Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Xudbinlik, odobsizlik yoyilgan zamonda odob bilan muomala qilish e’tiborni tortadigan narsaga aylanib qoldi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Sizlarga shunday zamon keladiki, u paytda keksalaringiz gunoh qiluvchi, olimlaringiz munofiq, kichiklaringiz kattalarni hurmat qilmaydigan, boylaringiz faqirlarga yordam bermaydigan bo‘ladi.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu
*****
Adolat davomli bo‘lsa, hamma joyning obod bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Zulm davom etsa, hamma joyning xarob bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Ibn Xaldun rahimahulloh
*****
Odamlarga gaplaring bilan emas, amaling bilan nasihat qil.
Hasan Basriy rahimahulloh
*****
Odamlar sizni kechirishaveradi-kechirishaveradi. Shu shart bilanki, siz puldor, mol-davlatli kimsa bo‘lishingiz kerak.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Insonlar bilan bo‘ladigan aloqalardagi eng katta muammolardan biri – biz suhbatdoshimizni tushunish maqsadida emas, unga javob qaytarish maqsadida jim turib eshitamiz.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Agar mening fikrlashim va uslubim sizga yoqmasa, shuni bilingki, men sizning qiziqishingizni uyg‘otaman degan maqsadda uyqudan turganimni hech eslolmayman.
Uill Smit
*****
Suhbat aqlning qandayligini ko‘rsatsa, g‘azab axloqning qandayligini ko‘rsatadi.
“Odob va hikmat durdonalari”
*****
Ehtirom muhabbatdan minglab millar oldinga o‘tib ketgan.
“Odob va hikmat durdonalari”
*****
Aql kabi boylik, johillik kabi faqirlik, odob kabi meros yo‘q.
“Odob va hikmat durdonalari”
*****
Odamlar boshqalar ustidan hukm chiqarishga shoshiladilar, lekin o‘zlarini tuzatishga shoshilmaydilar.
“Odob va hikmat durdonalari”
*****
Erkak xato qilganda, ayol xafa bo‘ladi, erkak uzr so‘raydi.
Ayol hato qilganda, erkak g‘azablanadi, ayol yig‘laydi, erkak yana uzr so‘raydi.
Mark Tven
*****
Saodat – his-tuyg‘udir. Lekin ba’zi vaqtlarda u shaxs bo‘ladi.
“Odob va hikmat durdonalari”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi Oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalarida Qur’oni karim 521 marta, “Sahihul Buxoriy” 14 ta xatm qilinib, 750 mingdan ziyod istig‘for, 240 mingdan ziyod salavotlar aytildi. Yurtimizdagi masjidlarda o‘qilgan juma va istisqo namozlari ortidan ushbu xatmlar bag‘ishlandi.
Tarixga nazar tashlansa, “Qur’oni karim” xatm qilingani kabi “Sahihi Buxoriy” ham yozilganidan buyon to‘liq o‘qilib, xatm qilinib, undan baraka hosil qilingan. “Sahihi Buxoriy” to‘liq o‘qilib, xatmdan so‘ng qilingan duolar ijobati juda ko‘plab tajribalardan o‘tgan haqiqat. Ulamolar xatmni juma kuni tugatishni mo‘ljallab, bir necha kunda xatm qilib o‘tkazishgan.
“Oltin silsila”da aytilishicha, mo‘g‘ullar istilosiga qarshi masjidlarda “Sahihi Buxoriy” o‘qitilgan. Kitobning xatmi yakunlanib, oxiriga yetgan kundan boshlab mo‘g‘ul qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchray boshlagan.
Vabo tarqalish xavfi bo‘lganida, o‘latga qarshi ham “Sahihi Buxoriy” kitobi xatm qilingan.
Mag‘ribda ulamolar har rajab oyi boshlanishi bilanoq “Sahihi Buxoriy”ni o‘qishib, uni ramazonning yigirma yettinchi kechasi xatm qilishgan. Hindiston va Pokistonda esa mavlid oyida “Sahihi Buxoriy”ni o‘qib tugatish an’anasi hozir ham bor.
Shuningdek, mamlakatimiz bo‘ylab 500 ga yaqin jonliq so‘yilib, besh mingdan ziyod ehtiyojmand xonadonlarga xayr-ehsonlar tarqatildi.
Alloh taolodan yolvorib so‘raymizki, yuqorida aytib o‘tilgan Qur’oni karim va “Sahihi Buxoriy” xatmlari, qilingan qurbonliklar, aytilgan istig‘for va iltijolarni qabul etib, yurtimizga yog‘ingarchiliklarini ko‘p qilib bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati