Tajvid - Qur’oni karimni to‘g‘ri va o‘ziga xos qoidalar asosida tilovat qilishni o‘rgatadigan ilmdir. Ya’ni, Qur’onni Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilganidek har bir harfiga maxraj, sifat, g‘unna, mad va boshqalardan haqqini berib tilovat qilishdir.
Tajvid ilmini mukammal o‘rganish, farzi kifoyadir. Ammo, Qur’onni o‘qiyotganda tajvidga amal qilish, har bir musulmonga farzi a’yndir. Ayniqsa jamoatga imom bo‘luvchi kishi tajvid ilmini yaxshi bilishi lozim. Bu imomlik shartlarining avvalidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakilligi tomonidan zarur loyihaga qo‘l urildi. Hududda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblarining Qur’on qiroati, Tajvid borasidagi bilimlarini boyitish, xato va kamchiliklarini to‘g‘irlash maqsadida shahar va tumanlar bo‘yicha Tajvid fanidan seminar mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Mashg‘ulotlarni Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi o‘qituvchilari olib bormoqdalar.
Mashg‘ulotlar bir hafta davom etadi, unda har bir imom alohida ko‘rikdan o‘tadi. Shu vaqtgacha Olmaliq, Ohangaron Angren shahar-tumanlari imomlari o‘qitilgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda Bekobod tumanidagi "Oq masjid" jome masjidida navbatdagi haftalik boshlangan.
Ishtirokchi imomlar taassurotlarini ifoda etar ekanlar: «Biz bir necha yillardan buyon taskin topib yurgan Qur’on va tajvid ilmiga oid bilimlarimiz aslida har dam mahoratni oshirib borishni talab etadigan bilim ekan. Seminar jarayonida Qur’on tilovatini huddi alifbodan boshlab o‘rgangandagi zavq va halovatlarimiz yangidan jo‘shqinlandi…», deya ushbu seminarning naqadar yuksak ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlab o‘tdilar va bu xayrli ishni tashkil etgan mutasaddilarga o‘z minnatdorchiliklarini izhor bildirdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Joriy yilning 19-noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining "EY BANDALARIM… Bir qudsiy hadis sharhi" kitobining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Obidjon Kadirov, Moliyaviy nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i I.Zuxriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i M.Kamolov, Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i J.Xatamov, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, diniy soha vakillari hamda ziyolilar ishtirok etdi.
Taqdimot davomida kitobning mazmun-mohiyati, unda keltirilgan qudsiy hadis sharhi va uning inson ma’naviyati, jamiyat axloqiy muhitidagi o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Muftiy o‘rinbosari asarning bugungi kun bilan hamohangligi va yosh avlodni tarbiyalashda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Taqdimot davomida kitobning mazmun-mohiyati, unda keltirilgan qudsiy hadis sharhi va uning inson ma’naviyati, jamiyat axloqiy muhitidagi o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Muftiy o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov kitobning bugungi kun bilan hamohangligi va yosh avlodni tarbiyalashda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ulamolar kitobdagi hikmatlar insonni samimiyat, taqvo, yaxshilik va qalb pokligiga chorlashini qayd etib, ushbu asar keng kitobxonlar uchun muhim ma’naviy manba ekanligini urg‘uladilar.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining "Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi", "Yoshlarga nasihatim" nomli kitoblari haqida ham to‘xtalib, islomiy ilmlar sohasida yuzaga keladigan turli ixtiloflarni ilmiy, muvozanatli va dalillarga asoslangan tarzda yoritib berishi bilan alohida ahamiyatga ega ekanligi, asarda fiqh va aqidaning eng muhim masalalaridagi turlicha qarashlar sabablari, ularning manbalari hamda yechimlari keng va tushunarli uslubda bayon qilingani, “Yoshlarga nasihatim” kitobi esa yoshlar uchun ma’naviy rahbar, tarbiya manbai va jamiyatga foydali inson bo‘lish yo‘lidagi qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati.