Allohni bor deb e’tiqod qiluvchi har bir musulmon ma’rifat hosil qilishi, ya’ni U zotni yaxshi tanishi ham kerak. Bu ma’rifatga erishish yo‘llari ko‘p bo‘lib, ulardan biri U zotning go‘zal ismlari va sifatlarini bilish hisoblanadi.
Hayot sifati Alloh taoloning qadimiy va boqiy bo‘lgan zotiy sifatlaridan biridir. U zot o‘zining azaliy va abadiy sifati bo‘lgan hayot sifati bilan abadiy tirikdir. Bu haqida U Zotning O‘zi shunday xabar bergan:
اللَّهُ لاَ الَهَ الاَّ هُوَ الحَيٌ القَيُومُ
“Alloh, - hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O‘zi bordir. U Tirik va Abadiy Turguvchidir”. (Baqara surasidir. ujudga keltirish va bulardan boshqa fe’liy sifatlar.n bor b, 255-oyat.)
وَتَوَكَّلْ عَلَى الْحَيِّ الَّذِي لَا يَمُوت
“Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil”. (Furqon surasi-58-oyat.)
Ya’ni, Alloh taolo tirikdir, tirikligi o‘lim ila yo‘q bo‘lmaydi. Alloh taoloning tirikligi azaliy, ya’ni oldin yo‘q bo‘lib keyin paydo bo‘lmagan, balki o‘z-o‘zidan bo‘luvchidir, shuningdek, biror paydo qiluvchiga muhtoj emas, tiriklikni boshqa zotdan olmagan. Alloh hayotning manbaidir. U barcha jonzotlarga hayot ato etuvchidir. Uning O‘zi esa hayotning mukammal suratiga ega. Allohning tirikligi O‘zigagina xos alohida hayot bo‘lib, bandalarning hayotiga o‘xshamagan.
Maxluqotlarda ham tiriklik sifati mavjud, ammo bu sifat ularda o‘lim bilan yo‘q bo‘ladi. Maxluqotlar tirik bo‘lishida Allohga muhtoj, o‘z-o‘zlaridan tirik bo‘la olmaydilar, ulardagi hayot sifati keyin paydo bo‘lgan va foniylikka yuz tutadi. Maxluqotlarning barchalari abadiy barhayot emaslar.
Hayot sifati boshqa sifatlarning sobit bo‘lishiga olib boradi. Agar hayot sifati bo‘lmaganida, Alloh taoloning boshqa sifatlari ham bo‘lmas edi. Allohning ilm, qudrat, iroda kabi sifatlari hayot sifati borligiga dalolat qiladi. Bunga ushbu oyat dalil bo‘ladi:
اللَّهُ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ قَرَارًا وَالسَّمَاءَ بِنَاءً وَصَوَّرَكُمْ فَأَحْسَنَ صُوَرَكُمْ وَرَزَقَكُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ ذَلِكُمُ اللَّهُ رَبُّكُمْ فَتَبَارَكَ اللَّهُ رَبُّ الْعَالَمِينَ
“Alloh sizlar uchun Yerni qarorgoh, osmonni tom qilib qo‘ygan va sizlarga surat(shakl) berib, suratlaringizni go‘zal qilgan hamda sizlarni pok narsalardan rizqlantirgan zotdir. Mana shu Alloh – Parvardigoringizdir. Bas, (barcha) olamlarning Parvardigori bo‘lmish Alloh barakot sohibidir.” (G‘ofir surasi, 64-oyat)
هُوَ الْحَيُّ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ
“U hamisha Barhayotdir. Undan o‘zga iloh yo‘qdir.” (G‘ofir surasi, 64-oyat.)
Alloh taolo avvalgi oyatda O‘zining yaratuvchi ekanligini zikr qilish bilan boshladi. Alloh taolo yerni insonlar unda qaror topib yashashlari uchun keng, katta, to‘shak kabi qulay holda yaratib, insonlarga bo‘ysundirib qo‘ygani, undan anhorlarni oqizib, turli meva va o‘simliklarni chiqargani, osmonni ustunsiz shift kabi bino qilganini bayon etdi. So‘ng insonlar o‘zlarining qanday yaratilganliklariga nazar solib, Allohning komil qudrati va hikmatini tafakkur qilishlariga chorladi. Ular o‘zlari dastlab o‘lik nutfa holatida bo‘lganligi, Alloh ularni mustahkam makonda qaror toptirib bosqichma-bosqich, ota-onasining hech qanday aralashuvisiz go‘zal suratda yaratganini biladilar. Albatta, bu suratni Allohdan boshqa hech kim bera olmaydi. Bularning barchasi Allohning rububiyat, qudrat va hikmat sohibi ekanligiga dalil bo‘ladi. So‘ng yana bir ulug‘ ne’mat – pokiza narsalar bilan rizq berganini bayon qildi. Insonlarning Robbisi, yaratuvchisi, ularga rizq beruvchisi ham, tadbirini qiluvchi ham Uning o‘zi ekanini zikr etdi. So‘ng “U hamisha Barhayotdir. Undan o‘zga iloh yo‘qdir” deya, yuqorida bayon qilingan barcha ishlar tiriklik sifatiga ega bo‘lgan zotdangina sodir bo‘lishi aytildi.
Demak, Alloh taoloning boshqa sifatlari sobitligi hayot sifati bilan ekan. Kimki, bu ishlarni tirik bo‘lmagan zotga nisbat bersa aqllilar qatoridan joy ololmaydi. Bunday ishlarga qodir bo‘lgan Zot – Alloh hayot-tiriklik sifati bilan sifatlangandir. Hayot sifati barcha sifatlar kabi komil sifat bo‘lib, boshqa barcha sifatlarni o‘z ichiga qamrab olgan, uning haqiqatini bilib bo‘lmaydi. Uning kayfiyati haqida baxs yuritmasdan iymon keltirilaveradi.
Alloh taloning ushbu sifat ila duo qilishlikning fazilatlari hadisi shariflarda bayon qilingan bo‘lib, quyida ularning bir nechtasi bilan tanishib chiqamiz.
عَنْ أَسْمَاءَ بِنْتِ يَزِيدَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْها أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: اسْمُ اللهِ الأَعْظَمُ فِي هَاتَيْنِ الآيَتَيْنِ }وَإِلَهُكُمْ إِلَهٌ وَاحِدٌ لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الرَّحْمَنُ الرَّحِيمُ وَفَاتِحَةِ سُورَةِ آلِ عِمْرَانَ }الم اللهُ لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ
Asma binti Yazid roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Allohning ismi a’zami ushbu ikki oyatdadir: «Va ilohingiz bir ilohdir. Rohman va Rohiym bo‘lmish, Undan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘qdir» va Oli Imronning avvalidagi «Alif. Laam, Miym. Alloh, Undan o‘zga iloh yo‘q. U tirik va qayyum Zotdir» oyatidadir», dedilar».
Bu ikki oyati karimada Alloh taoloning bir necha ismlari zikr qilingan. Ular orasida “al-Hayy” – “tirik” ismi ham sanab o‘tildi. Ammo ulardan qaysi biri ismi a’zam ekaniga aniq ishora yo‘q.
عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْه أَنَّهُ كَانَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ جَالِسًا فِى الْمَسْجِدِ وَرَجُلٌ يُصَلِّي ثُمَّ دَعَا: اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ بِأَنَّ لَكَ الْحَمْدَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ الْمَنَّانُ بَدِيعُ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ يَا ذَا الْجَلاَلِ وَالإِكْرَامِ يَا حَيُّ يَا قَيُّومُ فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَقَدْ دَعَا اللهَ بِاسْمِهِ الْعَظِيمِ الَّذِي إِذَا دُعِيَ بِهِ أَجَابَ وَإِذَا سُئِلَ بِهِ أَعْطَىَ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan masjidda o‘tirgan edik. Bir kishi namoz o‘qirdi. So‘ngra u:
«Allohim! Men Senga hamd bo‘lgani uchun, Sendan o‘zga ilohi ma’bud yo‘q bo‘lgani uchun, Mannon, osmonlaru yerni tengi yo‘q qilib yaratuvchi, jalol va ikrom sohibi bo‘lganing uchun Sendan so‘rayman. Ey Hayy, ey Qayyum!» deb duo qildi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Batahqiq, u Allohga duo qilsa ijobat qiladigan, so‘rasa beradigan Ismi A’zami ila duo qildi», dedilar».
Hakim ibn Hishomdan rivoyat qilinadi: “Menga bir kishining asirga tushganligi, uni bir quduqqa tashlab, quduq og‘zini katta tosh bilan yopib qo‘yilganligi, unga: “Subhanallohil Malikil Hayyil Haqqil Quddus. Subhanallohi va bihamdihi”ni aytishligi zikr qilinganda bu kalimalarni aytib, quduqdan hech kimning yordamisiz chiqib ketganligi haqida xabar berildi.”
عَنِ الْبَرَاءِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْه قَالَ : قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم : مَنِ اسْتَغْفَرَ الله فِي دُبُرِ كُلِّ صَلاَةٍ ثَلاَثَ مرارٍ فَقَالَ : أَسْتَغْفِرُ الله الَّذِي لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ وَأَتُوبُ إِلَيْهِ ، غُفِرَتْ لَهُ ذُنُوبَهُ وَإِنْ كَانَ فَرَّ مِنَ الزَّحْفِ.
Baroa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki har bir namozidan keyin uch marotaba “Astag‘firullohallazi la ilaha illa huval Hayyul Qoyyum va atubu ilayhi”, deb aytsa, uning gunohlari kechiriladi, garchi urushdan qochgan bo‘lsa ham.” dedilar.” Boshqa bir rivoyatda “garchi gunohi dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham” deyilgan.
Yana اللهُ لا إِلَهَ إِلا هُوَ الحي القيوم deb, boshlanadigan Baqara surasining “Oyatul kursi” deb nomlanuvchi oyati ham Allohning tiriklik sifatiga dalil bo‘lib, bu oyatning fazilati hammaga ma’lum va mashhur. Bu oyat uyda o‘qilsa, shayton ham, boshqasi ham yaqin kela olmasligi, kechada o‘qilsa tonggacha, tongda o‘qilsa kechgacha muhofaza qilinishi hamda bu oyat Qur’on oyatlarining sayyidasi ekanligi hadisi shariflarda zikr qilingan.
Muxamedxodjayeva Sanobar.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta
maxsus islom bilim yurti mudarrisasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Daraxt shoxiga qo‘ngan mitti chumchuq mayus holatda, boshini egib o‘tirardi. Oradan necha kunlar o‘tsada chumchuq sayramas, hatto yon-atrofga ham qaramasdi.
Farishtalar hayratda qolishdi va Allohdan so‘rashdi: “Nega bu chumchuq jim bo‘lib qoldi?”.
Alloh: “Uning qalbida nima yashiringanini faqat Men bilaman”, deb javob berdi.
Oshkoru maxfiy ishlarni bilib turuvchi Zot – Alloh taolo: “Qalbingga nima ozor beryapti?” deb so‘radi.
Farishtalar ham chumchuqning javobini intizorlik ila kutishdi.
Chumchuq titroq ovoz va mahzunlik bilan: “Mening bitta kichkina uyam bor edi. Charchasam u yerga dam olish uchun qaytardim. Sovuq bo‘lganda isinib olardim. Hech kimga ozor bermasdim. Bu keng dunyoga kichik bir uyim sig‘madi. To‘satdan bo‘ron kelib, uni vayron qildi. Men uysiz qoldim”, dediyu boshqa gapira olmadi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Farishtalar ham jim bo‘lib, Alloh taoloning javobini kutardilar.
Shunda Alloh: “Ey chumchuq, sen mening qulim emasmisan?” dedi.
“Ha, men Sening qulingman”, dedi chumchuq.
“Unda nega rahmatimdan norozisan? Taqdirimga taslim bo‘lmaysan?” deb marhamat qildi Alloh taolo.
Shundan so‘ng Alloh chumchuqning ini nega buzilganining hikmatini bildirdi.
“Sen uyangda dam olayotganingda, ilon yemish qidirib, sening iningga qarab kelayotgan edi. Shunda seni xavfdan qutqarish uchun shamolga bo‘ron qo‘zg‘ashni buyurdim. Uyang vayron bo‘ldi, lekin hayoting saqlanib qolindi”.
Chumchuqning ko‘zlaridan yosh oqdi. Allohning rahmatidan hayratda qolgan chumchuq: “Kechir, Allohim, meni kechir, Robbim”, deya oldi faqat.
Banda ko‘pincha Alloh taoloning hikmatini anglab yetmaydi. Inson yo‘qotgan narsa jazo emas, balki mukofot bo‘lishi ham mumkin. Sinovlar – yashirin rahmatdir. Allohning tanlovi biznikidan yaxshi va Uning rahmati cheksiz hamda har bir narsani qamrab olgan.
Allohim, bizni taqdiringga taslim bo‘luvchi, ne’matlaringga shukr qiluvchi, hikmatlaringni tafakkur etadigan bandalaringdan qilgin.
Davron NURMUHAMMAD