Fiqhiy mazhablar tarixi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning tarixlariga bog'liqdir. U zot alayhissalom hayotlik paytlarida shariatga bog'liq barcha masalalarning echimini o'zlaridan so'ralar va U zotning so'zlari masalaga oxirgi nuqtani qo'yar edi. Lekin o'sha paytda ham ijtihod bo'lgan. Sahobalar U zotga murojaat qilishning iloji bo'lmaganda yoki Madinadan chiqishganida ijtihod qilishgan va Madinaga qaytishganda Payg'ambarimiz alayhissalomdan ijtihodlarining to'g'ri yoki noto'g'ri ekanini so'rab bilib olishgan. U zot alayhissalom yo sahobalarning xatosini to'g'irlaganlar yoki ularning ijtihodlarini to'g'riligini tasdiqlaganlar. Ba'zan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir ishga buyursalar sahobai kiromlar uni turlicha tushunib, o'zaro fikr mulohaza qilar edilar. Bunga misol, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga shunday dedilar:
"لَا يُصَلِّيَنَّ أَحَدٌ الْعَصْرَ إِلاَ فِي بَنِي قُرَيْظَةَ" (رواه الإمامُ البخاري عن ابن عمرَ رضي الله عنهما)
ya'ni: “Biror kishi asr namozini Banu Qurayzadan boshqa joyda o'qimasin!” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Shunda ba'zi sahobalar: “Asr namozini faqat, Banu Qurayzada o'qiymiz”, – deb asr namozi vaqti kirgan bo'lsa ham uni o'qimasdan yo'lda davom etdilar. Ba'zi sahobalar esa: “Rasululloh bu gaplari bilan bizni tez yurishga undadilar, asrni o'qib olib, tez yurib ketaversak zarari yo'q” , – deb yo'lda asrni o'qib oldilar. Keyin Rasulullloh sallallohu alayhi vasallamga ikki tomonning ham ishlari bayon qilinganda, ikkisi ham to'g'riligini aytdilar.
Ikkinchi misol, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuni yamanliklarga islomni o'rgatish uchun yuborganlar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu jo'nab ketayotgan paytlarida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam u kishini to'xtatib shunday deganlar:
" كَيْفَ تَقْضِي إِذَا عَرَضَ لَكَ قَضَاءٌ" قَالَ: "أَقْضِي بِكِتَابِ اللَّهِ" قَالَ: "فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي كِتَابِ اللَّهِ" قَالَ: "فَبِسُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم" قَالَ: "فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي سُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَلاَ فِي كِتَابِ اللَّهِ" قَالَ: "أَجْتَهِدُ رَأْيِي وَلاَ آلُو" فَضَرَبَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم صَدْرَهُ وَقَالَ: "الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَفَّقَ رَسُولَ رَسُولِ اللَّهِ لِمَا يُرْضِي رَسُولَ اللَّهِ" (رَوَاهُ الإِمَامُ أبو داود والإِمَامُ الترمذي)
ya'ni: “)U erda sizga) biror masala duch kelsa, qanday qilib hukm chiqarasiz?”. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu “Allohning kitobi ila”, – deb javob berdilar. Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam: “Allohning kitobidan topa olmasangizchi?” – deb so'radilar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu: “Rasulullohning sunnatlari bilan”, – deb javob berdilar. Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam: “Rasulullohning sunnatlaridanham topa olmasangizchi?” – deb so'radilar. Shunda Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu: “Qarab turmasdan, fikrim ila ijtihod qilaman”, – dedilar. Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam (bu javoblardan g'oyat mamnun bo'lib) Muozning ko'ksiga uribdilar va: “Rasulullohning elchisini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Sahobalar davri
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin ixtiloflar juda kam edi. Odamlar bilmagan narsalarini asosan xalifalar va katta sahobalardan so'rar edilar. Halifalar qiyin masalalarni echish uchun eng bilimdon sahobalarni yig'ib mashvarat qilishar va fatvo berishardi (Alloh ulardan rozi bo'lsin). Keyinchalik sahobalar turli shaharlarga tarqab ketdilar. Odamlar o'zlari suhbatiga etishgan olim sahobalarning fatvolariga amal qilishardi. Hususan, sahobalar davrining oxirida ahvol shunday edi. Shunday qilib odamlar ishonchli manbadan sof va to'g'ri ma'lumotlarni olishardi va ularning so'ziga, ba'zi masalalarni hisobga olmasa, to'liq amal qilishardi. O'sha davrning markaziy shaharlari Madinada Abdulloh ibn Umar, Kufa shahrida Abdulloh ibn Mas'ud, Makkada Abdulloh ibn Abbos, Misrda Abdulloh ibn Amr ibn Osning (Alloh ulardan rozi bo'lsin) fatvolariga amal qilinardi. Aynan mana shu davrlarda sahobalar mazhabi shakillanganini ko'rish mumkin.
Tobe'in va taba tobe'inlar davri
Tobe'inlar davrida ham ish xuddi mana shunday davom etdi. Odamlar asosan sahobalardan ilm olgan katta tobe'inlarning fatvolariga amal qilishgan.
Ulardan keyin taba tobe'inlar davrida savollar va yangi hodisalar ko'payib ketdi. Fatvoga ehtiyoj ortdi. Shunda bir qancha katta ilm sohiblari yuzaga chiqdilar. Ular: Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Avzo'iy, Imom Ja'fari Sodiq, Imom Muhammad ibn Boqir, Imom Al-Lays ibn Sa'd va boshqalar edi (Alloh ularni rahmat qilsin). Ulardan keyin ulug' fuqaholar bo'y ko'rsatdilar. Ular: Imom Shofe'iy, Imom Ahmad, Imom Sufyon ibn Uyayna, Imom Ishoq ibn Rohavayh, Imom Ali ibn Madiniy, Imom Dovud ibn Ali va boshqalar edi (Alloh ularni rahmat qilsin).
Yuqorida zikr qilingan zotlarning har birining o'ziga xos ijtihodlari bo'lgan. Ulardan birining biror masalada o'z ra'y (yondoshuv, fikr)i bo'lsa, buni mazhab deyilardi. Ularning hamma ijtihodlarini jamlanmasini ham mazhab deb atalgan. Demak, u zotlarning har birini o'ziga xos va mustaqil mazhabi (masalani echish, savollarga javob berishda o'ziga xos yondoshuvi) bo'lgan.
Fiqhiy mazhablarning shakllanishi
Shundan keyin bu zotlarning shogirdlari ularning ishlarini davom ettirishdi. Ba'zi masalalarda ustozlarining ijtihodlariga xilof qilishgan bo'lishsada, fatvolarning asosiy qismida o'z imomlariga ergashdilar va ularning mazhablarini qo'llab quvvatladilar. Lekin zamonlar o'tishi bilan 20 ga yaqin mazhablar ichidan faqat 4 tasi qoldi. Qolganlarining ba'zi fatvolari turli kitoblarda uchrab turadi xolos. Demak, fiqhiy mazhablar ba'zilar da'vo qilgani kabi ummatning bo'linishi emas balki uning birlashishidir. Saqlanib qolgan 4 mazhab:
Bu mazhablarning saqlanib qolishiga asosiy sabab mazhab imomining shogirdlari ko'pligi, mazhab masalalari kitob shakliga keltirilganligi, boshqa talabalarga mazhabning fatvolari dars qilib berilganidir.
Imom ibn Ahmad ash-Sha'roniy (vaf. 973/1565) o'zlarining “Al-Miyzan ash-sha'roniya” asarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan: “Mazkur to'rt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning ta'limotlari boshqa mazhablardan kuchliroq bo'lgani uchun emas, balki to'rt mazhab boshqa o'n to'rt mazhab ta'limotini ham qamrab olganidir”.
Hanafiy mazhabi fatvo berishda Qur'oni karim, sunnat va sahobalarning so'zlaridan keyin asosan ijtihod (qiyos)ga suyanganlari uchun tarixda ularni ba'zilar “Ahli ra'y” deb ataganlar. Lekin aslida fiqhiy mazhablarning hammasini “Ahli ra'y”, deganlar ham ko'pchilikni tashkil qiladi. Hanafiy mazhabining boshlanishi Kufa shahrida bo'lgan keyin Iroq, Shom, Huroson, Yaman va Misrga tarqalgan. Qirqqa yaqin olimlar bu mazhabning tarqalishiga kitob yozib xizmat qilganlar. Ulardan eng mashhurlari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad, Imom Zufar va boshqalar edilar.
Horun ar-Rashid xalifalikni qo'lga olgach Imom Abu Yusufni bosh qozi mansabiga ko'taradi va qozilarni tayinlashni unga topshiradi. Imom Abu Yusuf qozilarni hanafiy mazhabidan tayinlar edilar. Keyinchalik Usmoniylar xalifaligi davrida ham qozilar faqat Hanafiy mazhabidan tayinlangan. Bu holat Hanafiy mazhabining obro'-e'tiborini nihoyatda oshirgan. Hozirgi kunda ham Hanafiy mazhabi sharqda: Huroson, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, O'rta Osiyo va Qozog'iston, Turkiyada ustun mazhab hisoblanadi. Iroq, Shom va Misr diyorlarida ham Hanafiy mazhabi tarqalgan. Hanafiy mazhabining mashhur kishilari Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad, Imom Moturdiy, Ibn Nujaym al-Hanafiy va boshqalar.
Mazhabga ergashish tabiy ishdir
Yuqoridagi ma'lumotlarni chuqur o'ylab ko'rsak mazhabga ergashish har bir holatda bizni ta'qib qiluvchi tabiiy ish ekanligini tushunib etamiz. Mazhabga ergashishni xato hisoblovchi toifalar ham garchi ummat tan olgan to'rt imomga ergashmasada, umumiy ma'noda ergashuvchi hisoblanadi. Farzandlar otalarga ergashadilar. Chunki bola namoz o'qishda otasini ko'rib, uning qanday namoz o'qishini kuzatib, shunga qarab namozni o'rganadi. Bilmagan narsalarini so'raydi, o'rganadi. Shariat ishlarida bilmagan narsasini so'rash, o'rganish gunoh-ma'siyat, bid'at yoki yomon ish emas. E'tibor bersak, odamlar nafaqat din ishlarida balki dunyoviy ishlarda ham bir birlariga taqlid qiladilar.
Tibbiyot oliygohini tugatib shahodatnoma olgan shifokor hech qachon nazariy bilimlarning o'zi bilan bemorlarni muolaja qilishni boshlamaydi. Albatta o'z sohasini yaxshi bilgan, mohir shifokorning suhbatida bo'lish, bir qancha vaqt uning amaliyotlarini kuzatish, ba'zi savollar bilan murojaat qilib o'ziga kerakli ko'nikmani hosil qilgandan keyingina mustaqil faoliyatga kirishadi. Zotan, dunyoviy ishda shunchalik bo'lgach, dunyo va oxirat saodatini o'ylagan, do'zah azobidan xalos bo'lib, jannat ne'matlariga musharraf bo'lish uchun ummat e'tirof qilgan, ijtihodlariga tasannolar aytgan buyuk imomlarga ergashmaslik jaholat, kibr va qaysarlikdan boshqa narsa emas. Holbuki, dunyo ishlarida aql ishlatish, birovdan so'ramay o'z bilganicha ish qilish ko'p hollarda zarar keltirmaydi. Ammo, oxirat ishining manbasi Allohning kalomi va Rasulining sunnati bo'lib, uni tushunish, anglab etishning o'ziga yarasha usuli va yo'rig'i bordir. Bunda mohir mutaxassislarga ergashilmasa zarar ko'rish, zalolatga ketish, qadamlar toyilishi ehtimoli yuqoridir. Islom ummati Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe'iy va Imom Ahmad ibn Hanballarni ana shunday mohir mutaxassis deb e'tirof qilganlar. (“Taqlidush shar'iya va ahamiyatuhu fil islam” kitobi, 85-bet).
Muhaddis Abdulhaq Dehlaviy rohimahulloh to'rt mujtahid imomlar haqida shunday deganlar: “Islom dinining to'rtta uyi, ya'ni to'rtta yo'li bor. Kim shu yo'llardan boshqasini tutsa, batahqiq adashibdi”(“Sharhu safarus-sa'ada” 1 jild, 21 sahifa).
Shoh Valiyulloh Dehlaviy “Muvatto” kitobining sharhida: “To'rt mujtahid imomlarning ilmi butun Islom shariatini qamrab olgan”, deganlar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo'limi mutaxassisi
Abdug'ofur Niyozqulov
Imom Abul Mu’in Nasafiy rahmatullohi alayh "Tabsiratul adilla" asarlarida Xuroson va Mavoraunnahr aholisi hanafiylikni Imomi A’zam rahmatullohi alayhning yetakchi shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy, uning shogirdi Abu Suraymon Juzjoniy, uning do‘sti Shayx Abu Bakr Ahmad, Shayx Is'hoq Sobih Juzjoniy, Imom Abu Bakr Juzjoniy, Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy Ansoriy va Imom Moturidiy silsilasi orqali o‘rgangan deb keltiradi. Imom Nasafiyning ta’kidlashlaricha bu olimlar ilk davrdan boshlab Movarounnahrning barcha hududlarida hamda Xurosonning Marv va Balx shaharlarida hanafiylik mazhabini yoyishda jonbozlik ko‘rsatishgan.
Imom Moturidiy rahimahulloh Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodiy qarashlarini yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari mintaqamizda hanafiylik tarqalishida muhim hissa qo‘shganlar.
Kosonsoy tuman "Buzrukho‘ja" jome masjidi imom-xatibi
Sodiqjon Abdurahmanov
Manba: @Softalimotlar