Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Fevral, 2026   |   18 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:09
Quyosh
07:29
Peshin
12:42
Asr
16:03
Shom
17:49
Xufton
19:03
Bismillah
06 Fevral, 2026, 18 Sha`bon, 1447

Tilimiz nufuzi o'zimizga bog'liq

23.10.2020   2158   2 min.
Tilimiz nufuzi o'zimizga bog'liq

Davlat tili faqat Til bayramida emas, balki doimiy ravishda davlatimiz va millatimiz ardog'ida bo'lishi shart.

Mustabid tuzum davrida, uzoq yillar davomida tilimizga e'tiborsizlik, zug'um va cheklashlarni ko'rdik, afsus va nadomatlarni boshdan o'tkazdik. Yig'inlarda Yevropa millatiga mansub biror inson qatnashsa, o'zga tilda ma'ruza qildik, so'zga chiqqan millatdoshlarimiz g'ayri tilni bilmasa-da, qog'ozga yozib berib o'qitdik.

Ming shukrki, mustaqillikka erishib, ona tilimiz davlat tili maqomiga ega bo'ldi. Lekin, ochig'ini aytsam, hali ham ko'pgina rasmiy hujjatlar rus tilida yuritilmoqda.

Oliy ta'lim tizimida davlat imtihonlarida birinchi bo'lib o'zbek tili emas, ingliz tili qo'yilganidan taajjubdaman. O'z ona tilini mukammal bilmagan inson o'zga tillarni ham puxta egallashi amri mahol. Nega chet tilini o'zbek tili qolib, rus tili orqali o'rganamiz?! Oqibatda tarjimon ruscha fikrlaydigan bo'ladi. Nega ona tilimiz bu sohada ham uchinchi darajada qolmoqda?

Mustaqilligimizga qariyb o'ttiz yil bo'layotganiga qaramay, mamlakatimiz shahar va tumanlari u yoqda tursin, hatto chekka qishloqlarimizga ham ajnabiy atamalar va reklamalar kirib bormoqda. O'zbek tilida har qadamda xato yozilgan lavhalarga ko'zimiz tushayotir.

Tilimiz qadri, Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, umummillat himoyasida bo'lmog'i kerak-ku! Bu esa, ayniqsa, keksa avloddan katta mas'uliyat talab etadi, nazarimda. Chunki farzandlar va nabiralar dastlabki bilim va ko'nikmani siz bilan bizdan, oiladan olishadi.

Bundan tashqari, deyarli hamma telekanallar ko'rsatuvlarida boshlovchilarning o'zbekcha iboralarga rus va boshqa ajnabiy tillardagi so'zlarni aralashtirib gapirishlari, beo'xshov talaffuzlari g'ashga tegadi.

Ayrim hollarda esa tuppa-tuzuk tilshunos olimlar ham adabiy til bilan shevalarni qorishtirib ishlataverishadi. Ko'pgina kinolardagi qahramonlar shevada gapiradi, kinostsenariylar nahotki shunday yozilgan bo'lsa?

Ona tilimizning nufuzini muttasil oshirib borish har birimizning doimiy burchimizga aylanishi lozim.

 

Mansur ZOIROV,

Surxondaryo viloyati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Alloh Rasululloh ﷺni tavakkul qilishga buyurdi

04.02.2026   2496   5 min.
Alloh Rasululloh ﷺni tavakkul qilishga buyurdi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

QUR’ONI KARIMDA TAVAKKUL QILISHNING FAZLI

Qur’oni karimni tavakkul qilishga undashi, uning ahlini madh etishi hamda dunyo va oxiratda foydasi, fazlini bayon qilishi xayratlanarli narsa emas.

 

ALLOH TAOLO RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI TAVAKKUL QILISHGA BUYURDI

Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tavakkul qilishga Qur’oni karimning to‘qqiz oyatida buyurgan.

Makkiy oyatlarda:

  1. Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkul qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et[1].
  2. Bas, Unga ibodat qil va Ungagina tavakkul qil[2].
  3. Va aziz va mehribon zotga tavakkul qil. Seni qoim bo‘lganingda ko‘radigan. Va sajda qilguvchilar ichida harakatlanishingni (ko‘radigan) zotga. Albatta, Uning O‘zi o‘ta eshitguvchi va o‘ta bilguvchi zotdir[3].
  4. Bas, sen Allohga tavakkul qil. Albatta, sen ochiq-oydin haqdadirsan.[4]

 

Madaniy oyatlarda:

5. Bas, ularni afv et. Ularga istig‘for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkul qil. Albatta, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevadir.[5]

6. Ular, itoat, derlar. Huzuringdan chiqqach esa, bir toifalari aytganingdan boshqaga xufyona til biriktiradilar. Alloh xufyona til biriktirgan narsalarini yozib qo‘yadi. Bas, ulardan yuz o‘gir va Allohga tavakkul qil. Vakillikka Allohning O‘zi kifoya qilur.[6]

7. Agar ular tinchlikka moyil bo‘lsalar, sen ham moyil bo‘l. Va Allohga tavakkul qil. Albatta, U eshitguvchi va bilguvchi zotdir.[7]

8. Va faqat Allohga tavakkul qil. Vakillikka Alloh kofiydir.[8]

9. Kofir va munofiqlarga itoat etma. Ularning ozorlariga parvo qilma. Allohga tavakkul qil. Vakil bo‘lishga Allohning O‘zi kifoyadir[9].

Shuningdek, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning tavakkul qilishlariga farmon “vakil tut” ko‘rinishida ham kelgan:

﴿رَبُّ الْمَشْرِقِ وَالْمَغْرِبِ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ فَاتَّخِذْهُ وَكِيلًا﴾

U mashriqu mag‘ribning Robbisidir. Undan o‘zga ibodatga sazovor iloh yo‘q. Bas, Uni o‘zingga vakil tut[10].

Qur’ondagi ushbu oyatlar ne’mat egalarini kazzoblarga yo‘liqqanda Allohga tavakkul qilish bilan yordam so‘rashga, aytgan so‘zlariga sabr qilishga va ularni go‘zal tark qilishga undaydi.

Alloh taolo Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga tavakkul qilishlarini e’lon qilishga ham bir necha marta buyurgan:

﴿فَإِنْ تَوَلَّوْا فَقُلْ حَسْبِيَ اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَهُوَ رَبُّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِ﴾

«Bas, yuz o‘girib ketsalar, sen: Menga Allohning O‘zi yetarli. Undan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘q, Unga tavakkul qildim, U ulug‘ arshning Robbisidir, degin»[11].

Ma’lumki, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga buyurilgan ushbu ishlarning hammasi mukallaf (voyaga yetgan, aqli raso) bo‘lgan ummatning barchasiga ta’luqlidir. Biz buni faqatgina xos insonlarga demaymiz, xuddiki:

﴿وَأَقِمِ الصَّلَاةَ طَرَفَيِ النَّهَارِ وَزُلَفًا مِنَ اللَّيْلِ إِنَّ الْحَسَنَاتِ يُذْهِبْنَ السَّيِّئَاتِ ذَلِكَ ذِكْرَى لِلذَّاكِرِينَ﴾

Kunduzning ikki tarafida va kechaning bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qil! Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. Bu esa, eslovchilarga eslatmadir”[12] oyatini xos insonlarga demaganimizdek. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga buyurilgan tavakkul barcha ummat uchundir.


Yusuf Qarazoviy rahimahullohning
"Tavakkul" kitoblaridan


[1] Furqon surasi, 58-oyat.
[2] Hud surasi, 123-oyat.
[3] Shu’aro surasi, 217-220-oyat.lar.
[4] Naml surasi, 79-oyat.
[5] Oli-Imron surasi, 159-oyat.
[6] Niso surasi, 81-oyat.
[7] Anfol surasi, 61-oyat.
[8] Ahzob surasi, 3-oyat.
[9] Axzob surasi, 48-oyat.
[10] Muzzammil surasi, 9-oyat.
[11] Tavba surasi, 129-oyat.
[12] Hud surasi, 114-oyat.

Maqolalar