NAZM
Ilm sifatig'a ishoratdur
Yana biri ilmdur sifatlaridin,
Olimul-g'ayb bo'ldi otlaridin.
Fikru andishadin emas bu ilm,
Kasb ila peshadin emas bu ilm.
Tog'da tosh, tuzda qum adadlarini,
Anga zohir durur, bilur barini.
NASRIY BAYoN
Allohning sifatlaridan yana biri ilm sifatidir. Uning nomlaridan biri Olimul-g'ayb – g'aybni, olam ahliga noma'lum va pinhon bo'lgan narsalarni mukammal biluvchidir. (Ya'ni, Alloh ta'olo zamon va makondan xoli holda, mavjud va nomavjud – bo'lgan va bo'ladigan narsalarni, katta-kichik – kull va juz' (butun va bo'lak, mumkin va nomumkin), yashirin va oshkor hamma narsani va har bir hodisani eng yaxshi tarzda biluvchi va butun bilimlarning manba'i bo'lgan Zotdir.)
Bu ilm fikr va andishadan – xayol, mulohaza va tasavvurdan emas, shuningdek, kasb bilan peshadan – mehnat qilib birovdan olinadigan, urinish, tirishish bilan egallanadigan ilm ham emas.
Tog'dagi (kattayu kichik) toshlar, cho'ldagi qumlarning sanoqlari ham Allohga ma'lumdir, U zot barchasini mukammal biladi.
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. O‘zini Ahmad deb tanishtirib, qo‘limga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli o‘tsin. Mening vazifam – sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi – halol xizmat ila yetkazish”.
Yo‘lda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.
— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:
— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin ko‘pchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolg‘on gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.
— Keyin nima bo‘ldi?
— Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi ko‘p narsa tanlovimga bog‘liq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim ko‘p, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. Oson yo‘lni tanlasam — pul bo‘lishi mumkin, lekin baraka bo‘lmaydi. Shunda o‘zimga so‘z berdim: endi ishimni halol qilaman. Yo‘lni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni o‘g‘irlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman.
Natijasini Alloh ko‘rsatdi. Birinchi yilning o‘zida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa to‘rt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.
Bu so‘zlar meni o‘yga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qo‘yiladigan eng to‘g‘ri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.
Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi