Horijiy ommaviy axborot vositalari ma'lumotlariga ko'ra, Latviyada Islom dini ommaviylashib bormoqda. Tahlilchilar yaqin yillarda Latviya ham xuddi Yevropaning aksar davlatlari singari ko'plab musulmonlarning vataniga aylanishini bashorat qilishyapti.
Hozirgi vaqtda Latviyada 12 ta islomiy tashkilot ro'yxatga olingan. Ular Rigadagi “Imon”, “Qur'on”, “Islom” tashkilotlari va boshqa shaharlardagi “Omina”, “Marzoniy”, “Salom”, “Rayyon” hamda Yekabpils, Riga shahri atrofidagi Vidzemsk va Zemgal'sk shaharchalaridagi musulmon jamoalaridir.
Latviya universiteti ilohiyotshunoslik fakul'teti o'qituvchisi Valdis Teraudkalis mamlakatda musulmonlar tez ko'payayotganini e'tirof etdi. U buning ajablanadigan joyi yo'qligi, chunki jamiyatda Islomning munosib o'rni borligini ta'kidladi.
– Mamlakatda musulmonlar soni ortib bormoqda. Bu bir qarashda ko'zga yaqqol tashlanmaydigan jarayon. Islomga kirayotganlarning ko'plari latishlar va ruslardir. Ammo Latviyada ham boshqa davlatlardagi kabi islomofobiya mavjud va odamlar ko'pchilikka uncha tanish bo'lmagan dindan qo'rqadi, – deydi ilohiyotshunos ekspert.
– Islom haqidagi salbiy tasavvurlar ko'pincha u xususda etarlicha ma'lumotga ega bo'lmaslik oqibatida hosil bo'ladi. Holbuki, barcha dinda tajovuzkorlik qattiq qoralanadi. Har bir din keng yoyilish yoki jamiyat manfaatini ifoda etish xususiyatiga ega.
Islomni qabul etgan mahalliy aholi o'rtasida olib borilgan so'rovlardan ayon bo'lishicha, Latviya aholisidan musulmon bo'lganlarning ko'pchiligi Islom ta'limoti pokizalikka alohida e'tibor qaratgani, ibodatlarning muntazamligi hamda insonni har doim hushyorlikka da'vat qilgani uchun dinimizni tanlamoqda.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
"Islom nuri" gazetasidan
5 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdullohxon domla Samatov boshchiligida viloyat vakilligi xodimlari, shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda “Haj–2025” ziyoratchilaridan iborat ishchi guruh a’zolari ishtirokida Namangan tumanidagi “Sayid Jaloliddin” jome masjidida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviy targ‘ibotchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan hojilar bilan Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida:
“Haj–2025” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish,
imom-xatiblarning masjidni boshqarish faoliyatini o‘rganish va amaliy ko‘mak berish,
peshin namozi oldidan dolzarb mavzularda namunaviy ma’ruzalar o‘qish
belgilab olindi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari mahallalardagi ayrim xonadonlarga tashrif buyurib, aholi hol-ahvoli bilan tanishdi, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, mavjud muammolari o‘rganildi hamda namunaviy oilalarda keksalardan duoi xayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan mazkur ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati