Hazrati Fotima roziyallohu anhoning tavalludi butun Makkada katta shov-shuv bo‘lgan bir voqea — Ka’baning qayta ta’mirlanish vaqtiga to‘g‘ri kelgan edi. O‘shanda Hajarul asvadni o‘z o‘rniga qo‘yish borasida kutilmagan ixtilof chiqadi. Masala shu darajada jiddiylashadiki, hatto qabilalar to‘rt kun mobaynida o‘zaro urushga tayyorgarlik ham ko‘radilar. Bu vaziyat Makka peshvolarini qayg‘uga soladi. Nima bo‘lsa ham, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish lozim edi. Nihoyat, Umayya ibn Mug‘ira al-Mahzumiy shunday taklif bilan chiqdi: “Ey Quraysh ahli! Bu masalada oralaringizdan bir kishini hakam qilinglar. U esa bugun Masjid-ul Haramning darvozasidan kirib keladigan birinchi kishi bo‘lsin”. Bu taklif barchaga ma’qul tushadi va hayajon bilan kutish onlari boshlanadi. Bir ozdan keyin o‘ttiz besh yoshlardagi chehrasi nurli Muhammad Amin sollallohu alayhi va sallam kirib keladilar. U zotni ko‘rgan Quraysh ahli behad sevinadilar: “Mana, Abdulmuttalib o‘g‘li Abdullohning farzandi Muhammad Amin (sollallohu alayhi va sallam). Biz u beradigan har qanday qarorga rozimiz”. Hazrati Muhammad sollallohu alayhi va sallam mavzuni xotirjam tingladilar, mulohaza qildilar. So‘ngra ridolarini yerga soldilar. Hajarul asvadni uning ustiga qo‘yib: “Har qabilaninig raisi ushbu libosning bir uchidan ushlab ko‘tarsinlar”, dedilar. O‘zlari ham birga ko‘tarib borib muborak qo‘llari bilan toshni Ka’ba burchagiga joylashtirdilar. Bu xabar tez orada Makkaga yoyildi. Muammo xamirdan qil sug‘urgandek oson hal qilinib, Quraysh ahli Hazrati Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan benihoya mamnun bo‘ladi. O‘sha kuni Hazrati Muhammad sollallohu alayhi va sallam ko‘tarinki kayfiyatda uylariga kaytdilar va to‘rtinchi qizlarining tavalludi hushxabarini eshitadilar. Sevinchlariga sevinch qo‘shiladi. Qizlariga Fotimai Zahro deb ism qo‘yadilar. Fotima roziyallohu anho ham otalariga juda o‘xshar edi. Opasi Zaynab roziyallohu anhoning beg‘ubor sevgisi, mehr-muhabbati bilan voyaga yetdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam qizlarining tarbiyasi, kamoli va farog‘ati uchun vaqt ajratib, ko‘pincha rohatlarni tark etar edilar. Hali kichkina bola bo‘lgani uchun Fotima roziyallohu anho ko‘chaga faqat otalari bilan birga chiqar edi. Doimo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning yonlarida yurishi uning go‘zal axloq bilan hulqlanishiga sabab bo‘ldi. Xuddi shuningdek, u muhtarama zot, onalari hazrati Hadicha roziyallohu anho onamizdan ham juda ko‘p yaxshi xislat va fazilatlarni oldi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga Hiro g‘orida vahiy nozil bo‘la boshlagan paytlarda Fotima roziyallohu anho endigina besh yoshga qadam qo‘ygan edi. Nabiy sollallohu alayhi va sallamning suyukli qizlari otalarining hayotlaridagi tarixiy hodisaga shunday kichik yoshlarida shohid bo‘ldilar. Tabiiyki, bu saodatli voqealar u muhtaramalar tarbiyasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Makka mushriklarining musulmonlarga qilgan zulmlariga qarshi bo‘lgan Fotima roziyallohu anho aziyatlarni yengish uchun jon fido qilishga ham tayyor edi. Holbuki, u hali ojiza, kichkinagina bir kizcha edi. Islomga da’vatning dastlabki yillarida mo‘minlarga qilingan shafqatsizliklar, jumladan, Abu Tolib mahallasida Hoshim o‘g‘illari bilan birgaliqda o‘rab olinib, musulmonlarga ko‘rsatilgan turli azobu uqubatlar, ochlik Fotima roziyallohu anhoning sog‘lig‘iga qattiq ta’sir o‘tkazdi. Hayotining bahoridayoq shuncha tashvish, dard-alam ichida yana bir og‘ir imtihonga ro‘baro‘ bo‘ldi. Mushtipar onasi Hadicha roziyallohu anho foniy dunyoni tark etdilar. Hijratdan avvalgi o‘n uch yillik Makka hayoti haqiqatdan ham mo‘minlarga, xususan, Nabiy alayhissalomga juda og‘ir kechdi. Bu vaqt mobaynida Fotima roziyallohu anho turli voqea-hodisalarga guvoh bo‘ldi. Ko‘pchilik mo‘minlar qatori u ham Habashistonga hijrat qildi. Otalariga qilingan haqsizliklarni ko‘rib, ko‘p yig‘ladi. Hatto bir kuni Rasullulloh sollallohu alayhi va sallam Fotima roziyallohu anhoga: “Ey qizginam! Yig‘lama, albatta Alloh otangni ularning zararlaridan himoya qiladi”, dedilar. Hazrati Fotima roziyallohu anho onalarining o‘rnini bilintirmaslik uchun doimo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning yonlarida bo‘ldilar. Sarvari Olam sollallohu alayhi va sallam ham doim qizlariga mehr-shafqat ko‘rsatdilar. Shubhasiz, yosh Fotima roziyallohu anho bunday mehr-muhabbatga muhtoj edi. Davomi bor...
Saidabror Umarov
Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.