Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2026   |   5 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:33
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2026, 5 Sha`bon, 1447

Ramazon solnomasi

22.05.2019   42969   8 min.
Ramazon solnomasi

Tanlovga! 

Bandalariga ro‘za tutishni farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar, Ro‘za amallarini go‘zal tarzda ado qilishda yo‘lboshchi bo‘lgan Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovot va salomlar bo‘lsin.

Albatta, Ramazon islomiy oylar ichida fazilatlarga boy va barakali oylardan hisoblanadi. Bu oyda hidoyat qo‘llanmasi bo‘lgan Qur’oni Karimning nozil bo‘lishi ham, bu oyning eng afzal oy ekaniga dalolat qiladi. Shuningdek, bu oyning fazilati va barkasi borasida  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan juda ko‘plab hadisi-shariflar rivoyat qilingan.

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:  إِذَا دَخَلَ رَمَضَانُ فُتِّحَتْ أَبْوَابُ الجَنَّةِ ، وَغُلِّقَتْ أَبْوَابُ جَهَنَّمَ ، وَسُلْسِلَتِ الشَّيَاطِينُ   رواه البخاري (3277) ، ومسلم (1079).

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazon oyi kelishi bilan jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi» - dedilar. Muttafaqun a’layh.

Haqiqatda, Ramazon oyining fazilatlari va barakotlari juda ham ko‘p. Bu borada juda ko‘p mavi’zalarda eshitib, ko‘plab maqolalar orqali xabardor bo‘lganmiz. Lekin, bugun e’tiborimizni boshqa tomonga qaratamiz. Ya’ni, bu oyning fazilatlari ko‘p bo‘lish  bilan birga, tarixda bu ulug‘  kunda juda ko‘plab muhim tarixiy voqealar bo‘lib o‘tgan. Quyida ularni birma- bir sanab o‘tamiz.

Ramazonning birinchi kuni:

1) 2-hijriy yil Dushanba. Musulmonlar birinchi marta ramazon ro‘zasini tutdilar.

2) Ibrohim alayhissalomga ilohiy sahifalar tusha boshlagan.

3) Hijriy 73-yil. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu vafot etdilar.

4) Hijriy 91- yil. Andalusni fath qilish boshlangan.

5)  Hijriy 472- yil. Abu Ali ibn Sino vafot etdi.

Ramazonning ikkinchi kuni:

1) Hijriy 65-yil. Abdumalik ibn Marvon Umaviy xalifa etib tayinlandi.

Ramazonning uchinchi kuni:

1) Hijriy 11- yil. Fotimai Zahro roziyallohu anho vafot etdilar.

2) Hijriy 37- yil. Tahkim voqeasi bo‘lib o‘tdi.

Ramazonning to‘rtinchi kuni:

1) Hijriy 1- yil. Hamza roziyallohu anhu birinchi sariyaga chiqdilar.

2) Hijriy 666 - yil. Antokiya Slavyanlardan qaytarib olindi.

Ramazonning oltinchi kuni:

1) Muso alayhissalomga Tavrot sahifalari tusha boshladi.

2) Hijriy 63- yil. Musulmonlar Sind shahrini fath qildilar.

Ramazonning yettinchi kuni:

1) Hijriy 361- yil. Al-Azhar universiteti ochildi.

Ramazonning sakkizinchi kuni:

1) Hijriy 273- yil. Ibn Moja rohimahulloh vafot etdilar.

2) Hijriy 455- yil. Alp Arslon Saljuqiylar voliysi etib tayinlandi.

Ramazonning o‘ninchi kuni:

1) Payg‘ambarlikning 10-yili, hijratdan 3 yil avval. Xadiyja roziyallohu anhu vafot etdilar.

2) Hijriy 485-yil. Nizomul mulk Abul Hasan Aliy ibn Ishoq o‘ldirildi.

Ramazonning o‘n birinchi kuni:

1) Hijriy 3-yil. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anhoga uylandilar.

2) Hijriy 9-yil. Saqif qabilasi elchilari Rosululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida bo‘ldi.

3) Hijriy 95- yil. Sai’d ibn Jubayr vafot etdilar.

4)  Hijriy 624- yil. Chingizxon vafot etgan.

5) Hijriy 922- yil. Sulton Salim Damashqni fath qildi.

Ramazonning o‘n ikkinchi kuni:

1) Hijriy 597- yil. Ibn Javziy rohimahulloh vafot etdilar.

Ramazonning o‘n uchinchi kuni:

1) Hijriy 15-yil. Umar roziyallohu anhu Shomni egalladilar  

2) Hijriy 40- yil. Abu Luboba roziyallohu anhu vafot etdilar.

Ramazonning o‘n to‘rtinchi kuni:

1) Hijriy 132-yil. Abbosiylar Umaviylar poytaxti Damashqqa hujum qilishdi.

2) Hijriy 612- yil. Ibn Atoulloh Sakandariy tavallud topdilar.

Ramazonning o‘n beshinchi kuni:

1) Hijriy 3-yil. Hasan ibn Aliy roziyallohu anhu dunyoga keldilar.

2) Hijriy 37-yil. Muhammad ibn Abu Bakr roziyallohu anhu Misrga voliy etib tayinlandilar.

3) Hijriy 383- yil. Abu Bakr Xorazmiy vafot etdilar.

4) Hijriy 543- yil. Fahriddin ar-Roziy dunyoga keldilar.

Ramazonning o‘n yettinchi kuni:

1) Hijriy 2-yil. Katta Badr g‘azoti bo‘lib o‘tdi.

2) Hijriy 2-yil. Ruqayya (roziyallohu anho) binti Rosululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar.

3) Hijriy 85-yil. Mo‘minlar onasi Oyisha roziyallohu anho vafot etdilar.

4) Hijriy 124- yil. Muhammad ibn Muslim az-Zuhriy vafot etdilar.

Ramazonning o‘n sakkizinchi kuni:

1) Hijriy 21- yil. Xolid ibn Valid vafot etdilar.

2) Hijriy 560- yil. Muhyiddin ibn Arabiy dunyoga keldi.

Ramazonning yigirmanchi kuni:

1) Hijriy 8-yil Makka fath qilindi.

2) Hijriy 652- yil. Sayfuddin Qutuz dunyoga keldilar.

Ramazonning yigirma birinchi kuni:

1) Hijriy 40- yil. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu vafot etdilar.

2) Hijriy 95- yil. Hajjoj ibn Yusuf as-Saqofiy dunyoga keldi.

3) Hijriy 1353- yil. Fors yurti Eron davlati deb o‘zgartirildi.

Ramazonning yigirma uchinchi kuni:

1) Hijriy 9-yil Musulmonlar «Lot» nomli butni buzib tashlashdi.

2) Hijriy 26- yil. Yazid ibn Muoviya tug‘ildi.

Ramazonning yigirma to‘rtinchi kuni:

1) Hijriy 20- yil. Amr ibn Os masjidini qurish boshlandi.

Ramazonning yigirma beshinchi kuni:

1) Hijriy 8-yil. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu «Uzzo» nomli ibodatxonani buzib tashladilar.

2) Hijriy 129-yil. Abu Muslim Xurosoniy Umaviylarga qarshi qo‘zg‘olon boshladi.

3) Hijriy 544- yil. Faxruddin ar-Roziy tavallud topdilar.

4) Hijriy 658- yil. «Ayni jolut» jangi bo‘lib o‘tdi.

Ramazonning yigirma oltinchi kuni:

1) Hijriy 762- yil. Badruddin Ayniy rohimahulloh dunyoga keldilar.

Ramazonning yigirma yettinchi kuni:

1) Hijriy 927- yil. Belgrad fath etildi.

Ramazonning yigirma sakkizinchi kuni:

1) Hijriy 2-yil. Zakot farz bo‘ldi.

Ramazonning yigirma to‘qqizinchi kuni:

1) Hijriy 1425- yil. Yosir Arafot vafot etdi.

Ramazonning o‘ttizinchi kuni:

1) Hijriy 256- yil. Imom Buxoriy vafot etdilar.

2) Hijriy 384- yil. Imom ibn Hazm dunyoga keldilar.

 

Toshkent Islom instituti talabasi

Muhammad Ali Muhyiddin.

 

 

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hayotimiz to‘kin, lekin oqibatimiz kam

22.01.2026   1736   3 min.
Hayotimiz to‘kin, lekin oqibatimiz kam

Oilada biz otamning oldida hech qachon oyoq uzatib o‘tirmasdik. Dasturxonga kattalardan oldin qo‘l cho‘zmasdik. Uydagi gapni ko‘chaga chiqarmasdik. Mahalladagi hasharlarga qatnashardik. O‘zgalarning mushkulini oson qilishga intilardik. Xullas, ota-onam bizni andishali va jonkuyar qilib tarbiyalagandi.
 

Afsuski, bugun oramizdan bu fazilatlar ko‘tarilib borayotgandek. 


Bir kuni mahalla idorasida o‘tirsam, “Qizim bilan kuyovim til biriktirib, mulkimni olish uchun shikoyat qilib yozib yurishibdi”, deydi bir qiynalgan otaxon. “O‘g‘lim uydan chiqarib yuboraman”, deyapti, deya arz qildi mushtipar ona. “Akam bilan tomorqa ustida kelisholmayapmiz”, deya nolidi bir yosh yigit. Bu gaplarni eshitib, dilim og‘ridi. To‘g‘ri, har bir nizoni qonuniy hal qilish chorasi bor, ammo inson ko‘nglining o‘rtasiga tushib, istiholayu insofni o‘rgatib bo‘larmikin?! Ota-onani, yaqinlarini zor qaqshatayotgan kimsalarda iymon, insof, andisha bormikin?! Faqat o‘zini o‘ylab, zarracha birovga yaxshilik qilmasa, ertaga oxiratda qanday javob berarkin?


Darhaqiqat, bugun odamlar orasidan mehr-oqibat, hayo ko‘tarilib boryapti. Buning ortidan odob-axloq me’yorlariga ham darz ketyapti. O‘zgalarga yaxshilik qilish, ko‘maklashish o‘rniga loqaydlik illati ortib, samimiy munosabatlar yo‘qolyapti. Nafs, mol-dunyo insoniylik ustidan g‘olib bo‘lmoqda. Oqibatda kishilarning bir-biriga firib berishi oddiy holga aylanyapti.


Ayrimlarga e’tibor bersak, tilida Xudo deydi, hatto ibodatlar qiladi.


Ammo dili mol-dunyoyu hashamat va boshqa orzu-havaslar bilan to‘la. Insonlarga yaxshilik ulashish, o‘zgalarning mushkulini oson qilish kabi ezguliklar xayoliga ham kelmaydi.


Yaqinda Qur’oni karimda bir oyatni o‘qib qoldim: “Erkakmi yo ayolmi, kimda-kim mo‘min holida biron yaxshi amal qilsa, biz unga pokiza hayot ato etamiz. Ularni o‘zlari qilib o‘tgan chiroyli amallari sababli beriladigan ajr-savoblar bilan mukofotlaymiz”, deya marhamat qilingan (Nahl surasi, 97-oyat).


Bolalagimni yaxshi eslayman. Otalarimiz qishloqda kimdir hashar qilsa yoki yordamga muhtoj bo‘lsa, ularga ko‘mak berishga shoshilardi. Qo‘ni-qo‘shni, butun mahalla bir tanu jon edi. Urush-janjal, yeru suv talash bo‘lganini bilmayman. Hamma bir-biriga samimiy edi. U davrlarda hozirgidek to‘kinchilik bo‘lmasa-da, odamlarning nazari to‘q, qanoatli edi. O‘ylab ko‘rsam, otalarimiz yuqoridagi oyatga amal qilib, bir-biriga yaxshilik ulashib yashagan ekanlar. Shuning uchun ham ular orasida mehr-oqibat kuchli bo‘lgan.


Bugun biz ham otalarimizga munosib avlod bo‘lishga intilib, boshqalarga yaxshiliklar ulashib yashaylikki, zora yana oramizga mehr-oqibat qaytsa. 


Mardiqul SIDDIQOV,
Xatirchi tumani (B. Muhammad uyushtirdi).

“Islom nuri” gazetasining 2025 yil 24-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

O'zbekiston yangiliklari