Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yotog'ingga kelganda namozga qanday tahorat qilsang shunday tahorat qil. Keyin o'ng tomoningga yot, so'ngra bunday degin:
“Allohumma aslamtu nafsiy ilayka va favvaztu amriy ilayka va vajjahtu vajhiy ilayka va aljatu zahriy ilayka rag'batan va rahbatan ilayka, laa maljaaa va laa manjaa minka illaa ilayka, aamantu bikitobikallaziy anzalta va binabiyyikallaziy arsalta”(Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim pok holida uxlasa, uning haqiga bir farishta: “Allohim, bu bandangni mag'firat qil. Chunki u pok holida uxladi”, deydi” (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: “Qachon mo'min banda uxlasa, uning ruhi Arshga ko'tariladi. Agar banda tahoratli holida yotgan bo'lsa, uning ruhiga Arshda Alloh taologa sajda qilishiga ijozat beriladi”(Ibn Muborak Kitabu-z-Zuhd, Fathu-l-Boriy).
Ijliy rahimahulloh aytadi: “Kim tahorat olgan holida Alloh taoloni zikr qilib o'rniga yotsa, to uyg'onguniga qadar Alloh taoloning ibodatida qoim bo'lganlar savobiga musharraf bo'ladi”(Fathu-l-Boriy).
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
Muhammad Akmalxon domla Shokirov xotiralari