24 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Muhammad-Akmalxon Shakirov xalqaro anjuman doirasida Rossiya musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Tal’at Tojuddin janoblari bilan uchrashdi.
Muloqotda Muhammad-Akmalxon Shakirov bosh muftiy Tal’at Tojuddinga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining salomlarini yetkazdi. O‘z navbatida, Tal’at Tojuddin O‘zbekiston delegatsiyasining xalqaro anjumandagi ishtirokini yuqori baholadi.
O‘zaro suhbatda bosh muftiy janoblari Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan davrlarni xotirlab, tabarruk ustozlardan saboq olgani, xususan, Yusufxon to‘ra Shokirxon hazratlaridan dars olganlarini alohida qayd etdi.
Shuningdek, u O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlardan bag‘oyat mamnun ekanini bildirgan. Kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish hamda rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishini bildirdi. Kelgusida ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish orqali O‘zbekistondagi diniy ta’lim muassasalarida rossiyalik yoshlarni o‘qitish va diniy soha xodimlarining malakasini oshirishning yo‘lga qo‘yilishi juda katta samara berishini qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari uchrashuvda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikning o‘ziga xos o‘rni borligi, o‘tgan yillar mobaynida Rossiyadagi din peshvolarining yurtimizga tashrifi va o‘zbekistonlik ulamolarning Rossiya Federatsiyasiga safarlari o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqanini alohida qayd etildi.
Anjuman tafsilotlarini saytimizda kuzating.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sarmoyangiz umringizdir...
Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:
Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.
Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.
Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.
Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…
Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.
Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:
– iymon keltirganlar,
– solih amal qilganlar,
– haqqa da’vat etganlar,
– sabrni tavsiya qilganlar.
Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».
Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.
Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!
Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.
Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.
Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!
Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjid imom-xatibi.