Bahor faslining ilk kunida O‘zbekistonning Samarqand viloyati bilan Tojikistonning So‘g‘d viloyatini ajratib turuvchi Urgut tumanidagi “Sarazm–Jartepa” nazorat-punktida katta shodiyona bo‘ldi. Bu yerda viloyat va tuman hokimligi, ziyolilar, imom-xatiblar, yoshu keksa, erkagu ayollar guvohligida o‘n yil muqaddam yopilgan chegara nazorat punkti qayta ochildi.
So‘nggi oylarda qo‘shnilar bilan yaqin aloqalar qayta tiklandi. Mintaqadagi barcha mamlakatlar sari yaqinlashdik. Tan olish kerakki, Tojikiston bilan aloqalarni tiklashni xalqlarimiz intiqlik bilan kutgan edi. O‘zaro manfaatli, xayrixoh do‘stlik, samimiyat, tarixiy qardoshlikka asoslangan yangilanishlar ro‘y berishi Yaratganning katta marhamati bo‘ldi.
Muhtaram Yurtboshimizning sa’y-harakatlari ortidan qardosh xalqlar orasida aloqalarni mustahkamlash, ikki davlat orasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida tashlangan navbatdagi muhim qadam chin ma’nodagi tarixiy voqea bo‘ldi.
Aytish joizki, bu xayrli yangilanishlarni ilgari turli sabablar tufayli berkitib qo‘yilgan chegaraning har ikki tomonida yashovchi kishilar teran his qilishdi. Qarindoshlari, do‘stlari bilan ko‘rishish endi avvalgiday uzoq vaqt va asabbuzarlikni talab etuvchi mushkul vazifa emas, balki quvonchli hodisaga aylandi. Axir bizning qardoshlik rishtalari bilan bog‘langan, mehmondo‘stlik bilan nom chiqargan mintaqamizda shunday bo‘lishi ham kerak.
Xalqimizga xos an’ana faqat bayram yo xursandchilikni baham ko‘rishdan iborat emas. Aksincha, qiyin vaziyatda yelkadosh, so‘z va amaliy ish bilan xalqlarimizni jalb qilgan holda, muammoni birgalikda hal etish undan-da muhim.
Chegaralar ochilishi marosimida ishtirok etganlar ikki xalq o‘rtasidagi qadim-qadimdan davom etib kelayotgan azaliy an’analar qayta jonlanayotganini ko‘rib, Yaratgan Parvardigorga shukronalar aytishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Samarqand viloyati vakilligi,
O‘MI Matbuot xizmati
Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov 25 sentyabr kuni Mokpo shahridagi "Imom al-Buxoriy" masjidiga tashrif buyurdi.
Ma’rifiy suhbat davomida Imom Buxoriy hayot va ijodi, u zotning hadislaridan namunalar, ibratli voqealardan misollar keltirildi. Shuningdek, yot g‘oyalar ta’siriga berilmaslik, soxta salafiylik kabi oqimlaridan uzoqda bo‘lish, mazhabga amal qilish, har qanday diniy savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan javob olish tavsiya etildi. Buning uchun xorijdagi hamyurtlarimizning savollariga javob beruvchi @fatvo_call_1 (Telegram orqali), @fatvo_call_2 (Telegram orqali) hamda +998917806633 (WhatsApp orqali) havolalari tashkil etilgani aytib o‘tildi.
Suhbat davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. Namozdan so‘ng ona vatandan, yaqinlaridan uzoqda yurgan hamyurtlarimizning o‘qish va ishlarida Yaratgan madadkor bo‘lishini tilab duolar qilindi. So‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chop etilgan 5 turdagi diniy-ma’rifiy bukletlar tarqatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati