Eslatma! Sha’bon oyining 14-dan 15-ga o‘tar kechasi eng fazilatli tunlardan biri Baroat kechasidir.
Baroat so‘zni qanday ma’noni anglatadi? “Baroat” so‘zi arab tilida “ozod bo‘lish”, “najot topish” degan ma’nolarni anglatadi. Bu kechaning baroat, ya’ni najot topish, ozod bo‘lish kechasi deya nomlanishiga sabab, unda Alloh taoloning rahmati sababli behisob insonlar do‘zaxdan najot topadilar. U Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasiga to‘g‘ri keladi.
Baroat kechasi qanday kecha?
Onamiz Oisha roziyallohu anho aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan: “Ey Oisha bu kecha qanday kecha ekanini bilasizmi?” deb so‘radilar. Men: “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh azza va jalla bu kecha bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi va mag‘firat so‘rovchilarni mag‘firat etadi, rahm so‘rovchilarga rahm qiladi, dillarida musulmonlarga nisbatan gina, adovat saqlovchi kishilarni qanday bo‘lsa, shunday holatda qo‘yib qo‘yadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kechada nimalar sodir bo‘ladi?
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bu kechada (sha’bonning o‘n beshinchi kechasida) nimalar bo‘lishini bilasizmi?” dedilar.
Oisha roziyallohu anho: “Yo Allohning Rasuli, bu kechada nimalar bo‘ladi?” dedilar.
U zot alayhissalom: “U kechada Odam bolalarining bu yilda tug‘iladiganlari va bu yilda vafot etadiganlari yoziladi va u kechada ularning amallari ko‘tarilib, rizqlari nozil bo‘ladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kecha gunohlar mag‘firat qilinadi
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi dunyo osmoniga (O‘zining sha’niga muvofiq) tushadi va Allohga shirk keltirgan va qalbida gina, kudurat bor kishidan boshqa barchani mag‘firat qiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
***
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Sha’bonning o‘n beshinchi kechasida rahmat nazari bilan qarab, shirk keltiruvchi va qalbida birorta musulmonga nisbatan gina-adovat saqlovchi kishilardan boshqa barcha maxluqlarini mag‘firat qiladi” (Imom Ibn Moja, Imom Bayhaqiy rivoyati).
***
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan qaraydi. Ikkita shaxsdan boshqa barchani mag‘firat qiladi: biri ginachi, boshqasi nohaq odam o‘ldiruvchi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kecha duolar qabul bo‘ladi
Usmon ibn Abul Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, bas, (Alloh taolo tarafidan) bir nido qiluvchi nido qiladi: “Birorta mag‘firat so‘rovchi bormi, Men uni mag‘firat qilaman! Biror narsa so‘rovchi bormi, Men unga beraman”, deydi. Shu vaqtda kim so‘rasa, unga beriladi. Zinokor hotin va mushrikdan boshqa".
***
Bu kecha odamlar do‘zaxdan ozod qilinadi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: Jabroil alayhissalom mening oldimga kelib: “Bu Sha’bonning o‘n beshinchi kechasidir. Alloh taolo bu kechada ko‘p odamlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ularning adadi Kalb qabilasi qo‘ylarining junlaridan ham ziyoda bo‘ladi. Faqat bu kechada Alloh taologa shirk keltirgan, ginachi va qarindoshlik aloqalarini uzuvchi, izorini (manmanlik bilan) to‘pig‘idan pastga tushirib yuruvchi, ota-onasiga oq bo‘luvchi va xamr ichuvchi kishilarga rahmat nazari bilan qaramaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu kecha qanday amallarni bajarish lozim?
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qachon Sha’bonning o‘n beshinchi kechasi bo‘lsa, uning kechasini bedor o‘tkazinglar, kunduzining ro‘zasini tutinglar. Chunki o‘shanda Alloh quyosh botish paytida dunyo osmoniga tushadi va tong otgunicha: “Qani, istig‘for aytuvchi bormi, uni mag‘firat qilaman. Qani, rizq so‘rovchi bormi, unga rizq beraman. Qani, baloga uchragan bormi, unga ofiyat beraman. Qani falon, falon” (deydi) dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Bu kechani bedor o‘tkazganga jannat vojib bo‘ladi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim beshta kechani bedor o‘tkazsa, jannat unga vojib bo‘ladi – tarviya, arafa, qurbonlik, fitr va Sha’bonning o‘n beshinchi kechalaridir”, dedilar.
Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar ila qiladigan jamiki amallarimizni qabul qilsin. O‘zi duolarni ijobat etuvchi va gunohlarni mag‘firat qiluvchi Zotdir.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar