Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Fevral, 2026   |   9 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:03
Peshin
12:41
Asr
16:26
Shom
18:14
Xufton
19:26
Bismillah
26 Fevral, 2026, 9 Ramazon, 1447

Farzandim qori bo‘lsin desangiz

13.03.2017   20842   6 min.
Farzandim qori bo‘lsin desangiz

Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni karimni to‘la yod oldi. 1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi. 1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome masjidida imom-xatiblik qildi. 1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi. 1995-2011 yillar shu tumandagi Hasanboyota jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishlagan. Yahyo qori hozirda ushbu masjid imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritmoqda.

Ustoz, bolalik yillaringiz, qalbingizda Qur’oni karimga ilk muhabbat uyg‘otgan ota-onangiz, ustozlaringiz, imomlik faoliyatiga kirib kelishingiz haqida so‘zlab bersangiz.

Men dehqon oilasida tavallud topdim. Otam dehqonchilik bilan shug‘ullansada, ahli ilmga muxlis, domlalarning xizmatiga shay bo‘lgan inson edi. Onam ham juda o‘qimishli ayol bo‘lgan. Onamning aytishlaricha  besh farzanddan yolg‘iz men tirik qolgan ekanman. Qolgan to‘rt nafar jigarlarim qizil chechak degan kasallik sabab vafot etishgan.

Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onamdan (Alloh rahmatiga olsin) oldim. Ularning farzandim olim bo‘lsin degan sa’y-harakatlari bilan 13 yoshimda Qur’oni karimni to‘liq yodladim. Shuningdek ustozlarim Abduhalil va Abdunodir domlalardan ta’lim oldim. Maktab yillari ta’lim olish juda mushkul edi. Daftar, qalam oz bo‘lgani bois, taxtachaga ko‘mir yo bo‘r bilan alifboni yozib, yodlab bo‘lganimizdan so‘ng, o‘chirib boshqa harflarni o‘rganardik.

1954 yil olim bo‘lishimni istagan otam 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan Shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldim, 1960 yilda madrasani tamomlaganimdan keyin domla Shohimardonning yonida mudarris  bo‘lib ishladim. Biroq shu yilning o‘zida ustozimning maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdim. 1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdim. 1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldim. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladim. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydim. 1976 yilda Shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon (Alloh rahmatiga olsin) bilan tanishdim. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdim. Shu tariqa imomlik faoliyat boshlandi.  

– Qur’oni karimni yod oluvchi, tilovat qiluvchi oldin uning haqlarini to‘liq bilib olishi hamda ularga rioya etishi va bunda loqaydlikka yo‘l qo‘ymasligi lozim. Shunday ekan, Qur’onni tilovat qiluvchida Kalomullohning qanday haqlari bor?

Qorilar Qur’onni hurmat qilishlari kerak. Binobarin, Allohning kalomi Qur’oni karim qancha e’zozlansa juncha oz. Domlalarimiz bizga Qur’onni ko‘krakdan pastga qo‘yish gunoh, deb qo‘p bora ta’kidlashardi.

Qorilarning Qur’oni karimdagi haqlaridan yana biri unga amal qilishdir. Qaysiki qori el orasida hurmatga sazovor bo‘lsa, bilingki Alloh u bandani o‘qigan Qur’oniga amal qilgani, Qur’onning haqqini ado etgani uchun aziz qilgan. Xalqimiz orasida mashhur bo‘lgan Rahmatulloh qori, Abdurashid qori, Hasan-Husan kabi qorilar aynan  ilmlariga amal qilganlari uchun ham Alloh boshqa ilm egalaridan ko‘ra bu qorilarni martabasini baland qilgani hayotiy bir misol.

Bundan tashqari qori muntazam ravishda Qur’oni karimni tilovat, takror qilib turishi ham Qur’onning haqlaridandir. Shu bois, doimo shogirdlarimizga har kuni Qur’onni oz bo‘lsada takror qilishlarini ta’kidlayman. Ba’zan shogirdlarim ustoz bir kunda bir-ikki pora emas, besh-olti pora o‘qishga qodirman desa, yo‘q, oz bo‘lsada bardavom bo‘lsin, bir kunda besh-olti o‘qib, keyin bir hafta o‘qishga qodir bo‘lmay qolgandan ko‘ra, har kuni oz-ozdan takror qiling, deb maslahat beraman. Agar qori har kuni ikki poradan o‘qisa, bir yil davomida yigirma to‘rt marotaba Qur’onni hatm qiladi. Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): Allohga eng sevimli bo‘lgan ibodat oz bo‘lsa ham doim bo‘lganidir, deganlar.

Afsuski, hozirda ba’zi qorilarimiz Qur’onni faqatgina Ramazon oyi kirishi arafasida takror qilib, hatmga o‘tmoqdalar. Bu Qur’onni haqqini ado etmaslik hisoblanadi. O‘zim ham har kuni kamida ikki pora qilishga odatlanganman, bomdod namozidan avval bir-bir yarim pora tilovat qilaman.

– Farzandim qori bo‘lsin degan niyat bo‘lgan ota-onalar uchun tavsiyalaringizni aytsangiz.

  • Ilm ahliga havas qilgan, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalarga aytadigan birinchi tavsiyam luqmasini halol qilsin. Haromga yaqinlashmasin, halol narsani ham me’yorida iste’mol qilsin. Shuningdek, farzandini ham halol luqma bilan voyaga yetkazsin, tarbiyalasin. Domlalarimiz ko‘cha-kuyda taom iste’mol qilganimizni bilib qolsalar, qattiq ranjib, bizni koyib: “Sen kecha Qur’ondan bir betni yuz marotaba o‘qib yodlagan bo‘lsang, bugun ikki yuz marotaba o‘qisang ham yodlay olmaysan. Shubhali ovqat yemagin. Zehning zaiflashib qoladi”, der edilar.

Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.

 

Davron NURMUHAMMAD

suhbatlashdi.

Shahzod SHOMANSUROV

suratga oldi.

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Istig‘forning 72 ta xislati

26.02.2026   1712   4 min.
Istig‘forning 72 ta xislati

 ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

Kalomulloh – Qur’oni karimning muborak oyati karimalaridan va

Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan

       ISTIG‘FOR ning 72 ta XISLATI:

 

  1. Alloh taologa itoatgo‘y banda istig‘for aytadi.
  2. Istig‘for aytgan banda payg‘ambarlar, solihlar yo‘lidan yuradi.
  3. Istig‘for aytuvchi odam imon halovatiga erishadi.
  4. Istig‘for bandani gunohlardan poklaydi.
  5. Istig‘for aytuvchining gunohlari savobli ishlarga almashtiriladi.
  6. Istig‘for aytuvchiga ne’matlar ko‘paytirib beriladi.
  7. Istig‘for bandaning ikki dunyoda ham martabasini ko‘taradi.
  8. Istig‘for baxt-saodat olib keladi.
  9. Istig‘for tufayli istig‘for aytuvchi ham, atrofdagi odamlar ham buzuqliklardan poklanadi.
  10. Istig‘for yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘ladi.
  11. Istig‘for mol-dunyoga baraka kiritadi.
  12. Istig‘for aytuvchi inson farzand ne’mati bilan siylanadi.
  13. Dehqonchilik, chorvachilikdagi unumdorlik ham istig‘for aytish bilan uzviy bog‘liq.
  14. Istig‘for aytuvchi jahannamdan najot topadi.
  15. Istig‘for bandaning jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.
  16. Istig‘for Alloh taoloning rahmati tushishiga sabab bo‘ladi.
  17. Istig‘for tanani baquvvat qiladi.
  18. Istig‘for aytuvchi odamning hayoti farovon bo‘ladi.
  19. Istig‘for aytuvchiga yaxshiliklar ko‘paytirilib beriladi.
  20. Istig‘for inson ko‘nglini xotirjam qiladi.
  21. Istig‘for boshga tushgan balolarni daf etadi.
  22. Istig‘for bandani Alloh taologa yaqinlashtiradi.
  23. Istig‘for aytuvchi odam Alloh taoloning rahmat-marhamatiga sazovor bo‘ladi.
  24. Istig‘for banda holatini ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
  25. Istig‘for g‘iybatga kafforat bo‘ladi.
  26. Istig‘for shayton vasvasasini qaytaradi.
  27. Alloh taolo istig‘for aytgan bandani yaxshi ko‘radi.
  28. Istig‘for aytish Alloh taoloni xursand qiladi.
  29. Istig‘for g‘am-tashvishlarni ketkazadi.
  30. Istig‘for aytuvchi muammolaridan qutuladi.
  31. Istig‘for aytuvchi odam gunohlardan forig‘ bo‘ladi.
  32. Istig‘for aytuvchi muvaffaqiyat qozonadi.
  33. Istig‘for tashvishlarni aritadi.
  34. Ko‘p istig‘for aytuvchi odam kasallikdan to‘liq tuzalib ketadi.
  35. Istig‘for aytuvchi odam qiyinchilikdan farovonlikka chiqadi.
  36. Alloh taolo istig‘for aytuvchining mushkullarini oson qiladi.
  37. Yetib bo‘lmas marralarni istig‘for ila zabt etadi.
  38. Istig‘for ila dildagi vasvasalar yo‘qoladi.
  39. Istig‘for bilan qo‘rquvlar ariydi.
  40. Istig‘for bilan dilga quvonch kiradi.
  41. Istig‘for qalbga taskin beradi.
  42. Istig‘for ko‘ngilni xotirjam qiladi.
  43. Istig‘for tinchlik-xotirjamlik olib keladi.
  44. Istig‘for insonni sog‘lom qiladi.
  45. Istig‘for kasalliklarni aritadi.
  46. Istig‘for aytuvchi odam yorug‘ kunlarga erishadi.
  47. Istig‘for bilan inson orzusiga yetadi.
  48. Istig‘for aytuvchining dili yayraydi, ko‘ngli yoziladi.
  49. Istig‘for xursandchilik olib keladi.
  50. Istig‘for qalbni charog‘on, ruhni tetik qiladi.
  51. Istig‘for aytuvchining xotirasi kuchayadi.
  52. Istig‘for yuzni nurli qiladi.
  53. Istig‘for rizq kelishini osonlashtiradi.
  54. Istig‘for aytuvchining duosi qabul bo‘ladi.
  55. Alloh taolo istig‘for aytuvchining og‘irini yengil qiladi.
  56. Ko‘p istig‘for aytgan odam Qiyomat kuni nomai a’molini ko‘rib xursand bo‘ladi.
  57. Olamdan o‘tib ketgan ota-onalar farzandlari aytgan istig‘forlari tufayli jannatda eng yuqori martabalarga ko‘tarilishadi.
  58. Istig‘for odamni tushkunlikdan xalos etadi.
  59. Istig‘for hasrat-nadomatni, pushaymonni ketkazadi.
  60. Istig‘for qalbni tiniqlashtiradi.
  61. Istig‘for aytib yuruvchi odamga Alloh taolo har qanday qiyin vaziyatdan chiqish yo‘lini ko‘rsatadi.
  62. Istig‘for aytib yuruvchi odamning Alloh taolo musibatlarini ko‘taradi.
  63. Istig‘for aytib yurgan bandaning Alloh taolo har qanday qiyinchiliklarini yengillashtiradi.
  64. Istig‘for aytib yuruvchi inson qashshoqlikka yo‘liqmaydi.
  65. Istig‘for aytuvchining ishlari yurishadi.
  66. Istig‘for er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilikni daf etadi.
  67. Istig‘for farzandlarni itoatli qiladi.
  68. Alloh taolo istig‘for aytib yurgan odamga kutmagan tarafidan ne’mat, rizq jo‘natadi.
  69. Istig‘for aytuvchi odamning rizqi ulug‘ bo‘ladi.
  70. Istig‘for aytuvchi odamning kasb-koriga Alloh taolo xayr-baraka beradi.
  71. Kim mo‘minlar haqqiga istig‘for aytsa, Alloh unga har bir mo‘min muqobilida bittadan hasanot yozib qo‘yadi.
  72. Istig‘for aytilgan xonadonga ilohiy fayzu xayr-baraka kiradi.

 

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalom tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

Ibrohimjon domla Inomov

 

Maqolalar