وَقَالَ إِنِّي ذَاهِبٌ إِلَى رَبِّي سَيَهْدِينِ ربِّ هَبْ لِي مِنَ الصَّالِحِينَ فَبَشَّرْنَاهُ بِغُلَامٍ حَلِيمٍ فَلَمَّا بَلَغَ مَعَهُ السَّعْيَ قَالَ يَا بُنَيَّ إِنِّي أَرَى فِي الْمَنَامِ أَنِّي أَذْبَحُكَ فَانظُرْ مَاذَا تَرَى قَالَ يَا أَبَتِ افْعَلْ مَا تُؤْمَرُ سَتَجِدُنِي إِن شَاء اللَّهُ مِنَ الصَّابِرِينَ فَلَمَّا أَسْلَمَا وَتَلَّهُ لِلْجَبِينِ وَنَادَيْنَاهُ أَنْ يَا إِبْرَاهِيمُ قَدْ صَدَّقْتَ الرُّؤْيَا إِنَّا كَذَلِكَ نَجْزِي الْمُحْسِنِينَ إِنَّ هَذَا لَهُوَ الْبَلَاء الْمُبِينُ وَفَدَيْنَاهُ بِذِبْحٍ عَظِيمٍ
«“Albatta, men Rabbim (buyurgan taraf)ga ketuvchidirman. Uning o‘zi meni (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilur. Ey Rabbim! O‘zing menga solih (farzand)lardan ato etgin!” Bas, Biz unga bir halim o‘g‘il (tug‘ilishi to‘g‘risidagi) xushxabarni berdik. Bas, qachonki u (otasi) bilan birga yuradigan bo‘lgach, (Ibrohim): “Ey o‘g‘ilcham! Men tushimda seni (qurbonlik uchun) so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Endi sen o‘zing nima ra’y (fikr) qilishingni bir (o‘ylab) ko‘rgin!” – degan edi, u aytdi: “Ey otajon! Sizga (tushingizda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qiling! Inshoalloh, meni sabr qiluvchilardan topursiz”. Bas, qachonki, ikkisi ham (Allohning amriga) bo‘yin sunib, (Ismoilni qurbonlikka) peshonasi bilan (yerga) yotqizgan ediki, unga Biz nido qildik: “Ey Ibrohim! Darhaqiqat, sen tushni tasdiq etding. Albatta, Biz ezgu ish qiluvchilarni mana shunday mukofotlaymiz”. Albatta, bu (qurbonlikka buyurishim) ayni sinovdir. Biz (Ismoilning) o‘rniga katta bir (qo‘chqor) so‘yishni badal qilib berdik» (Soffot surasi, 99–107-otlar).
Ibrohim alayhissalom keksayib qolgan chog‘ida Alloh taolo u zotga o‘g‘il farzand ato etdi. Unga Ismoil deb ism qo‘ydi. Oradan ancha yil o‘tgani sababli Ibrohim alayhissalom farishtalarga bergan va’dasi (o‘g‘lini Alloh yo‘lida qurbonlik qilishi)ni unutib yuborgan edi.
Ismoil alayhissalom o‘n uch yoshga to‘lib, Ka’bani barpo etishda otasiga ko‘maklashgan edi. Bino bitgandan keyin Baytullohni tavof qilishgan edi. Haj arkonlarini tugatib, arafadan bir kun oldin, ya’ni tarviya kuni Ibrohim alayhissalom tush ko‘radi. Tushida nazringni bajar, degan nido keladi. Ibrohim alayhissalom uyg‘onib ketadi. Nazri nima ekanini uzoq o‘ylaydi. Shu bois o‘sha kunga “tarviya kuni” deyiladi. Bu kunbizda “yolg‘on arafa kuni” deb nomlangan.
Ertasi kuni xuddi shu tushni yana ko‘radi. Ibrohim alayhissalom bu tush Alloh taolodan ekanini anglab yetadi. Shu bois bu kunni “Arafa”, ya’ni “bilish” deb nomladi. Ammo nazri nima ekanini yana eslay olmaydi. Bayram kuni ham shunday tush ko‘radi va nazrini eslaydi. O‘g‘lini qurbonlik qilishni tushida ko‘rdi va shundan beri shu kun Qurbon bayrami bo‘lib qoldi (“Shir’atul Islam”, 219-b).
Ibrohim alayhissalom Alloh taoloning buyrug‘ini bajarishi lozim edi. Bayram kuni erta tongda Hojar onamizni chaqirib, unga o‘g‘li Ismoilni kiyintirishini aytdi. Hojar onamiz Ismoilga yangi kiyimlar kiydirib, uni bezaydi. Ota-o‘g‘il birgalikda Mino sari yo‘lga chiqishdi. Ammo nima maqsadda, qayerga ketilayotganini ona ham, o‘g‘il hambilmasdi.
Shaytoni lain bunday imtihonni aslo ko‘rmaganini va: “Ibrohim alayhissalom bu ishni amalga oshirsa, men bu masalada ularni yo‘ldan ozdirolmasam, bundan so‘ng aslo ularga ta’sir ko‘rsata olmayman, ichim kuyib halok bo‘laman”, dedi (Shir’atul Islam”, 222-b).
Shaytoni lain Ibrohim alayhissalomning yo‘lini to‘sib: “Ey Ibrohim, shunday go‘zal bolani qurbonlik qilishga ko‘zing qanday qiyadi? Ota ham o‘g‘lini so‘yadimi?” dedi. Ibrohim alayhissalom yerdan tosh olib shaytonga uloqtirdi va uni quvdi.
Shayton bu safar Hojar onamizning yoniga borib, uni aldashga kirishdi. Hojar onamiz: “Agar Alloh taolodan shunday buyruq kelgan bo‘lsa, bu buyruqqa barchamiz bosh egamiz”, dedi.
Shayton Ismoil alayhissalomning oldiga borib: “Otang seni qayerga olib boryapti, bilasanmi? Seni so‘yishga olib ketyapti”, deb uni qo‘rqitmoqchi bo‘ldi.
Ismoil alayhissalom ham: “U mening otam.U payg‘ambar. Agar bu buyruq Allohdan kelgan bo‘lsa, uni bajarishi shart”, deya javob qaytardi.
Ibrohim alayhissalom o‘zini va zurriyodini vasvasa qilgani uchun Minoda shaytonga tosh otgani oxirzamon payg‘ambari shariatiga ham sunnat amal sifatida kiritildi va bu to qiyomatgacha davom etadi.
Ibrohim va Ismoil alayhimassalom ishora qilingan joyga yetib kelishdi. Ibrohim alayhissalom uchun bu eng qiyin dam edi. Chunki u o‘g‘lini nima uchun bu yerga olib kelganini unga aytishi kerak edi.
Shunda Ibrohim alayhissalom: “Ey o‘g‘ilcham! Men tushimda seni so‘yayotganimni ko‘rmoqdaman. Bu ishga sen nima deysan, qanday fikr bildirasan?” deganida Ismoil alayhisalom qiyomatgacha insonlarga ibrat bo‘ladigan ushbu so‘z: “Ey otajon! Sizga (tushingizda Alloh tomonidan) buyurilgan ishni qiling! Inshoalloh, meni sabr qiluvchilardan topursiz”, deb javob qaytardi.
Ota-bola ilohiy amrni bajarishga kirishdi. Shu asnoda Ismoil alayhissalom: “Otajon, mening sizga bir nechta iltimosim bor. Ularni bajarishingizni so‘rayman. Avvalo, qo‘llarimni mahkam bog‘lang. Aks holda tipirchilab sizga aziyat yetkazishim mumkin. Yuzimni yerga qarating. Ko‘zimga ko‘zingiz tushsa, mehringiz iyib ketishi tayin. Ko‘ylagimni onamga eltib bering, meni eslab yursin. Onamga salom ayting. Allohning amriga sabr qiling. Meni qanday qurbonlik qilganingizni va qo‘llarimni bog‘laganingizni hech kimga aytmang. Onam yosh bolalarning oldiga bormasin. Aks holda meni eslab, Allohga isyon qilishi mumkin”, dedi.
Ibrohim alayhissalom o‘g‘lining istaklarini bajardi. Birozdan so‘ng Ismoil alayhissalom yana: “Otajon, qo‘llarimni, oyoqlarimni yeching. Meni faritashlar ko‘rib turibdi. Ular meni isyonkor bola ekan, otasi uning oyoq-qo‘lini bog‘lashga majbur bo‘libdi, demasin”, dedi.
Ota va bola Allohning hukmi oldida bosh egishdi. Ibrohim alayhissalom o‘g‘lini kundaning ustiga yotqizdi. Bo‘g‘ziga pichoq tiradi. Pichoqni jahd bilan tortdi. Shu asnoda yer yuzidagi va osmondagi barcha farishtalar sajdaga bosh qo‘yishdi: “Allohim, Ismoilni O‘zing asra!. Ibrohimni afv et!” deb yolvorishar edi.
Shunda Alloh taolo: “Ey farishtalarim, bandam Ibrohimga qarang. Mening roziligim uchun o‘g‘lining bo‘g‘ziga pichoq tortyapti. Holbuki, sizlar Odam alayhissalomni yaratayotgan paytimda:
وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُوا أَتَجْعَلُ فِيهَا مَنْ يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاءَ
وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لَا تَعْلَمُونَ
«Eslang, (ey Muhammad!) Rabbingiz farishtalarga: “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman», – deganida, (ular) aytdilar: “Unda (Yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz. (Alloh) aytdi: “Albatta, Men sizlar bilmagan narsalarni bilurman”»(Baqara surasi, 30-oyat), degan edingiz.
“Qurbonlik risolasi”dan.
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari