Har bir amal niyatga bog‘liq bo‘ladi. Kelin bo‘lish bo‘sag‘asida turgan qizlarimizga o‘gitlarimiz bor.
Siz ota-onangizni xonadonidan boshqa bir xonadonga kelinlik libosida kirib borar ekansiz, ostonadanoq niyatni go‘zal qiling. ”Allohim, haqiqiy uyimning egalari qalbimdan joy olishsin. Mendan xursand bo‘lib, har ishimdan minnatdor bo‘lishsin”,- deb niyat qiling va shu niyatga yarasha o‘zingiz ham xarakatda bo‘ling.
Avvalo qanoatli bo‘ling, chehrangiz ochiq, so‘zlaganda muloyim bo‘ling. Har bir holatingizga shukr qiling. Shuni esdan chiqarmangki, bundan yomoni ham bo‘lishi mumkin. Zero, baxtli hayot kechirmoqning bir yo‘li o‘z holiga shukr etmoqlikdir.
Kelin hech qachon nasabi-yu, boyligi, go‘zalligi bilan mag‘rurlanmasligi, oilada bo‘ladigan noxush gap-so‘zlarni ota-onasiga yetkazavermasligi kerak. Bu bilan avvalo ota-onasini tashvishga solsa, boshqa tomondan ikki quda orasiga sovuqchilik tushishiga sabab bo‘ladi.
Ayol eriga itoatli bo‘lishi lozim. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Xotinlarning eng yaxshisi qaraganingda ko‘zingni quvontiradigan, buyurganingda itoat etadigan, yo‘qligingda iffatini hamda molingni sen uchun asragan ayoldir” (Ibn Abi Hotim rivoyati).
Erining qarindoshi va yaqinlarini hurmat qilgan ayol albatta erining e’tiborini qozonadi.
Keyingi vaqtlarda kelinlarimiz orasida “Ayol erining roziligiga yetishsa bo‘ldi, boshqalarning xizmatini qilish shart emas”, deb yo‘l tutayotgan yoshlarimizning ham borligi achinarli holdir
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar”.
“Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar” (Zalzala curasi 7-8 oyatlar).
Ikkita aka-uka mahalladagi devorlari nurab, tomidan chakka o‘tib yotgan bir xonadonni ta’mirlab, keksalarning duosiga musharraf bo‘lishdi. Bu saxovatli insonlarning onasi bir vaqtlar qaynonasi og‘ir xasta bo‘lganida oq yuvib, oq taragan, piyoladagi choyini mehr bilan uzatgan kelinlardan edi. Qaynonasi: “Farzandlaringizni rohatini ko‘ring” deb, ko‘p duo qilar edilar. Hozirgi vaqtda shu kelinning ham ikki kelini bo‘lib, qaynonasining xizmatida. Qaynonasining duosi o‘tib, ikkala o‘g‘il ham insonlarga foydasi tegadigan saxovatpesha insonlar bo‘lib yetishgan.
“Qaytar dunyo” deb bejizga aytishmagan. Bugun siz qaynota va qaynonangizni ko‘nglini olib, duoda yuribsizmi, inshaalloh farzandlaringiz sizni ham rohatga qo‘yadi. Alloh taolo Nahl surasida marhamat qiladi:
“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir muborak hadislarida: “Yoshlarga nisbatan rahm-shafqatli bo‘lmagan, keksalar haqqini va hurmatini rioya qilmaganlar bizlardan emas” - deb marhamat qilgan ekanlar.
Yaxshi amallarni o‘zi qilib, boshqalarga o‘rgatishlik - ulug‘ ustozlik. Alloh taolo har bir qaynonaga yaxshi ustoz bo‘lishni, har bir kelinga kelgusida yaxshi qaynona bo‘lishni nasib etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Munira ABUBAKIROVA
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bolani urish bu, tarbiya berishda mahoratsizlik belgisi hisoblanadi. Chunki haqiqiy solih insonlar bolalarini shirin so‘zlar bilan tarbiyalaydi. Farzand noto‘g‘ri ish qilganida tanbeh berish, urish-so‘kish tarbiyadagi noto‘g‘ri uslubdir.
Inson zoti doimo mehr-muhabbatga ehtiyojli bo‘ladi. Ayniqsa, bolalar bu narsaga juda ham muhtojlar. Aslida, mehr-muhabbat dini bo‘lmish Islom, shuning uchun ham bolalarga mehr-muhabbat ko‘rsatishni ota onalarga vazifa etib yuklagan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z huzurlarida Aqra’ ibn Hobis Taymiy o‘tirganda Hasan ibn Alini o‘pdilar. Shunda Aqra’: «Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q», – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar-da, so‘ng: «Rahm qilmaganga rahm qilinmas», – dedilar» (Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar).
Shunday ekan biz ham Alloh taolo bizga ato qilgan farzand deb atalmish ne’matning qadriga yetishimiz, farzandimizning odobini go‘zal qilishimiz, kelajakda uni o‘zi uchun hamda yashab turgan jamiyatiga foyda keltiruvchi qilib tarbiyalashimiz lozim. Vallohu a’lam.