Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
عَنْ زَيْدِ بْنِ خَالِدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: لَوْلَا أَنْ أَشُقَّ عَلَى أُمَّتِي لَأَمَرْتُهُمْ بِالسِّوَاكِ عِنْدَ كُلِّ صَلَاةٍ، وَلَأَخَّرْتُ صَلَاةَ الْعِشَاءِ إِلَى ثُلُثِ اللَّيْلِ. فَكَانَ زَيْدُ بْنُ خَالِدٍ يَشْهَدُ الصَّلَوَاتِ فِي الْمَسْجِدِ وَسِوَاكُهُ عَلَى أُذُنِهِ مَوْضِعَ الْقَلَمِ مِنْ أُذُنِ الْكَاتِبِ لَا يَقُومُ إِلَى الصَّلَاةِ إِلَّا اسْتَنَّ ثُمَّ رَدَّهُ إِلَى مَوْضِعِهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَاحِبَاهُ.
Zayd ibn Holid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Agar ummatimga mashaqqat bo'lishini o'ylamaganimda, albatta, ularni har namozdan oldin misvok qilishga amr etar edim, Hufton namozini kechaning uchdan biriga surar edim», dedilar.
Bas, Zayd ibn Holid roziyallohu anhu namozlarga xuddi mirzalar qulog'iga qalam qistirib olgani kabi, misvok qistirib olib hozir bo'lar edi. Qachon namozga tursa, albatta misvok qilar va so'ng yana joyiga qaytarib qo'yar edi».
Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilganlar.
Bu hadisda har namozdan oldin misvok qilishga va iloji bo'lsa, Hufton namozini kechaning oxirgi uchdan birida o'qishga targ'ib qilinmoqda.
Shu bilan birga, hadisni eshitgandan keyin unga qanday amal qilish ushbu hadisning roviyci Zayd ibn Holid roziyallohu anhuning misollarida ko'rsatilmoqda.
Hozir ham xuddi Zayd ibn Holid roziyallohu anhuga o'xshab, misvogini o'zi bilan olib yuradigan va har bir namozdan oldin misvok qilib oladigan musulmonlar bor.
Ba'zi ulamolarimiz «Har namozdan oldin misvok qilish vojib», deganlar.
عَنْ جَابِرٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: رَكَعَتَانِ بِالسِّوَاكِ أَفْضَلُ مِنْ سَبْعِينَ رَكْعَةً بِغَيْرِ سِوَاكٍ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالدَّارَقُطْنِيُّ.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Misvok bilan o'qilgan ikki rakat namoz misvoksiz o'qilgan etmish rakat namozdan afzaldir», dedilar».
Ahmad va Dora Qutniy rivoyat qilganlar.
Sharh: Tishni va og'izni tozalab yurishga bundan ortiq targ'ib bo'lmasa kerak.
«Hadis va hayot» kitobidan
#xabar #KPI #imom_xatib #faoliyat
Bugungi kunda diniy soha xodimlari faoliyatida samaradorlikni oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek, o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqat va fidoiylikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va ularning noiblari mas’uliyatini yanada oshirish, faoliyatini tahliliy asosda baholash, mehnatlarini munosib rag‘batlantirish hamda zaruratga ko‘ra lavozim bo‘yicha qarorlar qabul qilish maqsadida KPI tizimi joriy etilmoqda.
Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tuman hamda shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda mazkur tizimdan foydalanish tartibi atroflicha tushuntirilmoqda. Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov tomonidan KPI tizimining afzalliklari, shuningdek, mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlarni tizimga kiritish amaliyoti batafsil yoritib berilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, KPI (Key Performance Indicator) — tashkilot yoki xodim faoliyati samaradorligini baholashda qo‘llaniladigan asosiy ko‘rsatkichlar tizimi hisoblanadi. U shaxs yoki muassasaning belgilangan maqsadlarga qay darajada erishganini aniq ko‘rish imkonini beradi hamda jahon amaliyotida turli sohalarda samarali boshqaruv mezoni sifatida qo‘llaniladi. Mazkur tizim vazifalar ijrosini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash, mas’uliyatni oshirish va faoliyatdagi kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qiladi. Bu esa diniy-ma’rifiy ishlar, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini yanada samarali tashkil etish imkonini yaratadi.
KPI tizimining joriy etilishi diniy sohada samaradorlik va natijadorlikni oshirish, jumladan, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati