Albatta, bandaga beriladigan musibat bekordan bekorga bo‘lmaydi. Alloh behuda bir ish qilish aybidan pok zotdir. Insonning boshiga tushadigan ko‘rguliklar qilgan gunohlari sabablidir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَمَا أَصَابَكُم مِّن مُّصِيبَةٍ فَبِمَا كَسَبَتْ أَيْدِيكُمْ وَيَعْفُو عَن كَثِيرٍ
“Sizga qaysi bir musibat yetsa, bas, o‘z qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini afv qilur”. (Insonning o‘zidan o‘tmasa, unga biror musibat yetmaydi. Lekin o‘ta mehribon bo‘lgan Alloh bandasini har bir gunohi uchun musibatga duchor qilavermaydi, faqat ba’zisi uchungina musibatga duchor qiladi, ko‘pini kechirib yuboradi. Agar Alloh taolo insonni har bir aybi uchun musibatga uchratadigan bo‘lsa, inson darhol halokatga yuz tutar edi.) (Shuro surasi, 30-oyat).
Salafi solihlar, agar ayollari itoatsizlik qilsa, darhol istig‘for aytishar ekan.
Hukamolardan birlari shunday degan: “Men qilgan gunohimning ta’sirini xotinimda, farzandlarimda va minadigan ulovimda ko‘raman”.
Ya’ni gunoh qilsam xotinim quloq solmay qo‘yadi, farzandim qo‘pol muomala qilishni boshlaydi, markabim buzilaveradi. Mashinalarimiz hadeb buzilaversa, ehtiyot qismlardan ayb topib, ustaxonaga chopavermasdan, o‘zimizga ham bir qarab qo‘yishimiz, o‘zimizni taftish qilishimiz kerak ekan. Bu donishmandning so‘zi nihoyatda e’tiborlidir.
Inson o‘zi bilib-bilmay nimadir gunoh sodir etadi. Keyin uning jazosi ayolidan, farzandlaridan qaytadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Otalaringizga yaxshilik qilinglar. Farzandlaringiz ham sizlarga yaxshilik qilishadi. Iffatli bo‘linglar. Shunda ayollaringiz ham iffatli bo‘lishadi”. Imom Tabaroniy rivoyat qilgan.
Bu dunyo qaytar dunyo. Agar siz otangizga yaxshilik qilsangiz, sizga farzandlaringizdan ziyodasi bilan qaytadi. Bordiyu, otangizga yomonlik qilsangiz, bu ham sizga bolalaringizdan ortig‘i bilan qaytadi.
Ba’zi xalqlarda shunday maqol bor ekan “Otangni urgan qamchingni saqlab qo‘y, bolangga kerak bo‘ladi”.
Bandaning rizqidan barakaning ketishi ham qilayotgan gunohlari sababli bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislardan birida shunday deganlar:
“Yaxshilik qilish bilan umr ziyoda bo‘ladi. Faqat duo bilan taqdir o‘zgaradi. Albatta inson gunoh qilishi tufayli rizqidan mahrum bo‘ladi”.
Demak, yaxshilik, solih amallar qilish inson umrining ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘lar, agar taqdirning o‘zgarishi yozib qo‘yilgan bo‘lsa, u ham faqat duo bilan o‘zgarar, rizqdan mahrum bo‘lish esa gunoh tufayli bo‘lar ekan.
Inson gunohi sababli o‘zini yolg‘iz his qiladi. Kishi gunoh qilgani sababli odamlar orasida, oila davrasida bo‘lsa ham o‘zini yolg‘iz his qiladi. Gunoh qilmaydigan odam yo‘q, tavba qilmaydigan odam bor. Qancha ko‘p tavba qilsak, shuncha gunoh qilmagandek bo‘laveramiz. Hayotimizning xotirjam va shirin bo‘lishi gunoh qilmasligimizga bog‘liqdir. Hozir ko‘pchilik hayotning farovon bo‘lishini pulga taqaydigan bo‘lib qolgan. Ko‘p molu dunyoga ega bo‘lgan odamlar ham, agar gunohni ko‘p qilsa, zo‘r yashay olmaydi. Va aksincha gunohni kam qilib, istig‘forni ko‘p aytadigan kishi faqir bo‘lsa ham, zo‘r yashaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqir bo‘lganlar. Sahobalarning ko‘plari ham faqir bo‘lishgan. Lekin hayotlari sokin, saodatli edi. Biz ham hayotimiz shirin bo‘lishini istasak, ibodatlarni o‘z vaqtida ado etib, qo‘limizdan kelganicha yaxshilik qilib, gunoh-ma’siyatlardan tiyilaylik.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV