2020 yil 26 oktyabr' kuni e'lon qilingan Muslim 500-2021 reytingida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari nomlari ham keltirilgan. Ta'kidlash joizki, muftiy hazratlari ushbu ro'yxatdan 2009 yildan buyon o'rin egallab kelayotgan kam sonli nufuzli din peshvolaridan biridirlar.
Ushbu ro'yxat Iordaniyaning Ammon shahridagi Qirollik strategik Islom tadqiqotlar markazi tomonidan e'lon qilindi. Bu haqda http://themuslim500.com/ xabar bermoqda.
Bu yil Muslim 500-2021 reytingida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an birinchi o'rin. Undan keyin Saudiya qiroli Salmon ibn Abdulaziz va Eronning Oliy diniy rahnamosi Oyatulloh Said Ali Hamenei bor.
Dastlabki beshlikni 1999 yildan beri Iordaniya qiroli, Quddusdagi muqaddas qadamjolar qo'riqchisi Abdulla II ibn Husayn al-Hoshimiy va etakchi islom mutafakkiri, islom moliyasi asoschilaridan biri Shayx Muhammad Taqi Usmoniy yakunlaydi.
Top-50 tarkibiga Pokiston Bosh vaziri Imron Hon (15 o'rin), Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon (23 o'rin), Tojikistonda yashovchi dunyodagi ismoiliylarning ma'naviy yo'lboshchisi Shoh Karim al-Husayniy (30 o'rin), misrlik futbolchi Muhammad Saloh (42 o'rin) ham kiritilgan.
Shuningdek, reytingda prezidentlar Ilhom Aliyev (Ozarbayjon), Gurbanguli Berdimuhammedov (Turkmaniston), Emomali Rahmon (Tojikiston), Ramzan Qodirov (Checheniston) hamda UFCning engil vazn bo'yicha chempioni Habib Nurmagomedov va boshqalar o'rin egallagan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
وَقَالَ ابْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: كَانَ مِنْ دُعَاءِ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ زَوَالِ نِعْمَتِكَ، وَتَحَوُّلِ عَافِيَتِكَ، وَفُجَاءَةِ نِقْمَتِكَ، وَجَمِيعِ سَخَطِكَ. رَوَاهُمَا مُسلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ.
Ibn Umar roziyallohu anhumo dedi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolarida «Allohim! Albatta, men Sendan ne’matingning zavol bo‘lishidan, ofiyatingning burilishidan, to‘satdan keladigan ofatingdan va barcha g‘azabingdan panoh tilayman» bor edi».
Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifda to‘rt narsadan panoh so‘ralmoqda:
1. Ne’matning zavolidan.
Alloh taolo O‘zi bergan ne’matni O‘zi ketkazib qo‘yishi hech gap emas. Banda uchun unga berilgan ne’matning zavolga uchrashi katta baxtsizlik bo‘ladi.
Ne’matning zavoli ko‘proq unga shukr qilmaslik oqibatida sodir bo‘ladi. Ne’matning zavoli uning ozayishi, nuqsonga uchrashi, barakasining ketishi yoki butunlay yo‘q bo‘lishi bilan bo‘ladi.
Banda o‘ziga berilgan ne’mat uchun doimiy shukr qilish bilan birga, ushbu duoni ham qilib tursa, yaxshi bo‘ladi.
2. Ofiyatning burilishidan.
«Ofiyat» so‘zi salomatlik, eson-omonlik, bardamlik, yaxshi kayfiyat kabi ma’nolarni ifoda qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, ofiyat ham Alloh taoloning katta ne’matlaridan biri ekan. Uning bandadan boshqa tarafga o‘tishi uning uchun katta musibat bo‘lishi turgan gap.
Shuning uchun doimo Alloh taolodan ofiyatning boshqa tarafga burilib ketishidan panoh so‘rab turish lozim bo‘ladi.
3. To‘satdan keladigan ofatdan.
Bunday ofat to‘satdan kelgani uchun banda tavba ham qila olmay, baloni daf qilish uchun chora ham ko‘ra olmay qoladi. Butun dunyo birlashib, unga yordam bermoqchi bo‘lsa ham, zarracha yordam bera olmay qoladi.
Alloh taoloning O‘zi bu kabi uqubatlardan doimo asrasin.
4. Allohning barcha g‘azabidan.
Ya’ni Alloh taoloning g‘azabiga sabab bo‘ladigan ishlardan panoh so‘ralgan. Chunki Alloh taoloning har qanday g‘azabiga duchor bo‘lgan banda albatta halok bo‘ladi, noumid bo‘ladi va yutqazadi.
«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi