Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Noyabr, 2025   |   29 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:54
Quyosh
07:17
Peshin
12:14
Asr
15:19
Shom
17:04
Xufton
18:20
Bismillah
20 Noyabr, 2025, 29 Jumadul avval, 1447
Maqolalar

Erishish imkonsiz narsani orzu qilsa bo‘ladimi?

29.10.2024   8262   2 min.
Erishish imkonsiz narsani orzu qilsa bo‘ladimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ilk vahiy kelgan vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘rqib ketganlari bois onamiz Xadicha raziyallohu anho amakisi Varaqa ibn Navfal oldiga borib, vaziyatni tushuntiradilar. Ancha yoshga kirib qolgan Varaqa: “Senga qavming dushmanlik qilib, yurtingdan chiqargan vaqtda, qaniydi men ham bo‘lsam edi, senga yordam bergan bo‘lardim!”, deydi – Imom Buxoriy rivoyati.

Ibn Hajar rahmatullohi alayh aytadi: “Agar unda yaxshilik bo‘lsa, imkonsiz narsani xohlash, orzu qilish mumkinligiga bu hadis dalildir. Varaqa yana yosh yigit bo‘lishni xohladi, lekin bu imkonsiz narsa, ya’ni inson umri davomida bir marta yoshlik davrida yashaydi” –  “Fathul Boriy”, 1/26.

Ma’lumki, insonda istaklar mavjud. Ba’zan vaqt, umr kabi ortga qaytmaydigan jihatlarni orzu qiladi. Bolalikka qaytgisi yoki boshqa hududlarga ketgisi keladi. Mana shunday vaziyatlarda niyat qilayotgan narsasi yaxshilik, xayrli bo‘lsa, uni orzu va niyat qilsa bo‘ladi. Ko‘pgina odamlar payg‘ambarlar, sahobalar davrida bo‘lib qolsam, falon-falon xayrli ishlarni qilar edim, deb o‘y suradi. Voqelikda ularning davriga qaytishning iloji yo‘q, lekin shunday bo‘lsa-da, Varaqa ibn Navfal kabi xayrli niyat qilsa, buning yomon tomoni yo‘q.

Varaqa ibn Navfal Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sahoba hisoblanmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Varaqani yomonlamanglar! Zero, tushimda uning uchun tayyorlab qo‘yilgan bir yoki ikki jannatni ko‘rdim”, deganlar – Imom Bazzor va Hokim rivoyatlari. Hokim bu hadisni imom Buxoriy va Muslimlar shartiga ko‘ra sahih, degan. Manbalardan ma’lumki, payg‘ambarlarning tushlari ham vahiy o‘rnidadir.

Yuqoridagi fikrlarga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, inson yaxshi niyati evaziga Allohdan savob, mukofot oladi.

Abu Kabsha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “… Bir bandaga Alloh boylik va ilm beradi. U Rabbiga taqvo qiladi, silai rahm qiladi va unda Allohning haqqini biladi. Bu eng afzal darajadir. Yana bir bandaga Alloh ilm beradi, ammo boylik bermaydi. Shunga qaramay uning niyati to‘g‘ri, agar Alloh menga ham boylik berganida falonchining amalini qilgan bo‘lardim, deydi. U niyatiga yarasha ajr oladi va u ikkisining savobi bir xil” – Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati.

Hadisdan ko‘rinib turibdiki, banda moddiy-jismoniy imkoni bo‘lmay turib, biror xayrli ishni qilishni istab niyat qilsa, evaziga o‘sha ishni qilgandek savob oladi.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

G‘azablanganda bajariladigan sunnatlar

19.11.2025   2775   1 min.
G‘azablanganda bajariladigan sunnatlar

1. Allohdan shayton yomonligidan panoh so‘rash.

Sulaymon ibn Surad roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirgan edim, ikki kishi so‘kisha ketdi. Ulardan birining yuzi qizarib, bo‘ynidagi ko‘k tomirlari bo‘rtib chiqdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men bir kalimani bilaman, agar o‘shani aytsa, undan bu holat ketadi. Agar u “A’uzu billahi minash shaytonir rojiym” desa, undan mana bu holat ketadi”, dedilar» (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

2. Ushbu duoni o‘qish.

Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurimga kirdilar. Jahlim chiqib turgan edi. “Ey Uvaysh (Oisha ismining qisqartmasi)

“Allohummag‘firliy zanbiy va azhib g‘oyza qalbiy va ajirniy minash shaytoni”

“Allohim, gunohlarimni kechirib, qalbim g‘azabini ketkaz va shaytondan saqlagin” deb ayt” dedilar» (Imom Ibn Sunniy rivoyati).


3. Tahorat olish.

Atiyya ibn Urva Sa’diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta g‘azab shaytondandir. Shayton o‘tdan xalq qilingan. Ut esa suv bilan o‘chiriladi. Agar sizlardan biringiz g‘azablansa, tahorat qilsin”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD