Qadimda elchilar tili va gapirish ohangiga razm solib, o'sha xalq madaniyati, dini va urf-odatlarini ilg'ab olishgan. Hadisi sharifda: “She'rda sehr, bayonda hikmat bor”, deyiladi.
Yahyo ibn Maoz aytadi: “Qalblar ham qozon kabi ichidagi bor narsa bilan qaynaydi, tillar esa uning cho'michidir. Biron kishi gapirayotganida unga nazar solib tursang, uning tili qalbida bor narsani olib chiqayotganini ko'rasan. Ya'ni, u dilning ta'mini bayon qiladi”.
Qur'oni karim sahifalarini jamlashga kirishgan hazrat Usmon roziyallohu anhu eng sof va chiroyli Quraysh lahjasini tadbiq etishga jiddiy e'tibor bergan. Yusuf Hos Hojib: “Tilingni avayla, omondir boshing, so'zingni avayla, uzayar yoshing”, deya ta'kidlaydi.
Qariyb 31 yildan buyon 21 oktyabrni o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlaymiz. Biroq hamon ko'cha e'lonlari, do'kon va oshxonalar peshtoqiga aksar kishilar tushunarsiz, chet so'zlarni yozadi. Ayniqsa, lotin alifbosiga asoslangan yozuvimizda “x” va “h” harflarining farqiga borilmaydi.
Aslida ona zaminga xizmat qilish shu kabi narsalardan boshlanmaydimi? Tilimizni davlat tili darajasiga ko'tarishga ko'p mashaqqatlar bilan erishilgan. Ajdodlarimiz bundan 40 yil oldin ham tilimizning davlat tili bo'lishini orzu qilib o'tib ketishgan...
Bugun ushbu ne'mat qadriga etmay, tilimizni buzish, xato talaffuz qilish kabi holatlarga befarqmiz. Qadimdan davlatchiligi shakllangan bir millatligimiz va unga bo'lgan hurmat va bu yurtni, millatni kelajak avlodlarga sof holda etkazish hissi hayolimizga ham kelmayotgandek... Faqat moddiyatni o'ylayapmizmi?
Azim Toshkentning maktablaridan birida ta'lim bergan og'aynimiz hikoya qiladi: “O'quvchilarning ona tili qoidalarini o'rganishga, ya'ni so'z qurilishi, birikmasi, imlo, tinish belgilari haqidagi bilimi etarli emas. Hatto ettinchi-sakkizinchi sinfda o'qiyotgan bolaning diktant, insho yozishda no'noqligi seziladi. Achinarlisi, ular hali etarli bilimga egamasligini tan olishmaydi. Shu maktabda atigi bir yuz yigirmata so'zdan etmish ikkita xato qilgan sakkizinchi sinf o'quvchisi oldida maktabning direktor o'rinbosari, tinish belgilarni xato hisoblamang, deganida afsusdan yoqamni ushladim. Maktab kutubxonalari esa, haligacha etarli adabiyotlar bilan boyitilmayapti...”.
Ko'chada yo'l harakatini buzgan haydovcha yoki yo'lovchi jarimaga tortiladi. Yoki jamoa joylarda hurmatsizlik qilgan qonunbuzar jazodan xoli qolmaydi...
Ko'cha afishalari, reklama taxta yozuvlari, do'konlar tepasidagi yozuvlardagi xatoliklar, ajnabiy yozuvlarning ko'payib ketganini ko'rib, achinib ketadi kishi.
Yaqinda olti yoshli jiyanim “meni salon krasotaga oboring”, deb qoldi. G'alati eshitilgan bu so'zni tushunmaganday opamga qaradim: “Tog'asi, bu sartaroshxonani aytayapti”, deydi.
Ha, ahamiyat bersangiz, ko'p joylarda har besh-olti erdan to'rttasi “salon krasotie” ekan. Yo do'kon peshtaxtasidagi: “2000 hildagi oboylar” degan yozuvga e'tibor bering. Birinchi so'zda “x” harfi o'rniga "h"ni, ikkinchisida ruscha “oboy” so'ziga o'zbekcha “lar” qo'shimchasini qo'llagan. Ushbu iborani chiroyli qilib, sof ona tilimizda “2000 xildagi gulqog’ozlar” deb yozish ham mumkin ediku!
Shunga o'xshash yo'lovchi tashish mashinalaridagi “Litsenziyasiz yo'lovchilarni tashish qonunga xilof” kabi iboralarga diqqat qiling. Bu yozuvni o'qigan kishi yo'lovchilarga ham litsenziya beriladimi, deb hayron bo'lmaydimi?
“Salon krasotie” atamasiga ancha ko'nikib qolgandirmiz balki. Ammo o'qishni endi o'rganayotgan bog'cha bolasi yo maktabga borayotgan uka-singillarimiz, o'g'il-qizlarimiz salon krasotie, deb gapirishi tabiiy hol bo'lib qoldi.
Hulosa o'rnida, har kimning insoniyligi tiliga qay darajada e'tibor berishiga bog'liq. Zero, Haq taolo O'zining “mutakallim”, ya'ni so'zlaguvchi deb atalmish sifatidan bashariyatga ulush qilib bergan katta ne'matni qadrlab, undan xayrli maqsadda foydalanaylik.
Abduvohid O'ROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson ba’zan dunyo tashvishlaridan uzilib, Robbiga yaqinlashishni istaydi. Ana shunday yaqinlikni baxsh etadigan ulug‘ ibodat – ro‘zadir. Ro‘za qadimdan davom etib kelayotgan ilohiy amr bo‘lib, musulmonlarga ham shu azaliy ibodatning mukammal shakli in’om qilindi.
Ramazon oyining ro‘zasini tutish Islomning asosiy ruknlaridan biri bo‘lib, Alloh taolo uni har bir musulmonga farz qilgandir. Bu ulkan ibodatni Alloh taolo ikkinchi hijriy sananing Sha’bon oyida farz qilgan. Qur’oni karimning Baqara surasidagi: “Ey iymon keltirganlar, sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizga ham ro‘za farz qilindi” (Baqara surasi, 183-oyat) oyati ila farz bo‘lgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ro‘za tutib, boshqalarni ham tutishga undaganlar, ko‘plab hadisi shariflarida ro‘zaning farz ekanini bayon etganlar. Ramazon ro‘zasining farz ekanligiga o‘sha vaqtdan hozirgacha hamma musulmonlar ittifoq qilganlar.
Ramazon – oddiy vaqt emas. U Qur’on nozil bo‘lgan, rahmat eshiklari ochilgan, qalblar uyg‘onadigan muborak oydir. Saharlikning sokin barakasi, iftorning shukronali quvonchi, kechalardagi ibodatlarning nuri mo‘min qalbiga alohida huzur baxsh etadi. Tongdan quyosh botguncha davom etadigan ro‘za bandaga har lahzada: “Men buni Alloh uchun qilyapman”, degan sharafni eslatadi.
Ma’lumki, ro‘za avvalgi ummatlarga ham farz qilingan edi. Rivoyatlarda nasroniylarga ham Ramazon ro‘zasi buyurilgani, ammo u og‘ir tuyulgach faslini o‘zgartirib, kunlarini ko‘paytirib yuborganlari zikr qilinadi. Islom esa ro‘zaning asl hukmini saqlab qoldi. Ramazon qaysi faslga to‘g‘ri kelishidan qat’i nazar, mo‘min uni muhabbat va itoat bilan kutib oladi. Chunki ibodatning qadri qulaylikda emas, sadoqatdadir.
Ramazon kirganda ro‘zador inson befoyda, yolg‘on, tuhmat, bo‘hton gap-so‘zlarga mutlaqo yaqin yo‘lamasligi, boshqa birov urish-janjal boshlasa, men ro‘zadorman, deb chetlanishi lozim. Ro‘za tutgan shaxs iloji boricha ko‘proq Allohning zikrini qilsa, Qur’on tilovat qilsa juda yaxshi bo‘ladi. Bu amallar orqali ruhlar poklanadi, qalblar yumshaydi. Bu oyda masjidlar obod bo‘ladi, Qur’on tilovati ko‘payadi, sadaqalar ziyoda bo‘ladi. Inson o‘z nafsidan ustun kelib, haqiqiy ma’naviy erkinlikni his qiladi. Har saharlik – umid, har iftor – shukr, har ibodat – ilohiy yaqinlik lahzasiga aylanadi. Eng oddiy ne’matlar ham qadrli bo‘lib qoladi. Ro‘za insonni sabrga, shukrga, mehrga o‘rgatadi. Tilni yomon so‘zlardan, qalbni gunohning g‘uborlaridan poklaydi. Bir so‘z bilan aytganda Ramazon bandaga Robbiga yaqinlashish uchun berilgan eng bebaho imkoniyatdir.
Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. iftorlik qilib boy-badavlat, kazo-kazolarni iloji boricha aytib faxrlanish, beva-bechora, miskin-faqirlarni aytmaslik esa mutlaqo Islom shariati ruhiga to‘g‘ri kelmaydigan ishdir. Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, iftorlik qilish deganida, albatta uyiga qozon osib, dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga iftorlik taomini olib berish yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlik bo‘ladi. Chunki ro‘zador va haqdor odamni riyokorliksiz iftor qildirilgan bo‘ladi. Ba’zi iftorliklarda xo‘jako‘rsinga, dabdabaga berilib ketib dinmizga zid ishlar aralashtirib yuborish hollari ham uchrab turadi. Bunga o‘xshash noto‘g‘ri tasavvur va ishlarga barham berish kerak.
Alloh taolo tutgan ro‘zalarimizni qabul qilsin, qalblarimizni taqvo bilan ziynatlasin, gunohlarimizni mag‘firat etsin va bizni Ramazon barakasidan to‘liq nasibador aylasin!
O‘TKIR G‘UZAROV,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri