Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Fevral, 2026   |   17 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:10
Quyosh
07:30
Peshin
12:42
Asr
16:02
Shom
17:48
Xufton
19:02
Bismillah
05 Fevral, 2026, 17 Sha`bon, 1447

Tilimiz nufuzi o'zimizga bog'liq

23.10.2020   2149   2 min.
Tilimiz nufuzi o'zimizga bog'liq

Davlat tili faqat Til bayramida emas, balki doimiy ravishda davlatimiz va millatimiz ardog'ida bo'lishi shart.

Mustabid tuzum davrida, uzoq yillar davomida tilimizga e'tiborsizlik, zug'um va cheklashlarni ko'rdik, afsus va nadomatlarni boshdan o'tkazdik. Yig'inlarda Yevropa millatiga mansub biror inson qatnashsa, o'zga tilda ma'ruza qildik, so'zga chiqqan millatdoshlarimiz g'ayri tilni bilmasa-da, qog'ozga yozib berib o'qitdik.

Ming shukrki, mustaqillikka erishib, ona tilimiz davlat tili maqomiga ega bo'ldi. Lekin, ochig'ini aytsam, hali ham ko'pgina rasmiy hujjatlar rus tilida yuritilmoqda.

Oliy ta'lim tizimida davlat imtihonlarida birinchi bo'lib o'zbek tili emas, ingliz tili qo'yilganidan taajjubdaman. O'z ona tilini mukammal bilmagan inson o'zga tillarni ham puxta egallashi amri mahol. Nega chet tilini o'zbek tili qolib, rus tili orqali o'rganamiz?! Oqibatda tarjimon ruscha fikrlaydigan bo'ladi. Nega ona tilimiz bu sohada ham uchinchi darajada qolmoqda?

Mustaqilligimizga qariyb o'ttiz yil bo'layotganiga qaramay, mamlakatimiz shahar va tumanlari u yoqda tursin, hatto chekka qishloqlarimizga ham ajnabiy atamalar va reklamalar kirib bormoqda. O'zbek tilida har qadamda xato yozilgan lavhalarga ko'zimiz tushayotir.

Tilimiz qadri, Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, umummillat himoyasida bo'lmog'i kerak-ku! Bu esa, ayniqsa, keksa avloddan katta mas'uliyat talab etadi, nazarimda. Chunki farzandlar va nabiralar dastlabki bilim va ko'nikmani siz bilan bizdan, oiladan olishadi.

Bundan tashqari, deyarli hamma telekanallar ko'rsatuvlarida boshlovchilarning o'zbekcha iboralarga rus va boshqa ajnabiy tillardagi so'zlarni aralashtirib gapirishlari, beo'xshov talaffuzlari g'ashga tegadi.

Ayrim hollarda esa tuppa-tuzuk tilshunos olimlar ham adabiy til bilan shevalarni qorishtirib ishlataverishadi. Ko'pgina kinolardagi qahramonlar shevada gapiradi, kinostsenariylar nahotki shunday yozilgan bo'lsa?

Ona tilimizning nufuzini muttasil oshirib borish har birimizning doimiy burchimizga aylanishi lozim.

 

Mansur ZOIROV,

Surxondaryo viloyati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda

04.02.2026   6949   2 min.
Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda

#xabar #KPI #imom_xatib #faoliyat 

Bugungi kunda diniy soha xodimlari faoliyatida samaradorlikni oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek, o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqat va fidoiylikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va ularning noiblari mas’uliyatini yanada oshirish, faoliyatini tahliliy asosda baholash, mehnatlarini munosib rag‘batlantirish hamda zaruratga ko‘ra lavozim bo‘yicha qarorlar qabul qilish maqsadida KPI tizimi joriy etilmoqda.


Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tuman hamda shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda mazkur tizimdan foydalanish tartibi atroflicha tushuntirilmoqda. Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov tomonidan KPI tizimining afzalliklari, shuningdek, mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlarni tizimga kiritish amaliyoti batafsil yoritib berilmoqda.


Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, KPI (Key Performance Indicator) — tashkilot yoki xodim faoliyati samaradorligini baholashda qo‘llaniladigan asosiy ko‘rsatkichlar tizimi hisoblanadi. U shaxs yoki muassasaning belgilangan maqsadlarga qay darajada erishganini aniq ko‘rish imkonini beradi hamda jahon amaliyotida turli sohalarda samarali boshqaruv mezoni sifatida qo‘llaniladi. Mazkur tizim vazifalar ijrosini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash, mas’uliyatni oshirish va faoliyatdagi kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qiladi. Bu esa diniy-ma’rifiy ishlar, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini yanada samarali tashkil etish imkonini yaratadi.


KPI tizimining joriy etilishi diniy sohada samaradorlik va natijadorlikni oshirish, jumladan, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda Imom-xatiblar faoliyatini baholash uchun KPI tizimi joriy etilmoqda
O'zbekiston yangiliklari