IV. Madina hayotining keyingi davri
Biz Madina hayotini keyingi davrini din, e'tiqod ma'nosida faqat Islom dinining hukmronlik davri bo'lgan deb tushunsak yanglishamiz. Chunki Islom dini va musulmonlar, boshqalardan farqli ravishda shahar aholisini g'ayridinlardan tozalab aholini Islom dinga o'tishga majburlash, qabul qilmaganlarni esa shahardan badarg'a qilish kabi amaliyotlarni istamas edi. Hatto Rasululoh sollallohu alayhi vasallam vafot etgan paytlarida ham Madinai Munavvarada yahudiylar majud bo'lib ular ibodatlarini ham to'liq bajarar, savdo-sotiqlarini ham yo'lga qo'yib, shaharda xavfsiz yashar edi. Albatta, avvalgidek shaharda ular uchun xos yashash manzillari va o'ralgan harbiy istehkomlar bo'lmagan. Ammo ular Madinada musulmonlarni himoyasida shu jamiyatning to'laqonli a'zosi sifatida tinch-xotirjam yashar edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarda mo'min-musulmonlarni g'ayridinlar bilan tinch-xotirjam yashaganliklariga dalillar talaygina. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: “Bir musulmon fuqaro bilan yahudiy odam tortishib qoldi. Shunda musulmon odam Alloh nomi bilan qasam ichib, odamlar orasidan Muhammadni tanlab olgan zotga qasam, dedi. Unga javoban yahudiy: “Musoni odamlar orasidan tanlab olgan zotga qasam”, dedi. Shunda musulmon odam yahudiyga o'shqirib yuziga shapaloq tortib yubordi. Yahudiy odam bo'lgan voqeani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga arz qildi. Shunda janobi Rasululloh sallalohu alayhi vasallam shunday dedilar: “meni Musodan ortiq ko'rmanglar. Odamlar u kunda hayronu lol qoladilar. Men birinchi bo'lib tirilaman. Muso arshning yonida tirilganlar orasida bo'ladimi yoki Alloh Taolo xoslagan odamlar orasida bo'ladimi, bilmayman”.
Mazkur hadisi sharifdan ma'lum bo'lishicha musulmon bilan tortishib qolgan yahudiy Rasullulloh sollallohu alayhi vasallamga hukm so'rab borganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni o'zi bilan Muso alayhissalom oralarini ajratishdan qaytardilar. Asri saodatda bu kabi voqealar ko'p kuzatilgan. Ular bizga o'sha paytda musulmon va yahudiylar orasida ijtimoiy sog'lom muhit va yaxshi hayot shakllanganini ko'rsatadi.
Rivoyat qilinishicha, yahudiy g'ulom yigit Rasulluloh sollallohu alayhi vasallamga xizmat qilar edi. U kasal bo'lganida Rasululoh sollallohu alayhi vasallam ko'rishga bordilar. Uning boshiga borib o'tirib: “ey bola, musulmon bo'l” – dedilar. G'ulom boshida o'tirgan otasiga qaragan edi, otasi unga “ey bolam, Abul Qosimga itoat qil”, dedi. Otaning bu gapidan so'ng xizmatkor g'ulom shahodat keltirib musulmon bo'ldi va ko'p o'tmay vafot etdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tashqariga chiqar ekanlar “u g'ulomni do'zaxdan saqlagan Alloh Taologa hamdu sanolar bo'lsin” dedilar.
Mazkur hadisi sharif ham Madinai Munavvarada yahudiy oilalari mavjud bo'lgani va musulmonlar bilan barcha jabhalarda hamjihat holatda yashaganligiga dalil bo'ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni yahudiylar bilan yaxshi qo'shnichilik aloqalarini o'rnatishga, kasallarini yo'qlashga va boshqa ijtimoiy majburiyat va aloqalarni yo'lga qo'yishga targ'ib qilar edilar. Huquqiy majburiyatlarni bajarishda musulmonlarga ham, g'ayridinlarga ham birdek talab qo'yilar edi.
Ammo Madina ichidagi munofiqlar musulmonlar orasida diniy va siyosiy muxolifatchilar sifatda yaqqol namoyon bo'ldilar. Ular Rasululloh sollalohu alayhi vasallam va sahobalarga qarshi kecha-yu kunduz, urush va tinchlik paytlarida ham zimdan rejalar tuzar edi. Shunga qaramasdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular bilan kechirimlilik, sabr va bosiqlik bilan muomala qilar edilar.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga nisbatan eng ko'p adovatda bo'lgan yahudiylarga ham lutf ko'rsatib, hamjihatlikda yashadilar. Ularga zinhor nohaq ozor etkazmas edilar.
Oisha onamizda rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi; “Bir odam Rasulullohning huzurariga kirishga izn so'radi. U kirguncha Rasululoh sollallohu alayhi vasallam “qanday ham yomon qarindosh, qanday ham yomon o'g'il” dedilar. U kirib o'tirgach Rasululoh sollallohu alayhi vasallam uni yuziga diqqat bilan qaradilar va tabassum qildilar. U odam ketgach Oisha onamiz hayron bo'lib “Yo rasululloh, uni ko'rgan paytingizda shunday-shunday dedingiz. U kirib o'tirganida esa yuziga diqqat bilan qarab tabassum bilan muomala qildingiz” dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “ey Oisha, qachon buzuq odam bilan kelishganman? Qiyomat kunida Alloh Taolo huzurida eng yomon odam, boshqalar uni yomonligidan qo'rqib tek qo'ygan odamdir” dedilar”.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam Madinada shakllangan yangi islom jamiyatida munofiq va yahudiylarga nisbatan, garchi ularni mo'min-musulmonlarga nisbatan yashirin nafrat va adovatlari borligini bilsalar ham, ushbu uslubda muomala qilar edilar. Bu bilan butun olamga musulmonlarni g'ayridinlar bilan tinch-totuv, hamjihat hayot kechirishidagi nabaviy namunani ko'rsatib berdilar.
Bu erda chuqur anglab olishimiz zarur bo'lgan, nabaviy sunnatda ko'rsatib berilgan yana bir qancha amaliyotlar mavjud. Guvohi bo'lganingizdek ularni turli davrlarga bo'lib o'rganmoqdamiz.
O'rganayotgan ma'lumotlarimiz bizga mutaassib jamoalar boshqalarni nodonlarcha kofirga chiqarishlarini bu ish esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko'rsatgan sunnati mutahhara va dinimizni asliy asoslariga mutlaqo xilof ekanini ko'rsatadi.
(Davomi bor)
“Ekstremistik g'oyalarni inkor qilishda shar'iy dalillar” kitobidan.
Tarjimon: Tohir Vohidov.
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.