Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Mart, 2026   |   18 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:31
Quyosh
06:49
Peshin
12:39
Asr
16:35
Shom
18:24
Xufton
19:36
Bismillah
07 Mart, 2026, 18 Ramazon, 1447

Prezidentlar qarori keksa onaxonning ushalmas orzusini amalga oshirdi

24.03.2018   4733   4 min.
Prezidentlar qarori keksa onaxonning ushalmas orzusini amalga oshirdi

O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari o‘z fuqarolari uchun viza rasmiylashtirmasdan qo‘shni mamlakat hududida 30 kungacha bo‘lish imkoniyatini yaratib berganidan xabaringiz bor.
Qardoshlar bundan unumli foydalanib, Navro‘z ayyomi nishonlangan kunlarda sayohatga otlanishdi. Xususan, ko‘plab tojikistonliklar diyorimizga tashrif buyurib, o‘z safarlarini ko‘tarinki kayfiyatda, zavq-shavq va hayratga to‘lib o‘tkazishdi. Olgan katta taassurotlarini internet ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga tezda joylashtirib, barcha bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” nashri “news.tj” axborot portaliga iqtibosan ma’lumot berdi.
Quyida ularning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.
“Qaror qabul qilindi: chegara ochiq! Qani ketdik. Ertalab soat 8:00dan Tojikiston – O‘zbekiston chegarasiga yetib keldik. Hech qanday tanqid yo‘q, faqat axborot. Biz tomondagi chegarada ozgina tartibsizlikni hisobga olmaganda, hamma o‘tayapti. Qardosh O‘zbekiston tomonda 5-6 nafar chegara xizmati zobiti va 2 nafar bojxona xizmati xodimi mening avtoulovimni sinchkovlik bilan tekshirdi. Qat’iy, lekin muloyimlik bilan. Buning uchun ularga plyus”, — deb yozadi Farxod Sanginov. Shuningdek, u O‘zbekistonda narx bo‘yicha hamma narsa arzonligini qayd etib, jumladan shunday ta’kidlaydi: “Bir porsiya kabobda — uchta six. Tuxum, un, mandarinlar, non — arzon”.
Aytgancha, dam olish kunlari mamlakatimizga kelgan tojikistonliklarning mahsulotlar O‘zbekistonda Tojikistonga nisbatan ancha arzonligi haqidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda asosiy o‘rinni egalladi, trendga aylandi.
Mehmonlar, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari tomonidan ko‘rsatilgan xushmuomalalikni alohida e’tirof etdilar.
“Yigirma yildan ortiq vaqt ichida bir-birimizni ko‘rmagan edik, bir-birimiz haqida deyarli hech narsa bilmas edik, endi xuddi o‘rtada nifoq bo‘lmagandek uchrashdik, biz haqiqatan ham o‘zbeklar bilan birodarlarmiz, biz mintaqadagi eng yaqin xalqlarmiz”, — deb qayd etadi ParvizXZ nikli yana bir foydalanuvchi.
Shular qatorida Tojikistonga tashrif buyurgan o‘zbekistonliklar ham qo‘shnilar mehmondo‘stligidan xursand ekanligini yashirmagan.
“Tojikiston xalqiga mehmondorchilik uchun rahmat, — deb yozadi samarqandlik Nodir Ahmedov. — Kecha Samarqand tarafdan Dushanbega o‘z avtoulovim bilan bordim! DAN xodimlari yaxshi va xushmuomala. Qardosh Tojikiston xalqiga mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildiraman. Tojikistonda hech qachon bo‘lmaganman, kecha ilk bor tashrif buyurdim, o‘z mashinamda Dushanbe, Panjikent shaharlarini aylandim, hammasi a’lo — muammo yo‘q. O‘zbek va tojik xalqiga hurmat! Prezidentlarga rahmat!”
O‘z navbatida, “Facebook”dagi Tojikistonning mashhur guruhlarida o‘zbekistonlik, O‘zbekistonning mashhur guruhlarida esa tojikistonlik ko‘plab yangi ishtirokchilar paydo bo‘ldi.
Qolaversa, o‘zbekistonliklar qo‘shni yurtdan keladigan mehmonlarga qo‘lidan kelgancha on-layn ko‘mak berishga intilgan.
“Bolalar, mana sizga Toshkent metrosi xaritasi”, — deb fotosuratlarni taqdim etgan o‘zbekistonlik Bobur Feniks.
Yana bir foydalanuvchi Otabek Fatxullayev esa Toshkentning qaysi joyida ovqatlanish mumkinligi, O‘zbekistonning istalgan bankida valyuta ayirboshlash imkoniyati mavjudligi, xususan, 1 AQSH dollarining davlat kursi haqida ma’lumot bergan.
Hatto, ayrim o‘zbekistonliklar yordam kerak bo‘lsa deb o‘z shaxsiy telefon raqamlarini, tojikistonliklar esa bunga javoban o‘z raqamlarini qoldirgan.
“Biz Samarqandga buvimiz bilan bordik. Men uni o‘z mashinamda olib bordim. U kishi 79 yoshda, — deb yozadi Nodir Ibrohiov “Facebook”dagi sahifasida. — U yo‘l bo‘yi jim ketdi. Samarqand uning Vatani va buvim endi u yerga boshqa bora olmasligi haqida ko‘p gapirardi. Lekin bordi. Uning ushalmas orzu armonini amalga oshirgan barchaga rahmat, bizning qardosh xalqlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin. Bundan buyon doim shunday bo‘laversin”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprel oyida mamlakatlar o‘rtasidagi avtobus qatnovlari yangilanib, Tojikistondan avtobuslar O‘zbekistondagi beshta shahar — Toshkent, Samarqand, Denov, Termiz va Farg‘onaga boradi. Shundan so‘ng yuqoridagi kabi dil so‘zlari, orzular ro‘yobi ko‘payishiga shubha yo‘q.


O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ilmga intilmagan inson - o‘lik

06.03.2026   12364   1 min.
Ilmga intilmagan inson - o‘lik

Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahulloh aytadilar: “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohga hamdlar bo‘lsin. Sayyidimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga va u zotning oila a’zolariga hamda sahobalariga salavotu salomlar bo‘lsin. Ulardan ham, bizdan ham rozi bo‘l, yo olamlar Robbi.

Shak-shubhasiz, koinot, jamodot, nabotot va hayvonot bir-biridan farq qiladi. Ularning ayrimlari jonsiz, qolganlari jonli. Ba’zilari vaznga ega, hajmi bor va h.k.

Ammo insoniyat boshqa jonzotlar farqli o‘laroq fikr yuritadi, tafakkur qiladi. Agar inson ilm izlamasa, Robbi uni qo‘ygan darajadan pastga tushadi, bu esa uning mavqeiga mos kelmaydi. Natijada, u o‘lik sanaladi.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Aslida, ularning hayvonlardan farqi yo‘q. Balki yana ham yo‘ldan ozganroqdirlar(Furqon surasi, 44-oyat).

“Ular xuddi suyab qo‘yilgan xodaga o‘xsharlar” (Munofiqun surasi, 4-oyat).

“Ustlariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar misoli ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar” (Juma surasi, 5-oyat).

Inson mavjudligining sirini, hayotdan maqsadni va haqiqatni izlashi, o‘lim nima, o‘limdan keyin nima bo‘lishi haqida fikr yuritishi lozim.

Har bir aqlli odam ham dono emas. O‘tkinchi dunyo hayotining mayda-chuydalariga berilib ketmagan, o‘zini Allohning bandasi ekanini unutmagan, kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan Jannat uchun harakat qilgan inson – dono sanaladi. Bunga faqat ilm izlash orqali erishish mumkin.

Demak, agar kim dunyoni istasa, ilm izlasin. Oxiratni istasa, ilm izlasin. Agar har ikkisini ham xohlasa, ilm izlasin. Alloh buyukdir”.


Davron NURMUHAMMAD