Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Yanvar, 2026   |   11 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:15
Quyosh
07:37
Peshin
12:41
Asr
15:55
Shom
17:41
Xufton
18:55
Bismillah
30 Yanvar, 2026, 11 Sha`bon, 1447

Nafl namozi: shuruq va zuho namozlari

14.03.2018   21306   1 min.
Nafl namozi: shuruq va zuho namozlari

Shuruq (ishroq) namozi 

Muoz ibn Anas al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qib bo‘lganidan keyin namoz o‘qigan joyida to choshgoh namozini o‘qiguncha o‘tirsa, faqat yaxshilikdan boshqani gapirmagan bo‘lsa, uning xatolari, agar dengiz ko‘pigidan ko‘p bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deganlar”.

Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan. Termiziyning lafzida:

“Kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, so‘ngra quyosh chiqquncha Allohni zikr qilib o‘tirsa, keyin ikki rakat namoz o‘qisa, uning uchun haj va umraning ajridek bo‘lur. To‘liq, to‘liq, to‘liq”, deyilgan.

Ushbu rivoyatda vasf qilinayotgan namoz “Salotush-shuruq» (Ishroq namozi) deyiladi. “Shuruq” degani esa quyosh chiqishini bildiradi. Shuruq choshgoh namozining eng avvalgi vaqtidagi namozdir. 

Zuho (choshgoh) namozi 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kim choshgoh namozini bardavom o‘qisa, uning gunohlari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, dedilar”.

Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Bu namozning vaqti quyosh bir nayza bo‘yi ko‘tarilganda kirib (ya’ni quyosh chiqqandan taqriban yarim soat keyin), zavolga bir soat qolguncha davom etadi. Bu “dahvatul kubro”, ya’ni katta tong, deyiladi. Zuho namozi ikki rakatdan sakkiz rakatgacha o‘qiladi, eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘proq to‘rt rakatdan o‘qiganlar. Uning eng afzal vaqti nahorning to‘rtdan biri o‘tgandan keyindir.

“Mo‘minning me’roji” kitobidan 

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Allohning g‘azabidan panoh so‘rash

30.01.2026   1140   2 min.
Allohning g‘azabidan panoh so‘rash

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

وَقَالَ ابْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: كَانَ مِنْ دُعَاءِ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ زَوَالِ نِعْمَتِكَ، وَتَحَوُّلِ عَافِيَتِكَ، وَفُجَاءَةِ نِقْمَتِكَ، وَجَمِيعِ سَخَطِكَ. رَوَاهُمَا مُسلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ.

Ibn Umar roziyallohu anhumo dedi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolarida «Allohim! Albatta, men Sendan ne’matingning zavol bo‘lishidan, ofiyatingning burilishidan, to‘satdan keladigan ofatingdan va barcha g‘azabingdan panoh tilayman» bor edi».

Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar.

Sharh: Bu hadisi sharifda to‘rt narsadan panoh so‘ralmoqda:


1. Ne’matning zavolidan.

Alloh taolo O‘zi bergan ne’matni O‘zi ketkazib qo‘yishi hech gap emas. Banda uchun unga berilgan ne’matning zavolga uchrashi katta baxtsizlik bo‘ladi.

Ne’matning zavoli ko‘proq unga shukr qilmaslik oqibatida sodir bo‘ladi. Ne’matning zavoli uning ozayishi, nuqsonga uchrashi, barakasining ketishi yoki butunlay yo‘q bo‘lishi bilan bo‘ladi.

Banda o‘ziga berilgan ne’mat uchun doimiy shukr qilish bilan birga, ushbu duoni ham qilib tursa, yaxshi bo‘ladi.


2. Ofiyatning burilishidan.

«Ofiyat» so‘zi salomatlik, eson-omonlik, bardamlik, yaxshi kayfiyat kabi ma’nolarni ifoda qiladi.

Ko‘rinib turibdiki, ofiyat ham Alloh taoloning katta ne’matlaridan biri ekan. Uning bandadan boshqa tarafga o‘tishi uning uchun katta musibat bo‘lishi turgan gap.

Shuning uchun doimo Alloh taolodan ofiyatning boshqa tarafga burilib ketishidan panoh so‘rab turish lozim bo‘ladi.


3. To‘satdan keladigan ofatdan.

Bunday ofat to‘satdan kelgani uchun banda tavba ham qila olmay, baloni daf qilish uchun chora ham ko‘ra olmay qoladi. Butun dunyo birlashib, unga yordam bermoqchi bo‘lsa ham, zarracha yordam bera olmay qoladi.

Alloh taoloning O‘zi bu kabi uqubatlardan doimo asrasin.


4. Allohning barcha g‘azabidan.

Ya’ni Alloh taoloning g‘azabiga sabab bo‘ladigan ishlardan panoh so‘ralgan. Chunki Alloh taoloning har qanday g‘azabiga duchor bo‘lgan banda albatta halok bo‘ladi, noumid bo‘ladi va yutqazadi.

«Hadis va hayot» kitobining 35-juzi

Maqolalar