Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Fevral, 2026   |   3 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:53
Quyosh
07:11
Peshin
12:42
Asr
16:20
Shom
18:07
Xufton
19:19
Bismillah
20 Fevral, 2026, 3 Ramazon, 1447

Alloh taoloning hayot sifati haqida.

17.04.2019   4495   9 min.
Alloh taoloning hayot sifati haqida.

Allohni bor deb e’tiqod qiluvchi har bir musulmon ma’rifat hosil qilishi, ya’ni U zotni yaxshi tanishi ham kerak. Bu ma’rifatga erishish yo‘llari ko‘p bo‘lib, ulardan biri U zotning go‘zal ismlari va sifatlarini bilish hisoblanadi.

Hayot  sifati Alloh taoloning qadimiy va boqiy bo‘lgan zotiy sifatlaridan biridir. U zot o‘zining azaliy va abadiy sifati bo‘lgan hayot sifati bilan abadiy tirikdir. Bu haqida U Zotning O‘zi shunday xabar bergan: 

اللَّهُ لاَ الَهَ الاَّ هُوَ الحَيٌ القَيُومُ

 “Alloh, - hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O‘zi bordir. U Tirik va Abadiy Turguvchidir”. (Baqara surasidir. ujudga keltirish va bulardan boshqa fe’liy sifatlar.n bor b, 255-oyat.) 

وَتَوَكَّلْ عَلَى الْحَيِّ الَّذِي لَا يَمُوت

“Va barhayot,  o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil”. (Furqon surasi-58-oyat.)

Ya’ni, Alloh taolo tirikdir, tirikligi o‘lim ila yo‘q bo‘lmaydi. Alloh taoloning tirikligi azaliy, ya’ni oldin yo‘q bo‘lib keyin paydo bo‘lmagan, balki o‘z-o‘zidan bo‘luvchidir, shuningdek, biror paydo qiluvchiga muhtoj emas, tiriklikni boshqa zotdan olmagan. Alloh hayotning manbaidir. U barcha jonzotlarga hayot ato etuvchidir. Uning O‘zi esa hayotning mukammal suratiga ega. Allohning tirikligi O‘zigagina xos alohida hayot bo‘lib, bandalarning hayotiga o‘xshamagan.

Maxluqotlarda ham tiriklik sifati mavjud, ammo bu sifat ularda o‘lim bilan yo‘q bo‘ladi. Maxluqotlar tirik bo‘lishida Allohga muhtoj, o‘z-o‘zlaridan tirik bo‘la olmaydilar, ulardagi hayot sifati keyin paydo bo‘lgan va foniylikka yuz tutadi. Maxluqotlarning barchalari abadiy barhayot emaslar.

Hayot sifati boshqa sifatlarning sobit bo‘lishiga olib boradi. Agar hayot sifati bo‘lmaganida, Alloh taoloning boshqa sifatlari ham bo‘lmas edi. Allohning ilm, qudrat, iroda kabi sifatlari hayot sifati borligiga dalolat qiladi. Bunga ushbu oyat dalil bo‘ladi:

اللَّهُ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ قَرَارًا وَالسَّمَاءَ بِنَاءً وَصَوَّرَكُمْ فَأَحْسَنَ صُوَرَكُمْ وَرَزَقَكُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ ذَلِكُمُ اللَّهُ رَبُّكُمْ فَتَبَارَكَ اللَّهُ رَبُّ الْعَالَمِينَ  

“Alloh sizlar uchun Yerni qarorgoh, osmonni tom qilib qo‘ygan va sizlarga surat(shakl) berib, suratlaringizni go‘zal qilgan hamda sizlarni pok narsalardan rizqlantirgan zotdir. Mana shu Alloh – Parvardigoringizdir. Bas, (barcha) olamlarning Parvardigori bo‘lmish Alloh barakot sohibidir.” (G‘ofir surasi, 64-oyat) 

هُوَ الْحَيُّ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ

“U hamisha Barhayotdir. Undan o‘zga iloh yo‘qdir.” (G‘ofir surasi, 64-oyat.)

Alloh taolo avvalgi oyatda O‘zining yaratuvchi ekanligini zikr qilish bilan boshladi. Alloh taolo yerni insonlar unda qaror topib yashashlari uchun keng, katta,  to‘shak kabi qulay holda yaratib, insonlarga bo‘ysundirib qo‘ygani, undan anhorlarni oqizib, turli meva va o‘simliklarni chiqargani, osmonni  ustunsiz shift kabi bino qilganini bayon etdi. So‘ng  insonlar o‘zlarining qanday yaratilganliklariga nazar solib, Allohning komil qudrati va hikmatini tafakkur qilishlariga chorladi. Ular o‘zlari dastlab o‘lik nutfa holatida bo‘lganligi, Alloh ularni mustahkam makonda qaror toptirib bosqichma-bosqich, ota-onasining hech qanday aralashuvisiz go‘zal suratda yaratganini biladilar. Albatta, bu suratni Allohdan boshqa hech kim bera olmaydi. Bularning barchasi Allohning rububiyat, qudrat va hikmat sohibi ekanligiga dalil bo‘ladi. So‘ng yana bir ulug‘ ne’mat – pokiza narsalar bilan rizq berganini bayon qildi. Insonlarning Robbisi, yaratuvchisi, ularga rizq beruvchisi ham, tadbirini qiluvchi ham Uning o‘zi ekanini zikr etdi. So‘ng “U hamisha Barhayotdir. Undan o‘zga iloh yo‘qdir” deya,  yuqorida bayon qilingan barcha ishlar tiriklik sifatiga ega bo‘lgan zotdangina sodir bo‘lishi aytildi.

Demak, Alloh taoloning boshqa sifatlari sobitligi hayot sifati bilan ekan. Kimki, bu ishlarni tirik bo‘lmagan zotga nisbat bersa aqllilar qatoridan joy ololmaydi. Bunday ishlarga qodir bo‘lgan Zot – Alloh hayot-tiriklik sifati bilan sifatlangandir. Hayot sifati barcha sifatlar kabi komil sifat bo‘lib,  boshqa barcha sifatlarni o‘z ichiga qamrab olgan, uning haqiqatini bilib bo‘lmaydi. Uning kayfiyati haqida baxs yuritmasdan iymon keltirilaveradi.

Alloh taloning ushbu sifat ila duo qilishlikning fazilatlari hadisi shariflarda bayon qilingan bo‘lib, quyida ularning bir nechtasi bilan tanishib chiqamiz.

   عَنْ أَسْمَاءَ بِنْتِ يَزِيدَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْها  أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  قَالَ: اسْمُ اللهِ الأَعْظَمُ فِي هَاتَيْنِ الآيَتَيْنِ }وَإِلَهُكُمْ إِلَهٌ وَاحِدٌ لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الرَّحْمَنُ الرَّحِيمُ وَفَاتِحَةِ سُورَةِ آلِ عِمْرَانَ }الم اللهُ لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ

Asma binti Yazid roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Allohning ismi a’zami ushbu ikki oyatdadir: «Va ilohingiz bir ilohdir. Rohman va Rohiym bo‘lmish, Undan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘qdir» va Oli Imronning avvalidagi «Alif. Laam, Miym. Alloh, Undan o‘zga iloh yo‘q. U tirik va qayyum Zotdir» oyatidadir», dedilar».

Bu ikki oyati karimada Alloh taoloning bir necha ismlari zikr qilingan. Ular orasida “al-Hayy” – “tirik” ismi ham sanab o‘tildi.  Ammo ulardan qaysi biri ismi a’zam ekaniga aniq ishora yo‘q.

عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْه أَنَّهُ كَانَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ جَالِسًا فِى الْمَسْجِدِ وَرَجُلٌ يُصَلِّي ثُمَّ دَعَا: اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ بِأَنَّ لَكَ الْحَمْدَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ الْمَنَّانُ بَدِيعُ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ يَا ذَا الْجَلاَلِ وَالإِكْرَامِ يَا حَيُّ يَا قَيُّومُ فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَقَدْ دَعَا اللهَ بِاسْمِهِ الْعَظِيمِ الَّذِي إِذَا دُعِيَ بِهِ أَجَابَ وَإِذَا سُئِلَ بِهِ أَعْطَىَ.

 Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan masjidda o‘tirgan edik. Bir kishi namoz o‘qirdi. So‘ngra u:

«Allohim! Men Senga hamd bo‘lgani uchun, Sendan o‘zga ilohi ma’bud yo‘q bo‘lgani uchun, Mannon, osmonlaru yerni tengi yo‘q qilib yaratuvchi, jalol va ikrom sohibi bo‘lganing uchun Sendan so‘rayman. Ey Hayy, ey Qayyum!» deb duo qildi.

Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Batahqiq, u Allohga duo qilsa ijobat qiladigan, so‘rasa beradigan Ismi A’zami ila duo qildi», dedilar».

Hakim ibn Hishomdan rivoyat qilinadi: “Menga bir kishining asirga tushganligi, uni bir quduqqa tashlab, quduq og‘zini katta tosh bilan yopib qo‘yilganligi, unga: “Subhanallohil Malikil Hayyil Haqqil Quddus. Subhanallohi va bihamdihi”ni aytishligi zikr qilinganda bu kalimalarni aytib, quduqdan hech kimning yordamisiz chiqib ketganligi haqida xabar berildi.” 

   عَنِ الْبَرَاءِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْه  قَالَ : قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم : مَنِ اسْتَغْفَرَ الله فِي دُبُرِ كُلِّ صَلاَةٍ ثَلاَثَ مرارٍ فَقَالَ : أَسْتَغْفِرُ الله الَّذِي لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ وَأَتُوبُ إِلَيْهِ ، غُفِرَتْ لَهُ ذُنُوبَهُ وَإِنْ كَانَ فَرَّ مِنَ الزَّحْفِ.

Baroa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki har bir namozidan keyin uch marotaba “Astag‘firullohallazi la ilaha illa huval Hayyul Qoyyum va atubu ilayhi”, deb aytsa, uning gunohlari kechiriladi, garchi urushdan qochgan bo‘lsa ham.” dedilar.” Boshqa bir rivoyatda “garchi gunohi dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham” deyilgan.

Yana  اللهُ لا إِلَهَ إِلا هُوَ الحي القيوم    deb, boshlanadigan  Baqara surasining “Oyatul kursi” deb nomlanuvchi oyati ham Allohning tiriklik sifatiga dalil bo‘lib, bu oyatning fazilati hammaga ma’lum va mashhur. Bu oyat uyda o‘qilsa, shayton ham, boshqasi ham yaqin kela olmasligi, kechada o‘qilsa tonggacha, tongda o‘qilsa kechgacha muhofaza qilinishi hamda bu oyat Qur’on oyatlarining sayyidasi ekanligi hadisi shariflarda zikr qilingan.

              

Muxamedxodjayeva Sanobar.

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta

maxsus islom bilim yurti mudarrisasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fotiha surasi fazilatlari

19.02.2026   2401   8 min.
Fotiha surasi fazilatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’oni karimning birinchi surasi Fotiha bo‘lib, u Makkada nozil bo‘lgan. Suraning o‘nga yaqin nomlari bor. Ulardan mashhuri – “Fotiha” (Ochuvchi)dir. Kalomulloh ushbu sura bilan boshlangani sababli shunday nom berilgan. Sura yetti oyat, yigirma yetti so‘z va bir yuz qirq harfdan iborat bo‘lsa-da, Islom dini asoslarini o‘zida jamlagan, ya’ni butun Qur’oni karimning ma’nosini o‘z ichiga olgan. Shu sabab ushbu sura “Ummul Qur’on”, “Ummul Kitob”, ya’ni “Qur’onning onasi” nomlari bilan ham ataladi.

Hijratdan keyin Madinada, qibla o‘zgarganda takroran nozil bo‘lgani sababli bu suraning yana bir nomi “As-sab’ul masoniy”, ya’ni “yetti takrorlanuvchi”dir. Bu haqda Qur’oni karimda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga xitob qilib: «(Ey Muhammad alayhissalom), darhahihat, Biz Sizga yetti takrorlanuvchini (ya’ni, yetti oyatdan iborat bo‘lgan, namozning har bir rakatida takrorlanadigan Fotiha surasini) va Ulug‘ Qur’onni ato etdik», deydi (Hijr surasi, 87-oyat).

Ba’zi ulamolar bu sura avval Makkada, so‘ng Madinada ikki marta nozil bo‘lgan, shu bois takrorlanuvchi degan nomga ega, deydilar. Shuningdek, namozning har bir rakatida Fotiha surasi o‘qiladi.

Qur’oni karimda Allohga hamd bilan boshlanuvchi besh sura bo‘lib, ulardan birinchisi Fotihadir.


Sura haqida hadislar

«Fotiha surasi Qur’onning onasidir, u Kitobni Ochguvchidir, u yetti takrorlanguvchidir»;

«Mening jonim tasarrufida bo‘lgan Zotga qasam, Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham, Furqonda (Qur’onda) ham bunga o‘xshash tushirilmagan. U yetti takrorlanuvchidir. U menga berilgan Qur’oni azimdir» (Imom Termiziy rivoyati);

«Qur’oni karimning barcha suralari ichida eng ulug‘i Fotihadir» (Imom Buxoriy rivoyati);

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Jabroil Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida o‘tirgan edi. Yuqoridan g‘ichirlagan ovoz eshitildi. Jabroil osmonga qaradi-da: «Mana bu osmonning eshiklaridan biri hech ochilmagan edi, bugun ochildi. Undan bir farishta tushdi. Bu farishta bugundan boshqa hech yerga tushmagan edi». U salom berdi va:

«Suyunchi! Sendan avvalgi Nabiylarga berilmagan ikki nur Senga berildi, Fotiha surasi va Bahara surasining oxiri. Ulardan o‘qigan har bir harfingga (savob va javob) beriladi», dedi (Imom Muslim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: «Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, bandam nimani so‘rasa beraman. Agar u (banda): “Alhamdu lillahi robbil ’alamin” desa, Alloh:

– Bandam menga hamd-shukr aytdi, – deydi. Banda:

  • Ar-Rohmanir Rohiym, – desa, Alloh:
  • Bandam menga sano-maqtov aytdi, – deydi. Banda:
  • Maliki yavmiddin, – desa, Alloh:
  • Bandam meni ulug‘ladi, – deydi. Banda:
  • Iyyaaka na’budu va iyyaaka nasta’iyn, – desa, Alloh:

– Bu men bilan bandam orasidagi narsa, bandam nimani so‘rasa, beraman, – deydi. Agar banda:

– Ihdinas sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an’amta ’alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim valaz zoolliyn, – desa, Alloh:

– Bu bandamga xos, so‘raganini berdim, – deydi» (Imom Nasoiy rivoyati).

 

Sura haqida ulamolar fikrlari

«Ushbu surada Alloh taologa hamd, Unga ibodat, amri ma’ruf va nahyi munkar, va’d va va’idlar zikr qilingan bo‘lib, ular Qur’ondagi barcha oyatlar ma’nosini ifodalaydi» (Mahmud Zamaxshariy, “Kashshof”).

«Alloh taolo avvalgi kitoblar ilmini Qur’onda jamlagan. Qur’on ilmini Mufassalda jamlagan. Mufassal ilmini Fotihada jamlagan. Kim Fotiha surasi tafsirini o‘rgansa, nozil etilgan barcha (samoviy) kitoblar mazmunidan xabardor bo‘ladi» (Hasan Basriy rahmatullohi alayh).

 

Sura xosiyatlari

Mufassirlar Fotiha surasini o‘qishda insonga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan mingta xosiyat bor, deyishadi. Ulardan ayrimlari “Fatavoi sufiya” kitobida bunday keltiriladi: “Kim qirq kun Bomdod namozi sunnatini o‘qiganidan keyin to farz namoziga takbir aytilgunicha qirq bir marotaba Fotiha surasini o‘qib, Alloh taolodan nimani so‘rasa, barcha duosi ijobat bo‘ladi. Agar kambag‘al bo‘lsa, Alloh taolo uni boy qiladi, kasal bo‘lsa, shifo beradi, zaif bo‘lsa, quvvatli qiladi, g‘arib bo‘lsa, Alloh uni aziz qiladi, bepusht, farzandsiz bo‘lsa, farzandli bo‘ladi, qarzdor bo‘lsa, qarzidan najot topadi”.

Fotiha surasi o‘qilgan joyga Alloh taoloning qirq yilgacha balo va ofatlari kelmaydi. Zam-zam suviga Fotiha surasi o‘qib dam solinsa, keyin u shifo umidida ichilsa, turli kasalliklarga shifo bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu sura “Shifo” surasi deb ham atalib, u qalbdagi va tanadagi turli kasalliklarga davo bo‘ladi. “Sihohi sitta”da (olti sahih hadislar to‘plamida) Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizni – o‘ttiz otliq askarni jangga jo‘natdilar. Yo‘lda bir arab qishlog‘iga tushdik. Ulardan bizni mehmon qilishlarini so‘ragan edik, istamadilar. Shu vaqtda ularning boshliqlarini chayon chaqib olgan ekan, ular bizning oldimizga kelib: “Oralaringizda chayon chaqqaniga  qarshi dam soladigan kishi bormi?” deb so‘rashdi. Men shunday duoni bilishimni aytib: “Ammo sizlar bizga haq to‘lamasangizlar men ham dam solmayman”, dedim. Ular: “Biz sizlarga o‘ttizta qo‘y beramiz”, deyishgach, men “Alhamdu” surasini yetti marta o‘qigan edim, haligi odam darddan butunlay xalos bo‘ldi. Biz qo‘ylarni olganimizdan keyin ko‘nglimizda shubha uyg‘ondi va ulardan birontasiga tegmay, Rasululloh sollollohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, bo‘lgan voqeani aytib bergan edik, u zot: “Alhamdu” – ruqiya, u bilan dam solsa shifo bo‘ladigan sura ekanini qayerdan bilding? U qo‘ylarni taqsimlab olinglar va menga ham o‘zlaringiz bilan birga bir ulush bo‘linglar”, dedilar».

Imom Ahmad va Imom Bayhahiy “Shu’abul iymon” kitobida Abdulloh ibn Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga: “Men senga Qur’onda nozil bo‘lgan eng yaxshi sura haqida xabar beraymi?” dedilar. Abdulloh: “Xabar bering, yo Rasululloh”, dedi. Nabiy alayhissalom: “U Fotiha surasidir. Unda barcha kasal uchun shifo bordir”, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Fotiha surasi har qanday dardga shifodir» dedilar (Imom Dorimiy rivoyati); «Bu surani chayon chaqib olganga yetti marta o‘qib dam solinsa, inshaalloh, shifo bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Xulosa shuki, Fotiha surasining ulug‘ fazilatlariga to‘liq ega bo‘lish uchun, avvalo, har birimiz tajvid qoidalari asosida uni to‘g‘ri o‘qishni o‘rganishimiz, farzandlarimizga ham o‘rgatib, ularni muntazam ushbu surani o‘qib yurishiga odatlantirishimiz lozim. Fotiha surasini o‘qish Alloh taoloning g‘azabini qaytaradi. Sura o‘qilgan joyga Alloh taoloning xayri va barakasi yog‘iladi. O‘qigan inson Alloh taoloning himoyasida bo‘ladi. Surani o‘qib keyin qilingan barcha xayrli duolar mustajobdir.

 

Manbalar asosida
Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.

 

Maqolalar