Kuni kecha Toshkent viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Umra-2018” mavsumi ziyoratchilari hamda ilgari turli diniy oqimlar ta’siriga tushib qolgani sababli ozodlikdan mahrum etilgan va to‘g‘ri yo‘lni anglab yetgani e’tiboridan avf qarori asosida ozodlikka chiqarilgan fuqarolarimiz uchun yurtimizning eng tabarruk va tarixiy maskanlariga boy bo‘lgan Samarqand viloyatiga ikki kunlik ziyorat tashkil etildi.
Ular birinchi kunlarini “Imom Buxoriy” yodgorlik majmuasida muhaddislar sultoni bo‘lgan Imom Buxoriy rahimahullohning marqadini ziyorat qilish bilan boshladi. O‘z navbatida ushbu maskanda amalga oshirilgan qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdilar.
Bugun erta tongdan birinchi Prezidentimizning maqbarasini ziyorat aylab, u kishining haqlariga xayrli duolar qildilar. Shundan so‘ng Registon maydonidagi qadimiy madrasalar tomon yo‘l olishdi. Ular bugun “Go‘ri Amir” va boshqa qadamjolarni tomosha qilib, safarini Samarqandning yuragi bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyida yakunlaydilar.
Ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mehmonxona, ziyorat ishlariga oid mutaxassis xodimlar, yumshoq o‘rinli avtobuslar hamda YOPX xodimlari biriktirilgan.
Ziyoratga mas’ul bo‘lgan I.Dostonovdan ziyorat yuqori kayfiyatda o‘tgani, ziyoratchilarning kayfiyati a’lo darajadaligi, xususan, tashkil etilgan ushbu safar umra ziyorati oldida turgan fuqarolarimiz uchun benazir sovg‘a bo‘lgani, avf qarori asosida ozodlikka chiqarilgan fuqarolarimiz esa yurtimizda amalga oshirilgan bunday ezgu ishlardan mamnun ekani haqida ma’lumot oldik.
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati