O'MI matbuot xizmati
Avval xabar berganimizdek, bugun Toshkent islom institutida “Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalarga oid tadqiqotlardagi yondashuvlar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda sohada faoliyat yuritayotgan olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar bevosita va Zoom dasturi orqali masofadan turib ishtirok etishdi.
Dastlab institut rektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Uyg‘un domla G‘afurov so‘zga chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda diniy sohaga alohida e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan ta’lim va ilmiy tadqiqot yo‘nalishida qilinayotgan o‘zgarish va yangiliklar nafaqat yurtimiz, balki xalqaro darajada e’tirof etilayotgani, mana shunday ilmiy-amaliy anjumanlar doimiy o‘tkazilayotgani, oliy ma’hadda magistratura ta’lim bosqichi va modul ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgani buning yorqin dalili ekanini qayd etdi.
So‘zga chiqqan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Davronbek Maxsudov anjuman mavzusi bo‘lgan aqida va fiqhiy masalalar bugungi kundagi eng dolzarb zamonaviy masala ekanini ta’kidlab, hozirda mazkur institut ham akademik darajaga ko‘tarilib, ushbu ikki yo‘nalish bo‘yicha ilmiy darajaga ega malakali mutaxassislar yetishtirib chiqarayotgani, ular diniy sohani turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritib, xalqimiz ma’rifatiini oshirish, jamiyatimiz barqarorligiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini e’ttirof qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov o‘z nutqida bugun aholimiz farovonligi har jihatdan ortib borayotgani, bu o‘z navbatida diniy soha, ayniqsa, fatvo masalasiga ham ta’sir qilishi mumkinligi, xususan, ulamolar ta’kidlagan makon va zamon, urf-odat kabi 10 dan ziyod sabablarga qarab takomillashib borishi, ayni masalalarda soha mutaxassislarining bir joyga to‘planishi katta natijalarga sabab bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Diniy idora Fatvo markazi bosh mutaxassisi Muhammad Ayyubxon Homidov plastik jarrohlik amaliyotiga oid shar’iy hukmlarni bayon qildi. Shuningdek, anjumanda olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar “Yot g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslarni reabilitatsiya qilish masalalari”, “Elektron savdoga oid zamonaviy fiqhiy masalalar”, “Moturidiya ta’limotining asoslari va xususiyatlari” va boshqa mavzular muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida muhokama qilingan Qur’onshunoslik, hadisshunoslik, fiqh, kalom ilmi va aqida yo‘nalishiga oid 70 dan ortiq maqolalar maxsus ilmiy to‘plamga kiritilib, talaba-yoshlar va jamoatchilikka taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati