Uylarimizni hashamatli qilib, baland-baland quryapmiz. Ammo oila a’zolari o‘rtasida mehr, oqibat, muruvvat kamaydi.
Tibbiy uskunalar, jihozlar rivojlanib boryapti, ammo yildan yilga kasalliklarning turlari ko‘payyapti.
Insoniyat kosmosga parvoz qilmoqda. Ammo yon qo‘shnimiz och qolayotganidan, qishda sovqotayotganidan xabarimiz yo‘q.
Pullarimiz ko‘p, uy, mashina va boshqa qimmat jihozlar sotib olyapmiz. Ammo xotirjamlik kam. Noshukrlik bor.
Hamma ilmiy jihatdan o‘sib borsa-da, bir-birini, voqealarni, o‘qigan narsalarini his qilish kam.
Ilm olyapmiz, ammo ilmga amal qilish sust.
Haqiqiy do‘stlar kam. Ko‘plari pul, mansab, obro‘ uchun ulfat bo‘lib olgan.
Qimmat soatlarni taqamiz. Ko‘rinishi, shakli, hajmi turlicha. Ammo ko‘p narsaga vaqtimiz yetmaydi.
Yer yuzi bo‘yicha aholi soni ortib boryapti. Ammo o‘zaro mehr, insoniylik yo‘qolib boryapti.
Ey Robbim! Ahvolimizni isloh qilgin va bizga go‘zal xotima bergin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabalari o‘rtasida “O‘zbekiston musulmonlari idorasining respublika va xalqaro maydonida faoliyati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shavkatjon Xamdamov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili Musoxon domla Abbosiddinov ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida Musoxon domla Abbosiddinov ishtirokchilarni mehmonlar bilan tanishtirib, tashrifning asosiy maqsadi va mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi. U kishining ta’kidlashicha, bunday uchrashuvlar talabalarning dunyoqarashini boyitish, amaliyotdagi islohotlar bilan yaqindan tanishtirish va ularni mas’uliyatli yo‘lga rag‘batlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muzaffar Kamolov o‘z ma’ruzasida dinimiz ravnaqi, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, masjidlar faoliyatini takomillashtirish yo‘lida qilinayotgan ishlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bitiruvchi kurs talabalariga qaratilgan qimmatli tavsiyalar ham berildi. U kishi talabalarga amaliyot davomida biriktirilgan masjidlarda xolis niyat bilan, vijdonan va mas’uliyat bilan xizmat qilish, bu xizmatni Alloh roziligi uchun ado etish kerakligini ta’kidlab o‘tdilar.
Shavkatjon Xamdamov mamlakatimizda so‘nggi yillarda diniy soha va xalqaro aloqalar yo‘nalishida erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidiga ko‘ra: Diniy idoraning xalqaro nufuzi yuksalib bormoqda, bir qator nufuzli tashkilotlar bilan yangi memorandumlar imzolanmoqda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozirda 5 ta yirik xalqaro tashkilotga a’zo, shuningdek, Muftiylar kengashining ham to‘laqonli a’zosi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Shavkatjon Xamdamov bu imkoniyatlar diniy sohamizga berilgan katta e’tibor va ishonch belgilari ekanini, ularni qadrlash va mas’uliyat bilan ishlash zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir talabalarda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlarning ezgu fikr va tavsiyalari yosh avlodning mustaqil fikrlaydigan, bilimli, xalol va vijdonli diniy soha xodimi bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati