Bir kuni hazrati Ali Fotimani tushlarida ko‘rsalar, u jannat eshigida turganmish. Hazrati Ali:-«Ey Fotima, nega jannatga kirmay turibsan?»-deb so‘radilar.
Fotimai Zahro onamiz dedilar; -«Qandoq kiray hali jannatga ruxsat yo‘q: sababi-bir kishining haqi bo‘ynimda ekan. Yo Ali, qo‘shni xotindan tikish uchun bir ignani so‘rab olgan edim, qaytarib berishni unutibman. O‘sha ignani tezda egasiga qaytarib bering –o‘shandagina men jannatga kiraman». Yana bir tush ko‘rdilar-qarasalar,Fotima roziyallohu anho onamiz jannatda bir baland taxt ustida o‘tiribdilar. Oldilarida hurlar saf-saf bo‘lib, qo‘l qovushtirib turgan ekanlar.
Qaranglar azizlarim bir tasavvur qilaylik Fotima roziyallohu anho onamizday zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari bitta igna uchun qanchalik tashvishda, edilar. Bir o‘zimizning holatimizga e’tibor beraylik, tez boyishlik uchun va yoki maqsadlarimizga erishishlik uchun yor-u birodarlarimizdan aka-ukalarimizdan tog‘alarimizdan yoki eng yaqin do‘stlarimizdan, biror narsa olyabmiz-u lekin qaytarib berishga kelganda dunyo ko‘zimizga ko‘rinib ketmoqda, alal oqibat Alloh bog‘lagan silai rahm arqonini uzilishiga sabab bo‘lmoqda. Alloh barchalarimizni birovning haqiga hiyonat qilishdan saqlasin omin.
«Yunusobod» jome masjidi imom-xatibi U. Usmonov
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida hamyurtlarimizning murojaatlarini tinglash va ularning masalalariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tashrifdan asosiy maqsad ushbu hududda yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizga zarur konsullik-huquqiy maslahatlar berish va ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Safar davomida diplomatlarga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari ham hamrohlik qildi. Ular yurtdoshlarimizning islom diniga oid savollariga javob berdi va turli taqiqlangan hamda aqidaviy jihatdan noto‘g‘ri yo‘nalishdagi tashkilotlarga aldanib qolmaslik uchun zarur maslahatlar berdi.
Hamyurtlarimizning Turkiya hududida qonuniy yashashiga oid masalalar, ularning huquqiy holati, hujjatlari hamda konsullik yordami ko‘rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Bosh konsulxona vakillari zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirish hamda vatanga qaytish bilan bog‘liq masalalarda amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati