Yaqinda bir saytda juda dolzarb mavzuda yozilgan maqolaga ko'zim tushib qoldi. Ushbu maqolaga «Libos tanani yashirishgami yoki ko'z-ko'z qilishga?» - deb sarlavha qo'yilgan edi.
Muallif ko'pchilikni tashvishga solayotgan muammoni ko'tarib, ayollar qomatini ochiq-oydin ko'z-ko'z qiluvchi tor liboslar va avratlarni ochib, yarim yalang'och yurishi xaqida so'z olib borgan. Uni o'qib chiqqandan keyin «avratni ochib, badanni ko'z-ko'z qilgan behayolarni huzur bilan tomosha qiluvchilarning hukmichi?» degan mavzuni yoritishni lozim topdik. Chunki bugungi kunda behayolarga suqlanib qarovchilar ayni manzara sohibalaridan ko'p bo'lsa ko'pki, aslo kam emas. Bu «kasallik» o'spirin yigitlardan o'tib, yoshi bir joyga borib qolgan keksalar orasida ham uchrab turishi yanada achinarli holdir. Harom qilingan narsalarga tikilishning zarari, gunohi va undan tiyilishning ajr-mukofotlaridan bexabarlikni «inson qalbida bu illatni shakllantiruvchi omil» deb aytish mumkin.
Alloh ko'z ne'matini berar ekan, u bilan birga bandaning zimmasiga bir qancha mas'uliyatlarni ham yuklagan. Har bir ko'z egasi ilohiy farmonga binoan ma'lum narsalarga qarashdan ko'zlarini tiyishi lozim. Nafsimiz xohlagan yo'sinda amal qilar ekanmiz, albatta qiyomatda buning hisobini beramiz.
Qur'oni karimda quyidagicha amr qilinadi:
«Sen mo'minlarga ayt, ko'zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir»(Nur surasi, 30-oyat).
Oyati karimada Alloh taolo qarash harom qilingan narsalarga nazar qilmoqdan tiyilishni vojib deb hukm qilibgina qolmay, ko'zni tiyishning foydasini ham bayon etmoqda. O'sha foyda ma'naviy poklikdir. Demak ko'zni tiyish ma'naviy poklik sari chorlasa, uning aksi o'laroq ko'zni tiymaslik, ma'naviy buzuqlikka olib boradi. Harom narsalarga tikilishning eng xatarli tomoni shuki, bu illat sekin-sekin insonni Allohni zikridan to'sib, shayton yo'liga olib kiradi. Bu esa mal'un Iblis uchun qulay fursatdir. Mo'min bu holatga tushganida shayton darhol uni yana ham sharmandaliroq holga tushirish payiga tushadi. Qalbida vasvasa olovlarini yoqib uni zino tarafga chorlaydi. Zino — harom nazar olib boradigan «so'nggi manzildir». Harom nazar egasi hayolida «meni kim ko'ribdi» deb ovunishi mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, Alloh ko'zlar ko'rmay qolgan va qalblar sezmay qolgan sirlardan ham voqifdir.
Abu Umoma roziyallohu anhudan marfu'an rivoyat qilinadi: «Qaysi bir muslim (begona) ayolning avratiga nazar qilib, so'ngra Allohning g'azabidan qo'rqqan holda undan ko'zini olib qochsa Alloh unga shunday ibodat beradiki uning lazzatini qalbida his qiladi» (Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilishgan).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan marfu'an rivoyat qilinadi: «Qiyomat kuni (Allohning azobidan qo'rqib) har bir ko'z yosh to'kadi. Magar uch kishining ko'zlari mustasno.
Jarir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishi aytdi: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan beixtiyor, to'satdan sodir bo'lgan nazar xaqida so'radim. Ul zot javob berdilar: Ko'zingni olib qoch. Davom etma» (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Burayda roziyallohu anhudan marfu'an rivoyat qilinadi: «Hoy Ali birinchi nazarga ikkinchisini ergashtirma. Chunki birinchisi sen uchun (Ya'ni, beixtiyor bo'lgani uchun unga javobgar emassan) ikkinchisi esa seni ziyoninggadir» (Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilishgan).
Oyat va hadislardan ko'rinib turibdiki, inson ko'z ne'matidan foydalanishida ma'lum chegarani bilishi kerak. Qachonki chegaradan chiqar ekan unga shayton kamonidan zaharli o'q otiladi. Bu o'q uni jasadini jarohatlamasada lekin qiyomatda o'z ta'sirini ko'rsatadi. Yarim-yalang'och, na shar'iy va na milliy urf odatlarni pisand qilmaydigan behayolar har qadamda uchrashi mumkin. Ammo ular orasida o'ziga xos jasorat bilan ko'zni olib qochishga ham ulkan mukofotlar borligini unutmasligimiz lozim.
Andijon shahridagi «Uyg'ur» masjidida imomlik qilgan marhum Fayz Ahmad domlaning bir odatlari bo'lar ekan. U kishi masjidga kelar chog'ida yo'lda ayollarga duch kelsa darhol chakmonining etagi bilan yuzini to'sib o'tib ketar ekanlar. Domlaning bu odati katta dars bo'lib, u kishining imomlik vaqtida, ko'chada o'tiruvchi ayollar sezilarli darajada kamayganini keksalar xotirlaydi.
(Davomi bor)
Muallif: Botirali Alisher o'g'li
Manba: fiqh. uz
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).
Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).
Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.