Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Muftiy hazrat AQSH Tinchlik institutida nutq so‘zladi

22.05.2019   3715   2 min.
Muftiy hazrat AQSH Tinchlik institutida nutq so‘zladi

Avval, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari AQSHga jo‘nab ketganlari haqida xabar bergan edik.
21 may kuni Vashington shahrida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari AQSH Tinchlik institutida tashkil etilgan davra suhbatida nutq so‘zladilar. Muftiy hazratlari muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy va e’tiqod erkinligi borasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilayotganini bildirib, masjidlar soni 2056 tani, diniy ta’lim muassasalari soni 12 tani tashkil etgani, Ramazon oyida barcha masjidda taroveh namozlari, 1250 ta masjidda esa xatmi Qur’onlar o‘tkazilayotgani hamda AQSH, Rossiya va Malayziya kabi davlatlar takliflar asosida qorilarimiz mazkur davlatlarda taroveh namozlarida xatmi Qur’on o‘qishayotgani haqida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, o‘lkamizda 12 ta diniy ta’lim muassasasi faoliyat olib borayotgani, bularning 3 tasi oliy, 9 tasi o‘rta maxsus, 2 tasi ayol-qizlar bilim yurti ekanini bildirdilar. O‘tgan yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan Mir Arab oliy madrasasi va Hadis ilmi maktabi nomli ikkita oliy diniy ta’lim muassasasi tashkil etilganini so‘zlab berdilar.
2018 yili diyorimizda 13 ta yangi masjid ochildi, joriy yil esa davlatimiz Rahbarining bevosita tashabbusi bilan ikkita muhtasham jome masjidning ochilish marosimi bo‘lganini alohida qayd etdilar.
Bundan tashqari muftiy hazratlari yurtimizda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishning ahamiyati va turli diniy konfessiyalar vakillari bilan azaldan ahil-inoq yashashning tinchlik-barqarorlikka ijobiy ta’siri juda katta ekanini muftiy hazratlari izohladilar.
Davra suhbati ishtirokchilari – ekspertlar, tahlilchilar va soha mutaxassislari tomonidan O‘zbekistondagi “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish" tamoyili juda iliq qarshi olindi va amalga oshirilayotgan ilohotlarga yuqori baho berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidagi Oliy Majlis a’zolari – Senat Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov va Qonunchilik palatasi a’zosi, Inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov ham davra suhbatida so‘zga chiqishdi va e’tiqod erkinligi borasidagi savollarga batafsil javob berishdi.
Ushbu tadbir O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi va AQSH Tinchlik instituti tomonidan tashkil etildi. 20 may kuni Tinchlik instituti tomonidan tadbir ishtirokchilari uchun iftorlik ham uyushtirildi.
AQSH safari davom etmoqda, jarayonlarni saytimiz orqali yoritib boramiz.

 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Samarqand shayxul islomi

9.01.2025   233   9 min.
Samarqand shayxul islomi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bu zotning to‘liq ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abu Lays as-Samarqandiy al-Hanafiydir. Samarqandda tavallud topgandir. Samarqand o‘zining ko‘p olimlari bilan mashhur bo‘lgan hamda Samarqand ahli ilmni yaxshi ko‘rgan. Bu ma’lumotlar Najmiddin Umar ibn Muhammad Nasafiyni “Al qand fiy ulamai Samarqand” asarida keltirilgan.

Abu Lays Samarqandiy boshlang‘ich ta’limni Samarqandda olgan. So‘ng ulamolarining ko‘pligi bilan mashhur bo‘lgan Balxga ketadi. Ilmni mustahkamlab Samarqandga qaytadi. Abu Lays nafaqat Samarqand va Balx ulamolari orasida ilmiy mavqega ega, balki Hanafiy ulamolarining orasida ham o‘z mavqega egadir. Bunga bir qancha misollar dalolat qiladi:

  1. Abu Lays Samarqandiyning kitoblari ustida ko‘plab ulamolar mashg‘ulotlar, darslar va imlolar olib borgan. Masalan birgina “Uyunil masoil” kitobiga ko‘plab ulamolar sharhlar bitgan. Jumladan, Muhammad ibn Abdul Hamid as-Samarqandiy al-’ala ul-Olam, Muhammad ibn Umar ibn Arabiy al-Joriy. “Al-Muqaddimatu fis-solati” asariga Jabroil ibn Hasan ibn Usman al-Janjaviy 752-hijriy sanada, Mustafo ibn Zakariyo al-Qirmoniy 809-hijriy sanada, Hasan ibn Husayn at-Tuluniy 909-hijriy sanada, Lutfulloh an-Nasafiy al-Kaydoniy 750-hijriy sanada va boshqa ulamolar sharhlar bitgan.[1]
  2. Musannafotlar sohiblarining mashhurligi va ularning ko‘pligi.
  3. Mazhab fuqaholaridan qilgan rivoyatlariga va qavllariga ko‘pchilik as'habul mutunlarning suyanishlari.
  4. Ba’zi muhim kitoblar bilan shug‘ullanishi. Misol uchun, Abu Hanifaning “al-Fiqhul-akbar” va Muhammad ibn al-Hasanning “al-Jomi’us-sag‘ir asarlariga sharhlar bitgan.
  5. Ta’lif qilgan ilmiy yo‘nalishlarini fiqh, tafsir, aqoid va mav’izalar bo‘yicha tartibga soldi.
  6. Mazhabda tarjih as'hobidan bo‘lishligi.
  7. Tafsir, fiqh, usul (din asoslari), aqida, xutbalar, zuhd bo‘yicha ko‘plab asarlar yaratgan buyuk alloma Samarqand shayxulislomi bo‘lganligi.

 U yashagan davrda yurtimizda lug‘at, tafsir, hadis, fiqh ilmlari rivojlangan. Mana shunday ilmiy muhitda yashab ijod etgan alloma samarali meros qoldirgan. Uning “Bahr al-ulum” (“Ilmlar ummoni”), “Uyun al-masoyil” (“Masalalar sarchashmasi”), “Tanbehul-g‘ofilin” (G‘ofillarga tanbehlar”), “Bo‘ston al-orifin” (“Oriflar bo‘stoni”) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va nashrlar etilgan.

Allomaning tug‘ilgan yili sifatida muarrixlar hijriy 301-310 yillar orasi va 911-milodiy yilni ko‘rsatadilar. Olimning kunyasi Abu Lays, ya’ni “Laysning otasi”. “Lays” lug‘atda sher, arclon ma’nosini beradi. U zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki “Abu Turob” singari majoziy laqabmi, noma’lum. Har holda kunya ekani aniq. Kunyasi bilan laqabi qo‘shib aytilar edi, masalan: "Faqih Abu Lays aytdi" kabi. Laqablaridan biri “al-Faqih” bo‘lib, shu laqab bilan mashhur bo‘lgan. Alloma fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi.  Faqih so‘zining
oldida arab tilidagi “al” artikli qo‘shilib, uni “al-Faqih” deb atalishi ham shunga ishoratdir.

Abu Laysning o‘zi ham “al-Faqih” laqabini yaxshi ko‘rar edi. Chunki, rivoyatlarga qaraganda, “Tanbehul g‘ofilin” kitobini yozgan mahallarida bir kecha u kishining tushlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib, yozgan kitoblarini tutqazib: "Yo Faqih! Kitobingni ol!” deydilar. Uyg‘onganlarida kitoblarida Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak qo‘llarini, izlarini ko‘radilar. Shundan keyin “Faqih” degan nomni yaxshi ko‘rdi va u tufayli ko‘p barokatlarga noil bo‘ladi. Ikkinchi unvoni “Imomul-huda”. Bu laqab bilan yana bir buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy ham atalgan.

Abu Laysning vafoti haqida ham muarrixlar turli sanalarni ko‘rsatadilar. Dovudiy o‘zining “Tabaqot al-Mufassirin” kitobida 393-hijriy yilning jumod al-oxir oyining seshanba 11-kechasida vafot etgan, degan. “Javohir al-mo‘zi’a” asarida 373-seshanba kechasida, “Kashf az-zunun” asarida 376, yoki 383, yoki 375-hijriy yilda vafot etgan deyiladi. Arab merosi tarixida 373, yoki 375, yoki 393-hijriy vafot etgan deyilgan.

Ya’ni, alloma 985 va 1003-milodiy yillar orasida vafot etgan. Manbalarda uning oilasi haqida hech narsa yozib qoldirilmagan. Abu Lays Samarqandiy Samarqandda shayxul-islom darajasiga ko‘tarilgan. Lekin uning rasman qozi bo‘lgani haqidagi ma’lumot manbalarda kuzatilmaydi. U o‘z  davrida eng zaruriy ilm – fiqhni egallagani bois, fatvolar aytishga loyiq bo‘lgan va uning fatvo hamda hikmatli so‘zlari kishilar orasida tarqalgan. Jumladan, Salohiddin Nohiy uning fiqhiy asarlari matni tuzilishiga ko‘ra o‘z tadqiqotida allomani madrasalarda mudarrislik qilganini taxmin qiladi. Shuningdek, Abu Lays tafsirida hadislar, rivoyatlar, qiroatlar, lug‘aviy manbalarga alohida ahamiyat berilishi ham uning mudarrislik qilganini tasdiqlashi mumkin.  Abu Lays Samarqandiy ilmiy salohiyatining shakllanishida avvalo olim oilasida tavallud topgani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyinchalik Balx, Samarqand va Buxoro kabi muhim ilmiy mavqega ega bo‘lgan shaharlar olimlarining ta’lim-tarbiyalari sezilarli bo‘lgan. Abu Lays Samarqandiy Balxlik olimlarning Samarqandga kelishi, u yerga safar qilish munosabati bilan ilm o‘rgangan bo‘lsa, ayrim hollarda ularning asarlarini mutolaa qilish va o‘rganish orqali ularni o‘zining ustozi deb hisoblagan.

Abu Lays Samarqandiy shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy  mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Ko‘pchilik tarojum asarlarida Abu Lays Samarqandiyning ikki yoki uch ustozi zikr etiladi xolos. Bunga sabab balki olimga ko‘proq tahsil bergan ustozini zikr etish bilan kifoyalanish bo‘lsa kerak. Uning asarlarida o‘z davridagi ko‘plab olimlarning so‘zlari, rivoyatlari keltirilgan. Olim ularni o‘z asarlarida zikr etgan. Tadqiqot doirasida Abu Lays Samarqandiyning 24 ustozi aniqlandi. Tafsirida 20 ustozi, “Tanbih-l-g‘ofilin”da 4 ustozi zikr etilgan. Olimning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari bo‘lib, ularning ko‘pchiliklarining silsilasi Nu’mon ibn Sobit Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasanga borib taqaladi. Bu ustozlarning ba’zilari haqidagi ma’lumotlar tarojum asarlarida zikr etilgan. Muhammad ibn Fazl Buxoro va Samarqandga kelgani va Samarqandda vafot etgani, Xalil ibn Ahmad Farg‘ona qozisi bo‘lgani va shu yerda yoki Samarqandda vafot etgani, Abu Ja’farning Buxoro va Samarqandga kelgani va Buxoroda vafot etgani haqidagi ma’lumotlar ularning Samarqand ilmiy muhiti bilan bog‘likligini ko‘rsatadi. Ular o‘z zamonlarining yetuk olimlari bo‘lib, Abu Lays Samarqandiyga ustozlik  qilganlar Abu Lays Samarqandiy tafsirining O‘zRFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasining birinchi varag‘ida shunday ma’lumot mavjud: “Abul-Mahomid Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush Hasiyriy “Hodiy Hasiyriy” asarining oxirgi qism ikkinchi – “Fatvo berishda ehtiyot qilish” nomli faslida  shunday yozadi: 258/872 sanada vafot  etgan Samarqand hofizi faqih Abu Lays: “Samarqandda 40 yil fatvo berdim, ushbu 40 yilda faqat ilgari o‘tgan ulamolarning so‘zlariga tayandim. Mening kitobimdan qiyomat kuni g‘iybatdan biror narsa chiqmaydi. O‘ng qo‘limni chap qo‘limdan ajratganimdan buyon yolg‘on gapirmadim, hech kimga qushning boshini suvga solib ko‘targanda boshida qolgan suvchalik yomonlik istamadim”, degan.

“Abu Lays fozil, taqvodor, buyuk imom bo‘lib, yuz ming hadisni yod bilgan. Vaki’, Muhammad ibn Hasan, Ibn Muborak, Abu Yusuf va boshqa olimlar kitoblarini mutolaa qilar edi. Uning ko‘plab asarlari bor”.

Barcha manbalarda Abu Lays Nasr ibn Sayyor hofiz, Nasr ibn Muhammad esa faqih deb atalgan. Yuqoridagi ma’lumotda Abul-Lays Nasr ibn Muhammad bilan hofiz Abu Lays Nasr ibn Sayyor ibn Fath haqidagi ma’lumotlar chalkashtirib yuborilgan. Shuningdek, ko‘rsatilgan vafot yili ham hofiz Abul-Lays vafot etgan yiliga yaqinroq keladi.  Shu kabi ushbu ikki allomani adashtirish hollari manbalarda  uchraydi.

Jumladan, u ikkisini bir olim deb ko‘rsatilgan o‘rinlar ham mavjud. Faqih Abu Lays Samarqandiyning Muhammad Shayboniyning kitobi bilan tanishganligi, o‘z ijodida Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Vaki’, Ibn Muboraklarning silsilalar orqali rivoyatlarini ko‘p keltirganligi sababli bu ma’lumotlar Abu Lays Nasr ibn Muhammadga tegishli deb hisoblash mumkin. U o‘zining tafsirida Muhammad ibn Hasan “As-Siyar al-Kabir” asaridan ma’lumot keltiradi.

Tug‘ilgan joyi Samarqanddir. “Bahr al-ulum” tafsirining kirish qismida u shahar haqida bunday deyiladi: “Arablar uni Siron ham deydilar. Safd vodiysining janubida joylashgan bu joy iqlimi yaxshi va katta shahardir”. Bir shoir  bu yer haqida shunday degan edi:

Insonlar uchun oxiratda jannat bordur,
Bu dunyoning jannati Samarqanddur.

Bu shahar tolibi ilmlar maskani bo‘lgan. Bu yerga ulamo-yu fuqaholar, tasavvuf ahllari safar qilar edilar. Shuning uchun bu yer boshqa yurtlar ichida muhim ilmiy o‘rin egallab turar edi, chunki Abu Lays Samarqandiy qatorida u kishining olimlardan bo‘lgan sheriklari va do‘stlari ham ko‘p edi.

TII talabasi Mirzaqosim Saidmirzayev

[1] Tarixi at-turas al-arabiy. 1-jild, 3-juz, 107 va undan keyingi sahifalar.