Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Yanvar, 2026   |   10 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:16
Quyosh
07:37
Peshin
12:41
Asr
15:54
Shom
17:39
Xufton
18:54
Bismillah
29 Yanvar, 2026, 10 Sha`bon, 1447

O'rta asr musulmon shaharlari qanday qilib zamonaviy megapolislarning hayot standartlariga asos solishdi

17.11.2020   2296   2 min.
O'rta asr musulmon shaharlari qanday qilib zamonaviy megapolislarning hayot standartlariga asos solishdi

Kordobadan Damashq va Bag'dodga qadar ba'zi qadimiy shaharlarning eski ko'chalari hali ham buzilmagan bo'lib, 1 000 yil oldingi hayot haqida tasavvur beradi. Kordoba va Sevil'ya kabi Ispaniya shaharlarida hali ham eski shahar joylari saqlangan bo'lib, odamlar ko'p asrlar oldin musulmon hukmronligi ostida qanday yashaganligini ko'rish mumkin.
Islam-Today xabariga ko'ra,-bugungi kunda musulmon tsivilizatsiyasi davrida rejalashtirilgan shaharlar diniy va fuqarolik hayotida muhim rol' o'ynaydigan masjid atrofida joylashgan. Yaqin atrofda savdogarlar oziq-ovqat, ziravorlar, sham va xushbo'y narsalar sotadigan bozor bor bo'lgan. Ishbilarmonlik joylari o'z ichiga kitob do'konlari, kutubxonalar va shifoxonalarni o'z ichiga olgan.
Har bir shaharning o'ziga xos xususiyati hammom bo'lib, ko'pincha hashamatli koshinli devor, favvoralar va dekorativ hovuzlar bo'lgan binolarda joylashgan. Bug' vannalari, isitilgan vannalar va sovuq suvli kichik hovuzlari bo'lgan hammomga tashrif buyurish har bir musulmonning kundalik hayotining bir qismi edi.Erkaklar va ayollar kunning turli vaqtlarda cho'milishgan. Sershovqin markazdan uzoqdagi turar joylar tor ko'chalarda joylashgan. Uylarning bog'lari, peshayvonlari hamda tuyadagi chavandoz ular orqali ko'rolmaydigan etarlicha balandlikda o'ralgan devorlari bo'lgan hovlilari bo'lardi.
O'sha vaqtdagi boshqa Yevropa shaharlariga nisbatan bu shaharlar tosh yotqizilgan yo'llar, axlat yig'ish va hattoti usti yopiq kollektorlar bilan ancha rivojlangan bo'lgan.
10-asrda Kordoba dunyodagi eng rivojlangan shaharlardan biri bo'lib, hattoki qorong'ulik tushishidan keyin ham ko'chalar moy lampalari bilan yoritilgan. Bundan tashqari, Qohirada ko'p qavatli binolar va tomdagi bog'lari bo'lgan.
Bog'lar musulmon tsivilizatsiyasi davrida ko'p odamlar uchun dunyoviy jannat ramzi bo'lgan. Tafakkur uchun mo'ljallangan bog'lar va bog'dorchilik 8-asrdan boshlab Ispaniyadan to Hindistongacha musulmon dunyosi bo'ylab tarqaldi. Ularning o'ziga xos xususiyatlari bilan bu yashil joylar faqat meva ishlab chiqarish va tayyorlash uchun ishlatiladi, balki hali ham bog'dorchilik dizayniga ta'sir etib keladi.
Geometrik shakllardagi gulzorlar, sayoz kanallar va favvoralar 9-asrda bog'larning yangi o'ziga xos belgilariga aylandi. Favvoralar va bog' suv ob'ektlari musulmon dunyosidagi saroy va masjidlarda juda mashhur bo'lib kelgan. Ko'pgina issiq mamlakatlarda suv kam bo'lsa-da, bu suv havzalari oqim shaklini o'zgartirgan forsunkalar bilan jihozlangan va hattoki keyinchalik vaqtni aniqlash mexanizmlariga ham ega bo'lishgan. Ushbu detallardan ko'pchiligi ko'p asrlar o'tib qurilgan Yevropa bog'lariga o'z ta'sirini o'tkazgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ikki kuni bir xil o‘tgan zarardadir

23.01.2026   9824   8 min.
Ikki kuni bir xil o‘tgan zarardadir

Munosabat

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim” kitobida (24579 ta so‘z qo‘llanilgan) ilk nozil bo‘lgan Alaq surasida “Iqro (o‘qing)” so‘zi ikki marta takrorlanishi keltirilgan. 
 

Birinchi “o‘qing” so‘zidan keyin insonni juda haqir va arzimas laxta qon holati zikr qilindi. Ikkinchisidan keyin esa insonning qadrli va sharafli, ilm-ma’rifatli holati bayon qilindi. Shunga ko‘ra, kim dunyoda o‘qib-o‘rgansa, qadr-qiymatga ega bo‘ladi. Aks holda, o‘sha holicha – qadr-qiymatsiz qolib ketadi.


Mazkur kitob bizni mutolaa to‘g‘risida yozishga undadi. 


Angliyada birinchi sinfdan to universitetning so‘nggi bosqichigacha bo‘lgan davrda o‘quvchi va talabalarning darsliklarida 71 mingdan ortiq so‘z qo‘llanilar ekan. Bu ko‘rsatkich Yaponiyada 42 ming, Italiyada 30 mingdan, Turkiyada esa 7–10 ming orasida ekan. Xo‘sh, o‘zimizda-chi? Bu borada mutaxassislarga murojaat qilganimizda har xil raqamlar aytildi: 5–10 ming atrofida...


Odatda, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari “navbatchi so‘zlar”ni ko‘p ishlatadilar: “Yaxshimisiz?”, “keldim-ketdim”, “ko‘rdim”, “o‘qidim”, “javob qaytarolmadim”, “yozdim-chizdim”, “rahmat”, “sog‘ bo‘ling”, “xayr” va hokazo. Xuddi shu so‘zlarni universitetning talabalari ham qo‘llaydilar.


Bu nimadan darak? Bu so‘z boyligimiz kamligidan, kitob o‘qimasligimizdan darak. Hatto ko‘rgan-kechirganlarimiz voqea-hodisalarni ham eplab aytib bera olmaymiz. Nega? Chunki mutolaadan yiroqlashib ketdik.


9-sinfda o‘qiydigan o‘g‘limning telegramida “Sinfdoshlar guruhi” bor. Yaqinda o‘g‘limga: «Guruhingga: “Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini kim to‘liq o‘qib chiqqan?” deb yoz-chi», dedim. Oradan ikki kun o‘tgach, o‘g‘lim telefonini ko‘rsatdi. Mazkur romanni 20 nafar o‘quvchidan bor-yo‘g‘i 3 kishi to‘liq o‘qigan, yana 3 nafari esa “O‘tgan kunlar”ni qo‘liga olgan-u, biroq tili og‘irlik qilgani bois tashlab qo‘yganini yozibdi. Ayrimlar esa Abdulla Qodiriy kimu uning romani nima haqidaligini ham bilmas ekan.


Xo‘sh, nega biz ajdodlarimizning kitoblarini o‘qimay qo‘ydik?


Nima uchun oila boshliqlari – ota-onalar, bobo-buvilar oila davrasida farzandi, nabiralariga ajdodlarimizning durdona asarlaridan parchalar aytib berishmayapti?


Nega bolalarimizga: “Falon kitobni to‘liq o‘qib chiqib, mazmun-mohiyatini aytib bersang, seni mukofotlaymiz”, deb ularni mutolaaga qiziqtirmaymiz?


Nega jadidchi-ma’rifatparvar bobolarimiz yozgan kitoblarni bugun faqat mutaxassislargina o‘qib tushunyapti?


Nima uchun bugun Alisher Navoiyning asarlarini o‘qisak, uyqumiz keladi?


Shu savollarni ziyoli tengqurlarimga berib ko‘rdim. Ular: “Ajdodlarimiz asarlarining tili og‘ir. Shu bois ko‘pchilik ularni tushunishga qiynaladi”; “Bugun axborot asri. Turli gadjetlar ommalashib ketdi. Yoshlar shular bilan andarmon bo‘lib qoldi”; “Oila davrasida kitob o‘qilmay qo‘ydi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi-da”; “Ota-onaning qo‘lidan telefon tushmagandan keyin farzanddan nimani ham kutish mumkin?” kabi javoblar bo‘ldi.


Tijorat yoki boshqa ish bilan shug‘ullanadigan tanishlarimning javoblarini eshitib, ochig‘i afsuslandim. Ularning ayrimlari: “Kitob nima ham berardi?” degan xunuk javobni aytishdi.


Shu o‘rinda O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning kunchiqar yurt – Yaponiyadan qaytgach, safar taassurotlari haqida aytgan gapi esimga tushdi: “Yaponiyada hatto tilanchilarning ham qo‘llaridan kitob, gazeta tushmas ekan”.

Bir tanishim aytgan edi, u 2016 yil Angliyada dengiz bo‘ylab sayohat qilish asnosida kema boshqaruvchisi bilan tanishib qolibdi. Undan:


– Shekspirni o‘qiysizlarmi? – deb so‘rabdi (bilasiz, Uilyam Shekspir 1616 yili vafot etgan, ya’ni 400 yil oldin). Kema boshqaruvchisi tanishimga jiddiy qarab:


– Bizda Shekspir asarlarini o‘qimagan kishi ziyoli hisoblanmaydi, – deb javob beribdi. Shunda tanishim unga:


– Siz suhbat asnosida oilangiz haqida ham gapira turib, qizingiz universitetga tayyorlanayotganini aytdingiz. U ham Shekspir asarlarini o‘qiydimi? – deb so‘rabdi.


Kema boshqaruvchisi:


– Qizim Shekspirni tushunishi uchun maxsus o‘qituvchi ham yollaganman, – debdi...


E’tibor bering-a, angliyalik bir kishi 4 asr oldin vafot etgan bir adib asarlarini farzandlariga o‘rgatyapti. Bizda-chi: qaysi birimiz bolalarimizga har kuni Alisher Navoiy asarlaridan, oz-oz bo‘lsa-da, o‘qityapmiz. Qay bir o‘zbek xonadonida serial ko‘rilmay, uning o‘rniga Ahmad Yassaviy, Boborahim Mashrab, Zahiriddin Muhammad Bobur, So‘fi Olloyor asarlari mutolaa qilinyapti? Telefon, gadjetlarni bir chetga surib, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon, Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi ma’rifatparvar bobolarimizning kitoblarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qiyotgan mutolaa shaydolari bormi?


Bir ingliz o‘z farzandiga 20 ming so‘z ishlatgan Uilyam Shekspir kitoblarini alohida o‘qituvchi yollab o‘rgatar ekan, takrorsiz 75 ming so‘z qo‘llagan Navoiyning, 22 ming kalima ishlatgan Oybekning, 22 ming so‘zdan istifoda qilgan Abdulla Qahhor kitoblarini o‘rganishga, o‘rgatishga e’tiborsizligimizni qanday baholash mumkin?!


Besh yuz yil oldin yashagan Navoiy hazratni qo‘ya turaylik, 20 yil oldin omonatini topshirgan Shukur Xolmirzayevni bugun o‘qiyotganlar bormi? 10 yil oldin boqiy dunyoga rihlat qilgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning kitoblarini-chi?!


Xo‘sh, biz-chi? Kecha necha bet kitob o‘qidik, bugun qancha o‘qiymiz?


Kitob o‘qimagan odam ma’naviy jihatdan qashshoqlashib boraveradi. Oxiri u yuqorida keltirilganidek (Alloh asrasin!): “Kitob nima ham berardi?” degan gapni aytishdan ham tap tortmaydi.


Farzandlarimizni kitobga qanday oshno qilishimiz mumkin? Bu jarayonda, avvalo, oilaviy muhit muhim ahamiyatga ega. Ya’ni ota-onaning, do‘stlarning, ustozu murabbiylarning yoshlarni kitobga mehrli qilishda turli targ‘ibot usullarini qo‘llashlari kerak. Ba’zan bir og‘iz shirin so‘z ham insonning kelajagiga poydevor bo‘lishi mumkin.


Bugun farzandlarimizga Imom Qatoda rahimahullohning bir tuya kitobni yod olganini, Imom Sha’biyning: “Oq narsaga yozilgan har bir narsani yod oldim”, degan so‘zini, Ashraf Ali Tahonaviyning qisqa umri davomida bir yarim mingta kitob yozganini, Ibn Rushd umri davomida ikki kecha: uylangan va otasi vafot etgan kecha kitob o‘qiy olmagani uchun afsuslanganini bot-bot eslatib turishimiz zarur. Shunda ular kitobga oshno bo‘ladilar.


Hasan Basriy rahmatullohi alayh tushida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ko‘radi va u zotdan: “Yo Rasululloh, menga nasihat qiling”, deydi. Nabiy alayhissalom: “Kimning ikki kuni bir xil o‘tsa, u zarardadir. Kimning ertasi bugunidan yomon bo‘lsa, u la’natlangandir. Kim o‘z kamchiliklarini tuzatib bormasa, u tanazzulga uchraydi. Kim tanazzulga uchrasa, uning uchun o‘lim yaxshiroqdir”, dedilar (“Hilyatul avliyo”).


Xulosa qilib aytsak, ildizidan uzilgan daraxtning qurishi muqarrar bo‘lgani singari kitob mutolaasidan uzoqlashgan, Qodiriy, Avloniy, Behbudiylarni, So‘fi Olloyor, Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy asarlarini o‘qimagan, hadislarni bilmagan, Qur’oni karim suralarini yod olmagan kishining ham tanazzulga yuz tutishi turgan gap. Shunday ekan, ko‘p kitob o‘qishga o‘rganaylik, farzandlarimizga ham o‘rgataylik.


Tolibjon NIZOM

Maqolalar