Hozir Amerikada uch yuz ming nafarga yaqin o‘zbek yashaydi. Dastlab, o‘tgan asrning 60–70-yillari o‘n mingga yaqin o‘zbek oilalari bu o‘lkada qo‘nim topishdi. Bir necha ming nafar o‘zbeklar 80-yillarda Turkiya va Afg‘oniston orqali o‘tishgan. O‘zbekiston mustaqilligidan keyin har yili salkam ikki ming fuqaro AQSH hukumati taqdim etayotgan «Yashil chipta» sohibiga aylanyapti.
Ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgan va o‘qishni davom ettirish uchun kelgan yoshlar yuqori malakali mutaxassis bo‘lib, Vatanga qaytib, tanlagan sohalarida ishni davom ettirish uchun aniq maqsad sari intilishyapti.
Bugun ular faqat ishchi emas, balki tadbirkor, o‘qituvchi, professor, advokat, uchuvchi va hatto huquqshunos bo‘lib davlat tashkilotlarida ishlashyapti. Davlat mutaxassislari kuzatuvlariga ko‘ra, Amerikada turmush kechirayotgan millatlar orasida o‘zbeklar o‘zining qonunga itoatliligi, mehnatsevarligi, insonparvarligi va mehmondo‘stligi bilan alohida ajralib turarkan.
Vatandoshlarimiz nafaqat AQSH jamiyatining bir qismi, balki o‘zbek milliy madaniyati, qadriyatlari va urf-odatlarining muhim bo‘g‘ini sifatida ham mazmunli hayot kechirishmoqda. Bunda, albatta, millatimiz, xalqimiz ravnaqi, madaniyatimiz targ‘ibotiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan turli tadbirlarning ahamiyati katta. Har yili O‘zbekistonning Amerikadagi elchixonasi yurtimiz mustaqilligi, Navro‘z va hayit bayramlariga bag‘ishlab vatandoshlarni tadbirga taklif qiladi va shodiyonalar keng nishonlanadi.
Yurtdoshlarimiz tashkil etgan «Turkiston-Amerika» uyushmasi va «O‘zbek Amerika» jamiyati u yerdagi o‘zbeklarni birlashtirib turadi. Vatandoshlarimiz Pensilvaniya, Filadelfiya, Texas, Chikago va yanada uzoq shtatlarda umrguzaronlik qilmasinlar, ularning holidan xabar olib turishadi. Jamiyat milliy qadriyatlarimizni saqlab qolish va yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida turli anjumanlar o‘tkazadi. Ularga osh, halim va sumalak kabi milliy taomlar tortiq qilinadi. Bundan tashqari, uyushma o‘n yildan beri muntazam Ramazon oyida O‘zbekistondan murattab qorilarni taklif qilyapti. Qorilarimiz u yerdagi jome masjidlarida xatmga o‘tib, ma’ruzalar qilishadi va ularning savollariga javob berishadi.
Amerikada bir guruh o‘zbekistonlik tashabbuskor yoshlar yetakchi mutaxassislar bilan hamkorlikda ingliz tilida «The Uzbek Times» jurnali va o‘zbek tilida «Vatandosh» gazetasini chop etishyapti. Jurnal va gazeta, avvalo, buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodi, o‘zbek milliy an’analari, vatandoshlarimiz yutuq va muammolari, turmush tarzi haqida ma’lumot beradi. Gazeta oyda, jurnal esa har faslda bir marta chop etiladi.
Amerikalik o‘zbeklarning ham orzusi kindik qoni to‘kilgan ona yurtga qaytishdir. Albatta, ko‘chada millatdoshini ko‘rib, Vatanni eslaganida, ona zaminning muqaddas tuprog‘i qay darajada o‘ziga tortishini faqat hijronda yashayotgan odamgina his etishi mumkin.
Azizxon HAKIMOV
tayyorladi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV