Bismillahir Rohmanir Rohim
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining
2020 yilgi zakot miqdori bo‘yicha
QARORI
Ma’lumki, zakot Islom arkonlaridan biri bo‘lib, moli nisobga yetgan kishi bir yilda bir marta uni ado qilishi farz hisoblanadi. Odatda, har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan nisob miqdori Ramazon oyida e’lon qilinar edi. Lekin, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus pandimeyasi tarqalishining oldini olish maqsadida, yurtimizda karantin e’lon qilinishi sababli, zaruratsiz uydan tashqariga chiqish mumkin bo‘lmay qoldi.
Tabiiyki, bunday paytda aholining moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan qismini qo‘llab-quvvatlashning zarurati tug‘ildi va ayni paytda bu ajr-savobi ko‘p bo‘lgan amaldir. Mana shunday vaziyatda moli nisobga yetgan boy-badavlat kishilar mollarining zakotini ham haqdorlarga berishlari ayni savobli amallar sirasiga kiradi.
Mazkurlarni inobatga olgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati zakot nisobini Sha’bon oyida chiqarishga qaror qildi. Zero, Sha’bon oyi ham fazilatli oylardan biridir. Qolaversa, hozirgi sinovli davrda zakot berish muhtojlarga yanada manfaatli bo‘lib, zakotning savobini bir necha barobar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati 1 gramm tilloning bugungi kundagi o‘rtacha narxi 250 000 (ikki yuz ellik ming) so‘m ekanini e’tiborga olib, milodiy 2020 yil (hijriy 1441 yil) uchun ZAKOT nisobini (85 g. tillodan) 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘m deb belgiladi. Mazkur qiymatning qirqdan biri (1/40), ya’ni zakot uchun chiqariladigan qismi 531 250 (besh yuz o‘ttiz bir ming ikki yuz ellik) so‘mga teng bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘mdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi, jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni zakot sifatida kambag‘al va faqirlarga berishi farzdir.
Alloh taolo boylarning himmatiga baraka, faqirlarga qanoat ato aylab, O‘zining rahmati ila boshimizdagi bu illatni tez orada daf qilsin. Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati
13 aprel 2020 milodiy sana 19 Sha’bon 1441 hijriy sana
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Uyimizdagi uch oylik qo‘zichoqning oyog‘i sinib, yurolmay qoldi. Shuni so‘yib, go‘shtini yesak bo‘ladimi? Yoki yeyishga yaroqsiz hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda halol bo‘lgan hayvonlarni, jonzotlarni yeyish uchun ma’lum yosh belgilanmagan. Hatto yangi tug‘ilgan hayvonning go‘shtini ham yeyish mumkin.
Vatandoshimiz, buyuk muhaddis imom Buxoriy rahimahulloh “Sahihi Buxoriy” asarlarida Xandaq g‘azoti bobida quyidagi hadisni keltirganlar: Jobir roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ochlikdan sillasi qurigan holatda ko‘rib, uyiga kelib, ayoliga biror narsa pishirishni tayinlaydi. Ayoli bir uloqchani so‘yib, pishiradi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va sahobalar undan tanovul qiladilar.
Hadisi sharifda arabcha “Anoq” so‘zi bilan keltirilgan uloqchani muhaddis ulamolar to‘rt oyga to‘lgan, onasidan ajratilgan va o‘tlashga qodir bo‘lgan echki bolasi, deganlar.
Demak, halol hayvon go‘shtini yeyishning muayyan yoshi belgilanmagan. Asosiysi, so‘yishni shariat talabiga muvofiq tarzda bajarilishidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi