rt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.
Bu so‘zlar meni o‘yga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qo‘yiladigan eng to‘g‘ri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.
Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi