Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyun, 2025   |   7 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:51
Peshin
12:26
Asr
17:34
Shom
19:54
Xufton
21:30
Bismillah
03 Iyun, 2025, 7 Zulhijja, 1446

06.10.2017 y. Masjidning hurmati va juma odoblari

04.10.2017   10600   13 min.
06.10.2017 y. Masjidning hurmati va juma odoblari

Muhtaram birodarlar! Muqaddas Islom dinimizda masjidni Allohning uyi deyiladi. Bu degani masjid faqat Alloh taologa ibodat qilish, uni zikr qilib tasbih aytish, Kalomini tilovat qilish kabi amallar uchun barpo etiladi. Qur’oni karimda bu haqda shunday deyilgan:

(وَأَنَّ الْمَسَاجِدَ لِلَّهِ فَلَا تَدْعُوا مَعَ اللَّهِ أَحَدًا  (سورة الجن/18

ya’ni: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan qo‘shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangiz! (Jin surasi, 18-oyat).

Masjidga kelgan namozxonlar Allohning uyiga ziyoratga kelgan bo‘ladilar. Ziyoratga kelgan kishi u joyning tartib-qoidasi va odob-axloqiga rioya qilishi lozim bo‘ladi. Shunda ziyoratchiga izzat-ikrom ko‘rsatiladi. Quyidagi Hadisi Qudsiyda shunday deyiladi:

(عَن أَبيِ سَعِيدٍ الخُدرِي رضي الله عنه أَن َّرَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ فِيمَا يَروِيهِ عَن رَبِّهِ: "إِنَّ بُيُوتيِ فيِ أَرضِي المَسَاجِدُ، وَ إِنَّ زُوَّارِي فِيهَا عَمَّارُهَا، فَطُوبَى لِعَبْدٍ تَطَهَّرَ فيِ بَيتِهِ ثُمَّ زَارَنيِ فيِ بَيتيِ فَحُقَّ عَلَى المَزُورِ أَنْ يُكْرِمَ زَائِرَهُ" (رَوَاهُ الإمام أَبُو نُعيَم

ya’ni: Abu Sa’id Al-Xudriy 0 dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ  Rabbisidan qilgan rivoyatida aytadilar: “Albatta, yerimdagi uylarim Masjidlardir. Unda Meni ziyoratimga kelganlar uni obod qiluvchilardir. Uyida tahorat olib so‘ngra Meni uyimga ziyoratim uchun kelgan bandaga yaxshilik (Tubo jannati) bo‘ladi. Darhaqiqat, ziyorat qilinmish ziyorat qiluvchisini ikrom qilmog‘i haqqi vojibdir” (Imom Abu Nu’aym rivoyati).

Albatta, masjidga ibodat uchun qatnashni odatga aylantirgan bandasini Alloh taolo imon halovatidan bahramand etadi, O‘ziga yaqin bandalari qatoriga qo‘shadi. Bu haqda Abu Sa’id Al-Xudriy 0 dan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda Payg‘ambar ﷺ shunday deganlar:

(عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الخدري رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : "إِذَا رَأَيْتُمُ الرَّجُلَ يَعْتَادُ الْمَسْجِدَ فَاشْهَدُوا لَهُ بِالإِيمَانِ، فَإِنَّ اللَّهَ تَعَالَى يَقُولُ: [إِنَّمَا يَعْمُرُ مَسَاجِدَ اللهِ مَنْ آمَنَ بِاللَّهِ وَاليَوْمِ الآخِرِ]" (رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرمِذِي

ya’ni: “Agar bir kishini masjidlarga borishni odat qilganini ko‘rsangiz uning imoni butun ekanligiga guvoh bo‘lavering. Alloh taolo: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan ... kishilar obod qilurlar”, degan” (Imom Termiziy rivoyati).

Hurmatli namozxonlar! Masjidni obod qilish deganda, uni moddiy va ma’naviy obod qilish tushuniladi. Namozxonlar uchun barcha sharoitlari yaratilgan tarzda masjidni barpo etish, uni ozoda va pokiza saqlash, nuragan yoki yaroqsiz holga kelgan bo‘lsa uni ta’mirlash yoki yangidan qurish kabilar moddiy obod qilish deyiladi. Alhamdulillah, mustaqilligimizdan so‘ng yurtimizda masjidlarni obod etish borasida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Ko‘plab yangi masjidlar qurildi. Eskilari ta’mirlandi, yaroqsizlari qaytadan barpo etildi. Ayniqsa, oxirgi yillarda bu sohadagi ishlar yanada rivojlanib, barcha masjidlar eng zamonaviy asbob uskunalar bilan jihozlandi. Darhaqiqat, bitta masjid qurish yoki uni obod etishning savobi dinimizda eng katta savobli ish sanaladi. Bu haqda ko‘plab hadislarda bayon etilgan. Jumladan,

(عَنْ عُثْمَانَ بْنَ عَفَّانَ رضي الله عنه قَالَ سَمِعتُ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: "من بَنَى مَسْجِدًا يَبْتَغِي بِهِ وَجْهَ اللَّهِ بَنَى اللَّهُ لَهُ مِثْلَهُ فِي الْجَنَّةِ" (متفق عليه

ya’ni: Usmon ibn Affon 0dan rivoyat qilinadi, u kishi: Men Rasululloh ﷺ ni: “Kim Allohdan savob umidida bitta masjid qursa Alloh taolo unga jannatda shunga o‘xshagan bino quradi” deganlarini eshitganman, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

(عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ، قَالَ، قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ أَسْرَجَ فِي مَسْجِدٍ مِنْ مَسَاجِدِ اللَّهِ سِرَاجًا لَمْ تَزَلِ الْمَلائِكَةُ وَحَمَلَةُ الْعَرْشِ يَسْتَغْفِرُونَ لَهُ مَا دَامَ فِي ذَلِكَ الْمَسْجِدِ ضَوْءٌ مِنْ ذَلِكَ السِّرَاجِ" (رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ أَبيِ شَيبَةَ

ya’ni: Anas ibn Molik 0dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Kim Allohning masjidlaridan biriga chiroq o‘rnatsa, modomiki o‘sha chiroqning yorug‘ligi shu masjidni yoritib turar ekan uning haqiga Arshni ko‘tarib turuvchi va barcha farishtalar istig‘for aytib turadilar” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyati).

         Masjidni ma’naviy obod qilish deganda unda namoz o‘qish, Qur’on tilovati, zikru tasbih bilan mashg‘ul bo‘lish, unda dunyoviy so‘zlarni gapirishdan va savdo sotiq hamda noshoyista ishlarni qilishdan saqlanish kabilar tushuniladi. Alloh taolo marhamat qilgan:

(يُسَبِّحُ لَهُ فِيهَا بِالْغُدُوِّ وَالْآَصَال  رِجَالٌ لَا تُلْهِيهِمْ تِجَارَةٌ وَلَا بَيْعٌ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَإِقَامِ الصَّلَاةِ وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ يَخَافُونَ يَوْمًا تَتَقَلَّبُ فِيهِ الْقُلُوبُ وَالْأَبْصَارُ  لِيَجْزِيَهُمُ اللَّهُ أَحْسَنَ مَا عَمِلُوا وَيَزِيدَهُمْ مِنْ فَضْلِهِ وَاللَّهُ يَرْزُقُ مَنْ يَشَاءُ بِغَيْرِ حِسَابٍ   (سورة النور/36-38

ya’ni: “U (masjid)larda ertayu kech Unga tasbeh aytadigan kishilar bordirki, ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni barkamol ado etishdan va zakot berishdan chalg‘ita olmas. Ular dillar va ko‘zlar iztirobga tushib qoladigan kun (qiyomat)dan qo‘rqurlar. Ular qilgan ezgu amallari sababli Allohning mukofotlashi va yana ularga o‘z fazli bilan ziyoda (savoblarni ato) etishi uchun (ibodat qilurlar). Alloh (o‘zi) xohlagan kishilarga behisob rizq berur” (Nur surasi, 36-38-oyatlar).

Muhtaram jamoat! Modomiki, masjidlar Allohning uyi ekan, har joyda bo‘lgani kabi masjidning ham odoblari bor. Quyida masjidning odoblaridan ba’zilarini zikr qilib o‘tamiz:

Avvalo, masjidga muqaddas dargoh sifatida qaralishi lozim bo‘ladi. Masjidga xolis ibodat qilish niyatida tahorat bilan, xushbo‘ylanib, soch-soqollarni tartibga solib, tirnoqlarni olib, pokiza hamda avratlarni to‘liq yopadigan kiyimlarni kiyib, piyoz va sarimsoq kabi maxsulotlar iste’mol qilmasdan kelinadi. Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadisda shunday deyilgan:

عَن أَبيِ هُرَيرَةَ رضي الله عنه أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ:"مَنْ تَطَهَّرَ فيِ بَيتِهِ ثُمَّ مَضَى اِلىَ بَيتٍ مِنْ بُيُوتِ اللهِ لِيَقضِيَ فَرِيضَةَ مِن فَرَائِضِ اللهِ كَانَتْ خُطُوَاتُهُ إِحدَاهَا تَحُطُّ خَطِيئَةً وَ الأُخْرَى تَرفَعُ دَرَجَةً"

(رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمُ).

ya’ni: Abu Hurayradan rivoyat qilinadi, om م صَالِ Payg‘ambar ﷺ dedilar: “Kim uyida tahorat olib so‘ngra Allohning uylaridan biri sari Allohning farzlaridan birini ado etish uchun yursa, bosgan qadamlarining biri xatosini o‘chiradi, boshqasi darajasini ko‘taradi” (Imom Muslim rivoyati).

Masjidga bismillohni aytib, bilsa maxsus duoni o‘qib, o‘ng oyoq bilan kiradi va o‘ziga munosib joyga, agar odamlar ko‘p bo‘lsa bo‘sh joyga borib o‘tiradi. Agar namoz o‘qish makruh bo‘lmagan vaqt bo‘lsa, o‘tirishdan oldin ikki rak’at namoz o‘qib o‘tirmog‘i sunnatdir. Juma namoziga kelganda esa, tahiyyatul masjid namozini imomning ma’ruzasini tinglayotgan namozxonlarga xalal bermaydigan joyga o‘tib (xonaqodan tashqarida masalan, ayvonda) o‘qiydi. Ammo, imom-xatib xutbaga chiqqanda hech qanday namoz o‘qish mumkin emas.  

Masjidda mudom tinchlik saqlanishi lozim. Dunyoviy gaplarni gapirish, hatto zikru tasbihlarni ham boshqalarga xalal beradigan darajada ovoz chiqarib aytish makruh sanaladi. Bu haqda quyidagi hadislar mavjud:

عَن السَّائِبِ بنِ يَزِيدَ الصَّحَابيِّ قَالَ: "كُنْتُ فيِ المَسجِدِ فَحَصَبَنيِ رَجُلٌ فَنَظَرتُ فَإِذَا عُمَرُ بنُ الخَطَّابِ فَقَالَ، اِذهَبْ فَأْتِنيِ بِهَذَينِ، فَجِئتُهُ بِهِمَا، فَقَالَ: مِنْ أَينَ أَنْتُمَا؟ فَقَالاَ: مِنْ أَهلِ الطَّائِفِ فَقَالَ: لَوْ كُنتُمَا مِن أَهلِ البَلَدِ لَأَوْجَعتُكُمَا، تَرفَعَانِ أَصوَاتَكُمَا فيِ مَسجِدِ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم"

(رَوَاهُ الإِمَامُ البخاري).

ya’ni: Sahobiy As-Soib ibn Yazid aytadi: “Men Rasululloh ﷺ ning masjidlarida edim, bir kishi menga tosh otdi. Qarasam, Umar ibn Xattob ekanlar. Menga: “Ana u ikkisini meni oldimga olib kel, dedilar”. Men ularni olib keldim. Umar: “Sizlar qayerdansizlar?” – deb so‘radi. Ular: “Toif ahlidanmiz”, deyishdi. Umar: “Agar shu yerlik bo‘lganingizda ta’ziringizni berib qo‘yar edim, Rasulullohning masjidida ovozingizni ko‘targaningiz uchun”, dedi (Imom Buxoriy rivoyati).

(عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رضي الله عنه أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ اعْتَكَفَ فِي الْمَسْجِدِ فَسَمِعَهُمْ يَجْهَرُونَ بِالْقِرَاءَةِ، فَكَشَفَ السِّتْرَ وَ قَالَ: "أَلَا إِنَّ كُلَّكُمْ مُنَاجِ رَبَّهُ، فَلَا يُؤْذِيَنَّ بَعْضُكُمْ بَعْضًا، وَ لَا يَرْفَعْ بَعْضُكُمْ عَلَى بَعْضٍ فِي الْقِرَاءَةِ" (رَوَاهُ الإِمَامُ النَّسَائِي وَ الإِمَامُ أَبُو أَحمَدَ

ya’ni: Abu Sa’id Al-Xudriydan rivoyat qilinadi, om م صَالِ Payg‘ambar ﷺ masjidda e’tikof o‘tirgan edilar, odamlarni ovoz chiqarib qiroat qilayotganlarini eshitib, pardani ko‘tardilar va: “Har biringiz o‘zicha rabbisiga munojot qilmoqda. Bir-biringizga ozor yetkazmang, qiroatda ham ovozingizni bir-biringiznikidan baland ko‘tarmang”, dedilar (Imom Nasaiy va Imom Abu Ahmad rivoyati).

Juma namoziga kelganda g‘usl qilib, xushbo‘y atrlardan sepib, imkon qadar ertaroq kelib, birinchi qatordan saflarni to‘ldirib o‘tirish, odamlarni ustidan bosib o‘tmaslik, imomning ma’ruzasiga diqqat bilan quloq solib o‘tirish, namozdan so‘ng hamma bilan birga tarqalish juma odoblaridan sanaladi.

                 

         Tezisning 6-oktyabr soniga ilova

 

Muhtaram jamoat! Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan xalqimizning tinch-totuv va farovon yashashi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Barchamiz yurtimiz bo‘ylab ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligini guvohi bo‘lib turibmiz. Albatta, yurtimizning tinchligi, xalqimiz turmushining farovonligida har birimizning hissamiz bor. U ham bo‘lsa, vatanimiz sarhadlarining daxlsizligini ta’minlanishi, jamiyatimizda ijtimoiy himoya tizimining mustaqkamlanishida sizu-bizlarning davlat oldidagi fuqarolik burchimiz bo‘lmish mol-mulk va yer soliqlarini o‘z vaqtida to‘lashimizdir.

Shuni unutmaylikki, to‘laydigan soliqlarimiz alaloqibat yana o‘zimizga qatib keladi, ya’ni xonadonimizdagi nuroniy otaxon va onaxonlarimizning nafaqasi, farzandlarimiz ta’lim olayotgan maktab va boshqa bilim dargohlari, bemorlarimiz davolanayotgan shifoxonalar va hokazo ta’minoti davlat xazinasiga bog‘liq bo‘lgan jihatlarga yo‘naltiriladi.

Shunday ekan, davlat oldidagi fuqarolik burchimiz bo‘lmish mol-mulk va yer soliqlarini o‘z vaqtida to‘lashni unutmaylik. Aks holda, ixtiyoriy tarzda soliqlarni to‘lamagan kimsalarga nisbatan majburiy undirish choralari qo‘llanilib, natijada mahalla ko‘y oldida xijolatpazlik yuzaga kelishi,  qo‘shimcha jarimalar to‘lanishiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, qarzni uzmay yurishlik og‘ir gunohlardan sanaladi.

Savob axtargan kishilar esa soliqlarni to‘lash qobiliyati bo‘lmagan qarishdosh-urug‘lari, qo‘ni-qo‘shnilari, mahalladoshlariga qarzlarini to‘lashda ko‘maklashib yuborsalar ayni savob ishga qo‘l urgan bo‘ladilar. Payg‘ambarimiz s.a.v.ning bu borada quyidagicha marhamatlari bor:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنْيَا، نَفَّسَ اللَّهُ عَنْهُ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ، وَ مَنْ يَسَّرَ عَلَى مُعْسِرٍ، يَسَّرَ اللَّهُ عَلَيْهِ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَ مَنْ سَتَرَ مُسْلِمًا، سَتَرَهُ اللَّهُ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَ اللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ، مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ (رَوَاهُ مُسْلِمٌ

ya’ni: Abu Hurayradan rivoyat qilinadi Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Kim bir mo‘mindan dunyo qiyinchiliklaridan birini yengillashtirsa, Alloh taolo undan qiyomat og‘irliklaridan birini yengil qiladi. Kim hayotda qiynalgan kishiga osonlikni ravo ko‘rsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillikni ato qilur. Kim musulmonning aybini yashirsa Alloh taolo uning aybini dunyo va oxiratda yashiradi. Modomiki banda birodariga yordam berar ekan, Alloh taolo uning yordamchisi bo‘ladi" (Imom Muslim rivoyati).

Alloh taolo barchalarimizni masjidlarni moddiy va ma’naviy obod etuvchi bandalari qatoridan bo‘lmog‘imizni nasibu ro‘zi aylasin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Istig‘forning 72 ta xislati

02.06.2025   1755   4 min.
Istig‘forning 72 ta xislati

ISTIG‘FOR ning 72 ta XISLATI

                                       ni

    ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

 

 

Kalomulloh – Qur’oni karimning

muborak oyati karimalaridan

va

Janobi Payg‘ambarimiz

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning

muborak hadisi shariflaridan

       ISTIG‘FOR ning 72 ta XISLATI:

 

 

  1. Alloh taologa itoatgo‘y banda istig‘for aytadi.
  2. Istig‘for aytgan banda payg‘ambarlar, solihlar yo‘lidan yuradi.
  3. Istig‘for aytuvchi odam imon halovatiga erishadi.
  4. Istig‘for bandani gunohlardan poklaydi.
  5. Istig‘for aytuvchining gunohlari savobli ishlarga almashtiriladi.
  6. Istig‘for aytuvchiga ne’matlar ko‘paytirib beriladi.
  7. Istig‘for bandaning ikki dunyoda ham martabasini ko‘taradi.
  8. Istig‘for baxt-saodat olib keladi.
  9. Istig‘for tufayli istig‘for aytuvchi ham, atrofdagi odamlar ham buzuqliklardan poklanadi.
  10. Istig‘for yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘ladi.
  11. Istig‘for mol-dunyoga baraka kiritadi.
  12. Istig‘for aytuvchi inson farzand ne’mati bilan siylanadi.
  13. Dehqonchilik, chorvachilikdagi unumdorlik ham istig‘for aytish bilan uzviy bog‘liq.
  14. Istig‘for aytuvchi jahannamdan najot topadi.
  15. Istig‘for bandaning jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.
  16. Istig‘for Alloh taoloning rahmati tushishiga sabab bo‘ladi.
  17. Istig‘for tanani baquvvat qiladi.
  18. Istig‘for aytuvchi odamning hayoti farovon bo‘ladi.
  19. Istig‘for aytuvchiga yaxshiliklar ko‘paytirilib beriladi.
  20. Istig‘for inson ko‘nglini xotirjam qiladi.
  21. Istig‘for boshga tushgan balolarni daf etadi.
  22. Istig‘for bandani Alloh taologa yaqinlashtiradi.
  23. Istig‘for aytuvchi odam Alloh taoloning rahmat-marhamatiga sazovor bo‘ladi.
  24. Istig‘for banda holatini ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
  25. Istig‘for g‘iybatga kafforat bo‘ladi.
  26. Istig‘for shayton vasvasasini qaytaradi.
  27. Alloh taolo istig‘for aytgan bandani yaxshi ko‘radi.
  28. Istig‘for aytish Alloh taoloni xursand qiladi.
  29. Istig‘for g‘am-tashvishlarni ketkazadi.
  30. Istig‘for aytuvchi muammolaridan qutuladi.
  31. Istig‘for aytuvchi odam gunohlardan forig‘ bo‘ladi.
  32. Istig‘for aytuvchi muvaffaqiyat qozonadi.
  33. Istig‘for tashvishlarni aritadi.
  34. Ko‘p istig‘for aytuvchi odam kasallikdan to‘liq tuzalib ketadi.
  35. Istig‘for aytuvchi odam qiyinchilikdan farovonlikka chiqadi.
  36. Alloh taolo istig‘for aytuvchining mushkullarini oson qiladi.
  37. Yetib bo‘lmas marralarni istig‘for ila zabt etadi.
  38. Istig‘for ila dildagi vasvasalar yo‘qoladi.
  39. Istig‘for bilan qo‘rquvlar ariydi.
  40. Istig‘for bilan dilga quvonch kiradi.
  41. Istig‘for qalbga taskin beradi.
  42. Istig‘for ko‘ngilni xotirjam qiladi.
  43. Istig‘for tinchlik-xotirjamlik olib keladi.
  44. Istig‘for insonni sog‘lom qiladi.
  45. Istig‘for kasalliklarni aritadi.
  46. Istig‘for aytuvchi odam yorug‘ kunlarga erishadi.
  47. Istig‘for bilan inson orzusiga yetadi.
  48. Istig‘for aytuvchining dili yayraydi, ko‘ngli yoziladi.
  49. Istig‘for xursandchilik olib keladi.
  50. Istig‘for qalbni charog‘on, ruhni tetik qiladi.
  51. Istig‘for aytuvchining xotirasi kuchayadi.
  52. Istig‘for yuzni nurli qiladi.
  53. Istig‘for rizq kelishini osonlashtiradi.
  54. Istig‘for aytuvchining duosi qabul bo‘ladi.
  55. Alloh taolo istig‘for aytuvchining og‘irini yengil qiladi.
  56. Ko‘p istig‘for aytgan odam Qiyomat kuni nomai a’molini ko‘rib xursand bo‘ladi.
  57. Olamdan o‘tib ketgan ota-onalar farzandlari aytgan istig‘forlari tufayli jannatda eng yuqori martabalarga ko‘tarilishadi.
  58. Istig‘for odamni tushkunlikdan xalos etadi.
  59. Istig‘for hasrat-nadomatni, pushaymonni ketkazadi.
  60. Istig‘for qalbni tiniqlashtiradi.
  61. Istig‘for aytib yuruvchi odamga Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini ko‘rsatadi.
  62. Istig‘for aytib yuruvchi odamning Alloh taolo musibatlarini ko‘taradi.
  63. Istig‘for aytib yurgan bandaning Alloh taolo har qanday qiyinchiliklarini yengillashtiradi.
  64. Istig‘for aytib yuruvchi inson qashshoqlikka yo‘liqmaydi.
  65. Istig‘for aytuvchining ishlari yurishadi.
  66. Istig‘for er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilikni daf etadi.
  67. Istig‘for farzandlarni itoatli qiladi.
  68. Alloh taolo istig‘for aytib yurgan odamga kutmagan tarafidan ne’mat, rizq jo‘natadi.
  69. Istig‘for aytuvchi odamning rizqi ulug‘ bo‘ladi.
  70. Istig‘for aytuvchi odamning kasb-koriga Alloh taolo xayr-baraka beradi.
  71. Kim mo‘minlar haqqiga istig‘for aytsa, Alloh unga har bir mo‘min muqobilida bittadan hasanot yozib qo‘yadi.
  72. Istig‘for aytilgan xonadonga ilohiy fayzu xayr-baraka kiradi.

 

Mehribon Parvardigorimiz

o‘zlarimizni ham,

farzand-zurriyotlarimizni ham

O‘zi buyurgan,

Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalom tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohim domla Inomov

Ibratli hikoyalar