- Qur’onni yod oldingmi?
- Yo‘q.
- Ibn Molik rahimahullohning arab tiliga oid “Alfiyya” nomli nazmiy uslubdagi kitobini yod oldingmi?
- Yo‘q.
- Suyutiy rahimahulloh yoki Iroqiy rahimahullohning hadis ilmiga oid “Alfiyya” nomli nazm uslubida yozilgan kitobini yod olganmisan?
- Yo‘q.
- Imom Jazariy rahimahullohning tajvid ilmiga oid nazm uslubida yozilgan “Matnul Jazariyya”sini yodladingmi?
- Yo‘q.
- Faroiz ilmiga oid “Rohbiyya” nomli kitobni yod oldingmi?
- Yo‘q.
- Aqidaga oid “Javharatut Tavhid” yoki “Badul omoliy” kitoblarini yod olganmisan?
- Yo‘q.
- Mustalahul hadisga oid “Bayquniyya” manzumasini yod olganmisan?
- Yo‘q.
- Mantiq ilmiga oid “As-sullamul munavraq” manzumasini yodlaganmisan?
- Yo‘q.
- Fiqhga oid birorta kitobni puxta o‘rgandingmi?
- Yo‘q.
- Nahvga oid biror kitobni pishiq o‘rgandingmi?
- Yo‘q.
- Balog‘atga oid birorta kitobni yaxshilab o‘zlashtirdingmi?
- Yo‘q.
- Usulul fiqhga oid biror asarni qunt bilan o‘rgandingmi?
- Yo‘q.
- Hadis ilmiga oid biror kitobni puxta o‘rgandingmi?
- Yo‘q.
- Aqidaga oid birorta kitobni chuqur o‘rgandingmi?
- Yo‘q.
- Tafsirga oid birorta kitobni chuqur o‘rgandingmi?
- Yo‘q.
- Mantiq ilmiga oid biror kitobni qunt bilan o‘qidingmi?
- Yo‘q.
- Shu holingda o‘zingni “Tolibi ilmman” deysan.
Ma’lumki, Qur’oni Karim nozil bo‘lganidan beri xotiralarda yod olib kelinadi. Alloh taoloning O‘zi Qur’onni yodlashni, eslashni oson qilib qo‘yganini e’lon qilib, shunday marhamat qilgan:
وَلَقَدْ يَسَّرْنَا الْقُرْآنَ لِلذِّكْرِ فَهَلْ مِن مُّدَّكِرٍ
“Darhaqiqat, Biz Qur’onni zikr uchun oson qildik. Bas, zikr qiluvchi bormi?!” (Qamar surasi, 22-oyat).
Qur’oni Karimdan keyin zikr qilingan kitoblar tolibi ilmlar yodlab olishi oson bo‘lishi uchun she’riy uslubda yozilgan. Oldingi tolibi ilmlar mazkur kitoblarning hammasini yod olib, ilmda peshqadam bo‘lishgan. Bugungi kundagi tolibi ilmlarimiz orasida bu kitoblarning ba’zisini yod olib borayotganlari ham yo‘q emas.
Ulamolarimizdan birlari shunday deydilar: “Feysbuk vaqtingni oladi, ammo senga to‘laqonli ilm bermaydi. Sen vaqtingni oladigan narsani qo‘ygin-da, ilm o‘rganishga chuqurroq kirish. Chunki umr daqiqalari bulut kabi to‘xtovsiz o‘tib bormoqda. Unutma, vaqt keskir qilich kabidir. Agar sen uni kesmasang, ya’ni undan foydalanib qolmasang, u seni kesadi”.
Alloh taolo barchamizga foydali ilm bersin va ilmiga amal qiluvchilardan qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari