Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Fevral, 2026   |   4 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:10
Peshin
12:42
Asr
16:21
Shom
18:08
Xufton
19:20
Bismillah
21 Fevral, 2026, 4 Ramazon, 1447

Ramazon – taqvo oyi

17.05.2019   44815   3 min.
Ramazon – taqvo oyi

Alloh taolo bandalariga buyurgan va ularni qaytargan amallarda insonlarning dunyo va oxiratdagi saodatli hayotlari kafolatlangan. Ana shunday ibodatlardan biri Ramazon oyida ro‘za tutish hisoblanadi. Ro‘za tutish orqali inson gunohlariga tavba qiladi va ibodat qilish barobarida jamiyatga ham o‘z hissasini qo‘shadi. Ro‘zaning bir qancha foydalari bor. Jumladan:

  1. Ro‘za tutish taqvoga vasila hisoblanadi. Chunki inson Alloh taoloning roziligiga erishishdan umid qilib va ro‘za tutmasa azobga qolishdan qo‘rqib kunduz kunlari halol bo‘lgan amallardan ham tiyiladi. Haloldan tiyilgan kishining haromdan saqlanishi esa turgan gap. Demak, ro‘za Alloh taolo harom qilgan amallardan saqlanishga sabab bo‘ladi. Alloh taolo: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”, deb marhamat qiladi. “...taqvoli bo‘lsangiz”, iborasi ro‘za tutish hikmatini bayon qilish uchun keltirilgan sabab jumla hisoblanadi. Inson ro‘za tutish orqali gunohlardan saqlanadi. Shahvatini sindiradi va gunohga undovchi omillar zaiflashadi. Ro‘za taqvoga sabab bo‘ladigan eng katta omil hisoblanadi.
  2. Ro‘za tutish orqali shaytonni bo‘ysindiriladi. Shayton zalolat, ig‘vo va shahvatlarga chorlaydi. Inson yeyish va ichishni kamaytirish bilan shahvatlardan tiyiladi. Safiyya roziyallohu anho Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan qilgan rivoyatlarida: “Shayton insonning qon tomirida yuradi. Ochlik bilan uning yo‘llarini toraytiringlar”, deyilgan.
  3. Ro‘za inson tabiatini bo‘ysundiradi va shahvatini sindiradi. Insonning qorni to‘q bo‘lganida turli xil gunohlarni xohlaydi. Qorni och bo‘lganda esa nafsu havosi xohlagan narsalardan tiyiladi. Hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ey yigitlar jamoasi, sizlardan kim uylanishga qodir bo‘lsa uylansin. Zero u ko‘zni to‘suvchiroq va farjni saqlovchiroq. Kim unga qodir bo‘lmasa ro‘za tutsin. Chunki ro‘za uning uchun bichilishdir”, dedilar.
  4. Ro‘za tutish insonni kambag‘allarga mehribon va rahmli bo‘lishga undaydi. Chunki ro‘za tutgan inson bir kungina ochlik nimaligini his qilsa doim qorni och yuradiganlar haqida o‘ylaydigan bo‘ladi. Qalbi yumshaydi, faqir-miskinlarga ehson qiladi va ularga rahmli bo‘ladi. Bu bilan Alloh taolo tarafidan ham yuksak ajr-mukofotlarga erishadi.
  5. Ro‘za tutish orqali inson o‘ziga berilgan ne’matga shukr qilishni o‘rganadi. Ro‘za tutish sababli eng katta ne’matlar hisoblanadigan yeyish va ichishdan tiyilish yuzaga keladi. Ne’matlardan ma’lum muddat tiyilish ularning qadrini bilishga sabab bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida aytganda, bandalar bu amalni ado qilish orqali taqvo va Alloh taolodan qo‘rqish darajasiga yetadi. Natijada Alloh ulardan rozi bo‘lgan va ular ham Allohdan rozi bo‘lgan insonlar jumlasidan bo‘ladilar. Ro‘za o‘z egasini eng yuqori darajalarga ko‘taradi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ro‘za haqida: “Ro‘za saqlaguvchi”, deganlar. Ro‘za gunohlardan saqlaydi, oxirat azobidan saqlaydi, yeb-ichishda chegaradan chiqish oqibatida kelib chiqadigan turli kasalliklardan saqlaydi.

 

Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Oybek HOSHIMOV tayyorladi

Boshqa maqolalar

Xorazmda ham ehtiyojmand oilalarda iftorliklar uyushtirilmoqda

20.02.2026   6429   1 min.
Xorazmda ham ehtiyojmand oilalarda iftorliklar uyushtirilmoqda

Muborak oy munosabati bilan Xorazm viloyatidagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar uchun ham “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi”, degan ezgu g‘oya asosida iftorlik dasturxonlari yozilmoqda. Hozirga qadar umumiy hisobda imomlar tomonidan 11 ta oilaga kirilib, ularga jami 27 million so‘mlik oziq-ovqat jamlanmalari tuhfa qilindi. 

Jumladan, viloyat bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Abdullayev Urganch shahridagi Abulg‘ozi Bahodirxon ko‘chasi 159-uyda yashovchi So‘najon Bozorboyeva xonadonida fayzli iftorlik uyushtirib, xonadon a’zolaridan hol-ahvol so‘rab, ularning qalblari quvonchga to‘ldirildi.

Bu yilgi Ramazonda viloyat mahallalaridagi kam ta’minlanganlar uchun boshlangan bunday iftorliklar Ramazonni yanada fayzli, tarovatli o‘tkazishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Xorazmda ham ehtiyojmand oilalarda iftorliklar uyushtirilmoqda