Osim ibn Sobit ibn Abul Aqlah – ansoriylardan, avs urug‘idan, ansorlar ichida Islomga avval kirgan kishilardan biri bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam u kishini muhojirlardan Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhu bilan birodar qilib qo‘ydilar.
U kishi Badrda ishtirok etib, Uqba ibn Abu Muaytni, Uhudda esa Musofi’ ibn Talha va uning ukasi Kilob ibn Talhani o‘ldirganlar. Musofi’ yarador holda onasi Sulofaning oldiga borib, boshining uning tizzasiga qo‘yadi. Onasining “Seni kim bu ahvolga soldi?” degan savoliga o‘g‘li “Menga o‘q otayotgan odamning “Mana buni ol. Men Ibn Abu Aqlahman” deganini eshitdim” deb javob berdi. Shunda onasining jahli chiqib, agar imkon topsa, o‘g‘lini o‘ldirgan kishining bosh suyagida xamr ichishga nazr qildi va Osimning boshini keltirganga katta mukofot e’lon qildi.
Uhud jangidan so‘ng biroz vaqt o‘tgach, qabilalar musulmonlardan noodatiy yo‘l bilan o‘ch olishga kirishdilar. Safar oyida Huzayl qabilasi Azl va Qora urug‘i vakillarini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yubordi. Ular Madinaga kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Bizga fihqni, Qur’onni, Islom shariatini ta’lim berish uchun bir guruh sahobalaringizni biz bilan yuborsangiz” deb iltimos qilishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularning iltimosiga rozi bo‘lib, bir rivoyatda Marsad ibn Abu Marsad roziyallohu anhu, boshqa rivoyatda Osim ibn Sobit roziyallohu anhu boshchiliklarida 6 kishilik guruhni (ba’zi rivoyatlarda 7 kishi, boshqasida esa 10 kishi deyilgan) ular bilan birga yubordilar.
Sahobalar Huzayl qabilasiga tegishli Rajiy’ qudug‘i oldiga yetganlarida, kelgan kishilarning xoinligi ma’lum bo‘lib qoldi. Huzayl qabilasining Banu Lihyon urug‘idan taxminan ikki yuz kishi sahobalarni qurshab oldi. “Biz sizlarni o‘ldirmoqchi emasmiz. Sizlarga tegmaslikka ahd berganmiz. Faqat sizlarni Makkaga topshirib, evaziga pul olmoqchimiz” deyishdi. Osim ibn Sobit, Marsad roziyallohu anhumo va yana bir sheriklari “Men hech qachon mushriklarning yoniga bormayman” deb, ularning taklifini rad etdilar va urushishga bel bog‘ladilar. Qolgan uch nafar sahobalar Abdulloh ibn Toriq, Xubayb ibn Adiy, Zayd ibn Dasinna roziyallohu anhum taslim bo‘lib, asir olindilar. Osim roziyallohu anhu va ikki sheriklari esa shahid etildilar. Keyinchalik Zayd ibn Dasinna, Xubayb ibn Adiy va Abdulloh ibn Toriq roziyallohu anhum ham shahid etildilar.
Huzayl qabilasi vakillari Sulofaning Osimning boshi uchun katta mukofot va’da qilganidan xabarlari bor edi. Ana shu boylikka erishish ilinjida Osimni unga topshirmoqchi edilar. Osim roziyallohu anhuning o‘ldirilganlarini eshitgan Sulofa Osim roziyallohu anhuning boshlarini olib kelish uchun Huzayl qabilasiga va’da qilingan pul bilan elchi jo‘natdi.
Qotillar Osimning jasadini olish uchun borganlarida, ko‘p sonli arilar soyabonga o‘xshab Osim roziyallohu anhuning tanasi ustida uchayotganini ko‘rdilar. “Arilarni o‘z holiga qo‘yinglar. Kechgacha kutsak, arilar o‘zi ketadi” deyishdi va nariroqqa ketishdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, qattiq yomg‘ir yog‘ib, sel ulug‘ sahobiyning tanasini oqizib ketdi. Kech tushgach, xoinlar Osim roziyallohu anhuning tanasini olish uchun borishganda, uni joyidan topa olmadilar. Osim ibn Sobit roziyallohu anhu “Birorta mushrik meni ushlamaydi va men ham birorta mushrikka qo‘limni tekkizmayman” deb nazr qilgan edilar. Alloh taolo u kishini tiriklik chog‘larida ham, vafotlaridan keyin ham mushriklarning qo‘li tegishidan saqladi.
Arilar to‘dasi Osim roziyallohu anhuni himoya qilgani haqidagi bu hodisa Madinaga yetib borganda, Umar roziyallohu anhu “Osim biror mushrik unga qo‘lini tekkizmasligiga va o‘zi ham birorta mushrikni ushlamaslikka nazr qilgan edi. Alloh taolo uni hayotlik chog‘ida asraganidek, vafotidan keyin ham mushriklarning qo‘li unga tegishidan saqlabdi” dedilar.
Ana shu hodisadan keyin Osim ibn Sobit roziyallohu anhu “Hamiyyud dabr” (“Arilar to‘dasi himoya qilgan kishi”) deb ataladigan bo‘ldilar.
Alloh taolo barcha sahobalardan, shu jumladan, Osim ibn Sobit roziyallohu anhudan rozi bo‘lsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni samimiy qutlab, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini ta’kidladi. Barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga o‘rgatish, sportga jalb etish, g‘oya, loyiha hamda startaplariga ko‘mak berish, ularni ishli va daromadli qilish bo‘yicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmasligi zarurligi qayd etildi.
Yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikdagi oliygohlarda o‘qiyotgan yigit-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshdi. Yoshlarimiz yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgan. Yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medalining sohibi bo‘ldi. Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan davlat deb e’tirof etilgani bejiz emas. Joriy yilda Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkazilishi bu maqomni yanada mustahkamlaydi.
Davlatimiz rahbari har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishini qayd etib, yoshlarga o‘z imkoniyati va qiziqishiga mos ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim masala ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Yoshlar o‘rtasidagi so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan.
O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yo‘naltirilgani, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yosh o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, 50 ming kishini ish bilan ta’minlagani ta’kidlandi.
Bu ishlarning davomi sifatida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi e’lon qilindi.
Bunda moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi: o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha kredit ajratish mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqqan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.
Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib biznes boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lganlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit berilishi belgilandi.
Shuningdek, tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmasligi sabab qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kompleks xizmat ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etiladi.
Nufuzli xorijiy oliygohlar ilg‘or tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishda hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etilib, kamida 40 ming yoshni biznesga o‘rgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash belgilandi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda beriladi.
Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun “Yoshlar venchurs” jamg‘armasidan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
1 martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.
Ijtimoiy tashabbuslar bo‘yicha “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi tajribasi kengaytirilib, uni har bir hududda o‘tkazish va 1 ming nafar yoshni qamrab olish, eng yaxshi tashabbuslar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish vazifasi belgilandi.
“O‘sish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi doirasida bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida ham tanlov o‘tkaziladi. Eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard so‘m ajratiladi.
Texnikumlarda ta’lim dasturlarini ish beruvchilar talabi asosida yangilash, dual ta’limning qamrovini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Texnikumlarga ham oliygohlar kabi “spin-off” ochishga ruxsat berilib, o‘quvchilarning startap loyihalariga 1 milliard so‘mgacha ajratiladi. Joriy yildan texnikum o‘quvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi, ishtirokchilarga yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.
Xorijiy til sertifikatiga ega yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi samara bergani ta’kidlanib, sertifikat olgan yoshlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllangani aytildi. Xususiy o‘quv markazlarining soni 3 karra ko‘payib, 38 mingdan oshgan.
Xususiy o‘quv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, uyushma a’zosi bo‘lgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bunday markazlar o‘qituvchilarini ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
“Ko‘mak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til o‘quv markazlarining faoliyatini kengaytirish uchun 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi o‘quv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz, o‘qituvchilar uchun daromad solig‘ini 7,5 foiz miqdorida to‘laydi (hozir 12 foiz).
Joylarda ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul o‘qitadigan o‘quv markazlariga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi belgilandi: yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi, kommunal xarajatlarining yarmi qoplab beriladi, o‘qituvchilarga to‘langan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq “keshbek” tariqasida qaytariladi.
Volontyorlik faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizda huquqiy asoslar yaratilgani hisobiga volontyor yoshlar 5 karra ko‘payib, ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim, favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishlaridagi volontyorlar soni 100 mingdan oshgani aytildi.
Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tuzish, Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasini tashkil etish rejalashtirildi. Jamg‘armaga har yili budjetdan 20 milliard so‘m, qo‘shimcha ravishda mahalliy budjetlardan 3 milliard so‘mdan ajratiladi. Shuning hisobidan volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant beriladi, “ijtimoiy faollik kartasi” orqali ball tizimi joriy etiladi.
Yig‘ilishda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni ommalashtirish masalalari ham ko‘tarildi.
Yosh oilalar uchun uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab berilishi aytildi.
“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali eng iste’dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma berib, bir yil davomida oyiga 20 million so‘mdan haq to‘lash, eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga hamda milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmini qoplash belgilandi.
Yangi o‘quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat to‘plamni tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish, eng faol kitobxon o‘quvchilarni 10 million so‘mdan mukofotlash vazifasi qo‘yildi.
Kutubxona, “book cafe” va kitob do‘koni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard so‘mgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi nazarda tutildi.
Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi boshlanishi ma’lum qilindi. Unda 8-12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish orqali daromadli ishga ega bo‘lishiga shart-sharoit yaratiladi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qilib, ularning turli sohalarga oid taklif va tashabbuslarini tingladi.
Tadbir davomida mutasaddilarning hisobotlari ham eshitildi.