Ayni vaqtda Buxoroda davom etayotgan forum doirasida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini oshirishga va xorijiy tajribaga asoslanib yangi turizm mahsulotlarini shakllantirish mavzusida muloqotlar boshlandi.
Unda islom dinining tarqalishida o‘zbek olimlarining hissasi, musulmon sayyohlar uchun xalqaro reyting va uning mamlakat nufuzini oshirishdagi o‘rni, turizmning madaniy merosga ta’siri kabi mavzular muhokama qilindi. Xorijiy mehmonlarning ma’ruzalari tinglandi.
Muxlis Hanafi, Indoneziyadagi “Istiqlol” muzey direktori: – Indoneziya hududida islom dinining tarqalishida O‘zbekiston olimlarining o‘rni beqiyos. Buxoro Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif ar-Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband kabi ilm olamida tanilgan insonlar yurti.
Milodiy 9-15 asrlarda yurtingizda ilm va madaniyat eng yuksak darajaga yetgani tarixiy haqiqat. Bizning ko‘pgina manbalarimizda islomning eng mashhur namoyandalari daryoning ortidan kelgani qayd etilgan.
Shaharlar misolida aytadigan bo‘lsak, Buxoro, Samarqand, Xorazm kabi shaharlaringiz Arabistondagi Bog‘dod va Xalafa bilan mashhurlik borasida raqobatlasha oladi. Buxoro Qohira, Samarqand Bobil, Rim kabi shaharlar bilan ilm- fan borasida tengsizdir.
Indoneziyadagi ulamolar uchun darslik sifatida foydalaniladigan sufiylik tariqati asoschisi Bahouddin Naqshbandning asarlari biz musulmonlar qalbida o‘chmas iz qoldirgan.
Bizdagi taniqli Shayx Ibrohim Zaynul yurtingizning mashhur zotlari – Samarqandiylar avlodi bo‘lgani haqida kitoblarimizda keltirilgan. Ammo, bizdagi aholining katta qismi islomni arab davlatlaridan kirib kelgan deb o‘ylaydi.
Agarda ularga yurtingiz haqida ko‘proq targ‘ibot ishlari olib borilsa, ziyorat turizmi uchun qulayliklar yaratilsa, bunday tushunchadan chekingan bo‘lardi.
Xorijiy mehmon o‘z nutqida 1956 yil Indoneziyaning birinchi Prezidenti yurtimizga kelib, Imom Buxoriyni ziyorat qilgani haqida ham eslab o‘tdi. Ayni vaqtda Naqshbandiyning eng ko‘p izdoshlari yashayotgan ushbu mamlakat bilan O‘zbekiston davlati aloqalari rivojlanishidan har ikki davlat manfaatdor bo‘lishini esa alohida qayd etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent viloyatida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan viloyat imom-xatiblari va noiblari o‘rtasida “Siz qonunni bilasizmi?” mavzusida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda diniy soha xodimlarining huquqiy savodxonligi, Konstitutsiya haqidagi bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Tanlovda g‘oliblar aniqlanib, ulaga esdalik sovg‘alari hamda Haj va Umraga (guruh rahbari bo‘lib) yo‘llanmalar berildi.
G‘oliblar:
1. Zangiota tumani “Sadr ota” jome masjidi imom-xatibi Izzatillayev Fayzulloh domla Haj;
2. Toshkent tumani “Ayri ota” jome masjidi imom noibi Sultonov Abu Bakr domla Haj;
3. Bo‘stonliq tumani “Mulla Po‘lat ota” jome masjidi imom-xatibi Isomov Nig‘matilla domla Umra;
4. Olmaliq shahar “Hilol” jome masjidi imom noibi Muydinxonov Sayidmuhammadxon domla Umra yo‘llanmasini (guruh rahbari bo‘lib) qo‘lga kiritdi.
Fursatdan foydalanib, barcha g‘oliblarni samimiy qutlaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati