Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Mart, 2026   |   17 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:32
Quyosh
06:50
Peshin
12:39
Asr
16:34
Shom
18:23
Xufton
19:35
Bismillah
06 Mart, 2026, 17 Ramazon, 1447

MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: BOBUR MIRZO – E_''TIQODIYYA (IYMON-E_''TIQOD KITOBI) (Ikkinchi mavzu)

27.09.2020   2267   4 min.
MUBAYYaN VA NASRIY BAYoNI: BOBUR MIRZO – E_''TIQODIYYA (IYMON-E_''TIQOD   KITOBI) (Ikkinchi mavzu)

 

E_''TIQODIYYA (IYMON-E_''TIQOD KITOBI)

 

NAZM

 

Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.

(Hamd bayoni)

 

Haqqa hamdu sano ado qildim,

Haq oti birla ibtido qildim.

Ibtido qilg'uliq nekim bordur,

Qilmasang oti birla, abtardur.

Qodiru barkamol Tengridur,

Qohiru zuljalol Tengridur.

Har nekim qilsa, Ul qilur beshak,

Har ne kim qilsa, Ul bilur beshak.

Muntazir rahmatig'a gumrohlar,

Muftaxir qullug'i bila shohlar.

Yamonu yaxshig'a umid Andin,

Qo'rqmoq andinu navid Andin.

Jismda har nechaki qil bo'lsa,

Qil senu el tanida til bo'lsa,

Hamdiga zokir o'lsa ul tillar,

Desa hamdini oylaru yillar,

Ul barining kalomi bir bo'lg'ay:

Bori o'z ajzig'a muqirr bo'lg'ay.

 

NASRIY BAYoN     

 

Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.

(Behad mehribon va benihoyat rahmli Alloh ismi bilan.)

(Hamd bayoni)

 

Alloh  ta'ologa  hamdu  sano  aytib,  so'zimni  –  asarimni  Allohning nomi bilan boshladim. Chunki boshlagulik nimaiki xayrli – mo''tabar ish  bo'lsa,  uni  Allohning  ismi  bilan  boshlamasang,  oxiri  kesikdir  – davomi  yo'qdir,  natijasizdir.  (Chunki,  hadisi  sharifda  aytiladi:  «Har qanday  xayrli  –  mo''tabar  ish  Allohning  ismi  bilan  boshlanmasa,  abtardir  –  oxiri  kesik,  davomi  yo'qdir”.)

 

(Chunki)  Qodir  –  har  narsaga  kuchi  etadigan,  xohlagan  narsasinixohlaganidek  yaratishga,  xohlagan  ishini  xohlaganidek  qilishga  qodir bo'lgan  zot  Allohdir;  barkamol  –  eng  komil  sifatlarga  sohib  zot  Allohdir,  Qohir  –  Qahhor  sifatiga  sohib,  ya'ni  hamma  narsaga,  har  bir xohlagan  kishi  va  narsaga  xohlagan  ishini  qiladigan  suratda  g'olib  va hokim  zot,  Zuljalol  –  yagona  ulug'lik  egasi  Allohdir.

 

Har  nimaiki  qilsa,  shubhasiz,  U  qiladi,  har  kim  nimaiki  qilsa, shubhasiz,  U  biladi.  (Qiladigan  ishini  biladigan  ham,  bilgan  ishini qiladigan  ham  Udir!)

 

Gumrohlar – yo'ldan adashganlar, xatoyu gunohga tushganlar ham Uning rahmatiga  intizor,  umidvor;  shohlar  ham  Unga  bandalik,  qullik  va ibodat  qilish  bilan  faxrlanadilar.

Yaxshi-yomon insonlarning hammasining umidi faqat Undandir, xavfu rajo – qo'rquv ham, umid ham faqat Undandir. (Chunki har mo''min kishiga  xavfu  rajo  –  umid  bilan  qo'rquv  orasida  yashash  vojibdir.  Biri  oshsa ham,  biri  kamaysa  ham,  inson  uchun  xavflidir,  bu  ikkisi  barobar  bo'lishi shart.)

 

Insonning  jismida  necha  tuk  bo'lsa,  ular  sening  va  boshqa  barcha insonlarning  tanida  til  bo'lsa,  agar  bu  tillar  Allohning  hamdiga zokir  bo'lib,  Uni  zikr  qilsa,  oylaru  yillar  Unga  hamdu  sano  aytsa, barchalarining  so'zi  bir  bo'ladi:  hammalari    o'z  ojizligiga  iqror  bo'ladi,  xolos.  (Ya'ni,  yagona  va  qudratli  Zotning  nazdida  hamma  o'z  ajziga iqrordir.)

 

Nasriy bayon va sharh muallifi

Mirzo KYeNJABYeK

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Moida surasi fazilatlari

06.03.2026   2379   7 min.
Moida surasi fazilatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Moida surasi Qur’oni Karimning beshinchi surasi bo‘lib, u Madinada nozil bo‘lgan, bir yuz yigirma oyatdan iborat. «Moida» so‘zining ma’nosi «dasturxon»dir. Surada Iso alayhissalomdan uning eng yaqin safdoshlari osmondan moida, ya’ni yasatilgan dasturxon tushirib berishni so‘raydilar. Undan ovqatlanish va bashorat olishni maqsad qiladilar. Alloh taolo Iso alayhissalomni qo‘llab-quvvatlash va u zotning payg‘ambar ekanliklarini tasdiqlash uchun havoriylar talab qilgan moidani tushirdi. Surada moida to‘g‘risida to‘rtta oyat kelgani sababli unga shu nom berilgan.

Suraning ikkinchi nomi “Uhuud” (shartnoma, ahdnomalar)dir. Surada insonning Robbi bilan qilgan ahdnomasi, shaxsiy va jamoaviy ahdnoma va shartnomalar, haqida bayon qilinadi. Shuningdek, ularda ahdga vafo qilish, adolatli bo‘lish va ularga amal qilish lozimligi ta’kidlanadi.

Surada “Ey, imon keltirganlar!...” degan nido o‘n olti bor kelgan bo‘lib, har bir nidodan keyin kelgan ma’nolar o‘ziga xos shartnomaga aylangan.

Surada tavhid, shar’iy hukmlar, halol va harom narsalar, jonliqlarni so‘yish masalasi, haj va umra vaqtida ehromda ov qilish hukmi va uning kaffaroti, tahorat, g‘usl, tayammum, nikoh, ahdga vafo qilish, hukmda adolatli bo‘lish, odil guvoh bo‘lish, har bir holatda adolatli bo‘lish, jinoyat va jazo masalasi, xamr va qimor haromligi, o‘g‘rilik hukmlari, qasamning kafforati, vasiyat haqida, ibrat olish uchun payg‘ambarlar qissasi, Qobil va Hobil qissasi va boshqalar bayon etiladi.


Islom shariatida inson hayoti uchun zarur bo‘lgan asosiy maqsad va tamoyillar bo‘lgan jon himoyasi, din himoyasi, inson aqlining himoyasi, nasl va sha’n himoyasi, mol himoyasiga asosiy e’tibor qaratiladi. Mufassir ulamolar suraga “Islom shariatidagi maqsad va tamoyillarning barchasi Moida surasida jamlangan” deb ta’rif berishadi.

Bu sura eng oxirgi nozil bo‘lgan suralardan biri bo‘lib, unda juda ko‘p shar’iy hukmlar bayon qilingani sababli uni o‘rganishga targ‘ib qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashish hajida Moida surasini o‘qidilar va shunday dedilar: “Albatta, Moida surasi eng keyin nozil bo‘lgan suradir. Bas, ushbu surada halol deyilgan narsalarni halol deb bilinglar, harom qilingan narsalarni harom deb bilinglar”.


Shuningdek, ushbu surada Alloh ta’alo shunday marhamat qiladi:

“Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling! Albatta, Alloh iqobi shiddatlidir” (2-oyat).

Ushbu oyat bizning faoliyatimizdagi asosiy maqsad bo‘lishi lozim, oyatda barcha mo‘min va mo‘minalarga hamkorlik ishlarida amal qilishi lozim bo‘lgan asosiy qoida bayon qilinmoqda.

Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni to‘kis qildim va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim” (3-oyat).

Ushbu sura nozil bo‘lishi orqali Islom dini benuqson va barkamol bo‘lgani, Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa to qiyomat kuniga qadar barcha inson va jinlarga payg‘ambar qilib yuborilgani, Alloh taolo insoniyatni amal qilishi uchun faqat bitta dinni – Islomni tushirgani alohida ta’kidlanadi.

“U bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (16-oyat).

Ulamolar inson tinch va osoyishta hayot kechirishni istasa ushbu oyatni muntazam o‘qib yurishini tavsiya qiladilar, chunki chinakam mo‘min inson tinchlik va xotirjamlikni, Alloh taoloning roziligini Qur’oni karimni o‘rganish va unga amal qilish orqali topadi. 

“Ana o‘sha (ilk qotillik) tufayli Isroil avlodiga shunday hukmni bitib qo‘ydik: “Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam huddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”. Ularga rasullarimiz (ilohiy) hujjatlarni keltirganlar. So‘ngra ularning ko‘pchiligi o‘shandan keyin (ham) Yerda isrof qiluvchilardir” (32-oyat).

Ushbu oyatda bir beayb insonni o‘ldirgan odam butun boshli insoniyatni o‘ldirgandek jinoyat qilgan hisoblanadi. Bitta jonni hayotini saqlab qolish esa butun insoniyatni saqlab qolgan bilan tengdir.

“Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi” (87-oyat).

Ushbu oyatda Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarish mumkin emasligi, harom narsalarni halol deyishlik esa kufr ekanligi, banda haddidan oshishi esa katta gunohlardan biri ekanligi bayon qilinmoqda.


“Ey imon keltirganlar, xamr, qimor, butlar hamda qur’a cho‘plari shayton ishidan bo‘lgan iflosliklardir, najot topish uchun bulardan chetlaninglar! Shayton xamr va qimor orqali orangizga dushmanlik va adovat solish, sizlarni Allohning zikri va namozdan to‘sishni istaydi. Shunda ham tiyilmaysizlarmi?” (90-91-oyatlar).

Xamr va qimorning oila, jamiyat va butun insoniyatga keltiradigan zararlari juda ham ko‘p bo‘lib, odamlar o‘rtasida o‘zaro adovat va nafratni ko‘payishiga, bir-birlarini yomon ko‘rib qolishiga sabab bo‘ladi. Qayerda ichkilik bo‘lsa, o‘sha joyda ko‘ngilsizlik, tartibsizlik kelib chiqadi. Ichkilik oilalarning buzilishiga, yaqin insonlarni bir-biriga dushman bo‘lib qolishiga, jamiyatda adovat va hasadni ko‘payishiga olib keladi. Qimor ham insonlarni tubanlikka, birovni haqqiga rioya qilmaslikka, zulmkorlik, qotillikka undaydi. Alloh taalo ushbu amallar iflos, qabix, eng razil amal ekanini ta’kidlab, insonlarni bunday jirkanch amallardan qaytarmoqda.

Ushbu sura fazilati haqida hadislarda quyidagilar bayon etilgan:


Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: “Kim yettita uzun suralarni yodlasa, u olimdir” (Imom Ahmad va imom Hokim rivoyati).

Mujohid rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Erkaklaringizga Moida surasini o‘rgatinglar! Ayollaringizga Nur surasini o‘rgatinglar!” dedilar” (Said ibn Mansur, Ibn Munzir va Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Surada juda ko‘p shar’iy hukmlar bayon qilingani sababli uni o‘rganishga keng targ‘ib qilinadi. Surani o‘qish, tafsirini o‘rganish, ularga hayotimizda amal qilish orqali suraning ulug‘ fazilatlariga ega bo‘lishni Alloh taolo barchamizga nasib qilsin.

 

“Tafsiri Hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”, “Qur’oni azim muxtasar tafsiri”,
“Qur’oni karim va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi”
va boshqa manabalar asosida
Dilshodjon Mamadaliyev tayyorladi.

Maqolalar